Kontent qismiga oʻtish

Kitsimonlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Bukri kit

Kitsimonlar (Cetacea) – suvda yashaydigan sut emizuvchilar turkumi, 100 ga yaqin turi bor. Uzoq Sharq va Shimoliy dengizlarda 6 oilasiga mansub 21 turi uchraydi. Boʻyi 1,2 m dan (dengiz choʻchqasi) 33 m gacha (koʻk kit). Kitsimonlar turkumiga moʻylovli kitlar, delfinlar, kashalotlar kiradi. Tuzilishi va hayoti suv muhitiga moslashgan. Orqa oyogʻi boʻlmaydi, oldingisi boshqaruv vazifasini bajaradigan kurakka aylangan. Terisi yalangʻoch, shilimshiq modda bilan qoplangan. Dum soʻzgichlari ikki boʻlakdan iborat. Kitsimonlar nafas olish uchun suv betiga suzib chiqib, oʻpkasini havo bilan toʻldirib oladi. Boshi ustiga oʻrnashgan tashqi burun teshiklarida ochilib yopilib turadigan qopqoqlar bor. Burun teshigidan suv aralash havo favvora boʻlib otilib turadi. Boʻgʻozlik davri bir yil. Ogʻirligi 1–3 tonna keluvchi 1 ta bola tugʻadi. Bolasi 4–8 oy onasini emadi. 3 yoshida voyaga yetadi. Kitsimonlar 200 metrgacha chuqurlikka shoʻngʻiydi. Mollyuskalar, qisqichbaqalar va boshqa umurtqasiz hayvonlar, baliqlar bilan oziqlanadi. Suv ostida bir soat va undan ortiq tura oladi. Kitsimonlar tishsiz (moʻylovli) va tishli kitlar kenja turkumiga boʻlinadi. Kaspiy va Orol dengizidan tashqari barcha dengiz va okeanlarda, tropikdagi yirik daryolarda uchraydi. Kitsimonlarning iqtisodiy ahamiyati katta. Yogʻidan glitserin, margarin va sovun tayyorlashda foydalaniladi; goʻshtidan konserva tayyorlanadi; suyagidan talqon qilinadi, jigarida vitamin A koʻp boʻladi. Koʻpchilik turlarining soni keskin kamayib ketganligi sababli ovlash man etilgan. 18 turi va 1 kenja turi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan[1].

Kitlar juda xilma-xil boʻladi. Olimlar ularni tishli kitlar va mo'ylovli kitlar guruhiga boʻlishgan. Tishli kitlarning eng yirigi kashalotdir[2]. Uzunligi 15-20 metr keladigan bu kit kalmar[sayt ishlamaydi]larni juda yaxshi koʻrib yeydi. Ularning ortidan quvib, suv ostiga bir kilometrgacha tushishi va suv yuziga chiqmay bir, xatto ikki soatgacha yurishi mumkin – kashalotning oʻpkasi shunchalik katta boʻladi. Bundan tashqari, uning oʻng tomonidagi burun teshigi berkilib, havo gʻamlab turuvchi katta xaltachaga aylangan.

Shimoliy dengizlarda beluxa va narval deb ataluvchi tishli kitlar juda koʻp uchraydi. Qirgʻoq yaqinida beluxalar toʻdasi paydo boʻlganda hech qanday tovushga qiyoslab boʻlmaydigan oʻkirishlari eshitilib turadi. Narvalning tishlari yaxshi rivojlanmagan, lekin ulardan bittasi uzun shoxdek oldinga chiqib turadi. Beluxa va narvallarning delfinga oʻxshash joyi kop, ularning hammasi baliqlar bialn ovqatlanadi[3].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „kashalot“. wikipedia. Qaraldi: 9-noyabr 2022-yil.
  3. „"U kim bu nima" bolalar ensiklopediyasi“. ziyo.uz. Qaraldi: 9-noyabr 2022-yil.