Gonkong

Xitoy tarkibidagi maxsus maʼmuriy rayon
(Hong Kongdan yoʻnaltirildi)
„Syangan“ soʻrovi bu yerga yoʻnaltiriladi, Syangan soʻzining boshqa maʼnolari uchun bu yerga qarang: Syangan (maʼnolari)

Gonkong (xitoycha: 香港) — Xitoy tarkibidagi maxsus maʼmuriy rayon. Mamlakatning janubi-sharqiy qismida, Janubiy Xitoy dengizi sohilida joylashgan. Syangan oroli, Szyulun yarim oroli, shuningdek, yaqin atrofidagi 235 ta orolni oʻz ichiga oladi. Maydoni — 2 754 km2[1], shundan quruqlik qismi — 1 114 km2, qolgan qismi dengiz akvatoriyasi. Maʼmuriy markazi — Syangan shahri. Aholisi 7 413 070 kishi (2013)[2]. Asosan, xitoylar (98%), shuningdek, tibet-myanmalar, hindlar, inglizlar va portugallar ham yashaydi. Aholi buddizm, daosizm, konfutsiylik, islom, hinduizm, xristian dinlariga eʼtiqod qiladi. Rasmiy tili — xitoy va ingliz tili.

Gonkong bayrogʻi
Viktoriya-Pik

Gonkong qirgʻoqlari qoʻltiqlar bilan parchalangan. Sohil yaqinida mayda qoyali orol koʻp. Yer yuzasi togʻli, eng baland joyi 939 m. Iqlimi subtropik, mussonli iqlim, yanvarning oʻrtacha temperaturasi 15–16 °C, iyulniki 25–27 °C. Yillik yogʻin 2000 mm gacha. Doim yashil tropik oʻrmonlar bor.

Gonkong Xitoy bilan „bir davlat — ikki tuzum“ tamoyiliga asoslanadi. Bu tamoyilning mazmuni Xitoyning ichki rayonlarida sotsialistik tuzum ustuvor boʻlsa-da, Gonkongda kapitalistik sistema va hayot tarzi saqlanib qolgan. Gonkongning oʻz boshqaruv organlari boʻlib, ular tashki siyosiy faoliyat va mudofaadan tashqari barcha sohalarni mustaqil ravishda boshqaradilar. Gonkongda siyosiy demokratiyaga amal qilinadi. Gonkongning boshqaruv organlari — maʼmuriyat boshligʻi, hukumatdan iborat. Shuningdek, Maʼmuriy majlis, Qonun chiqaruvchi majlis va Sud faoliyat koʻrsatadi. Maʼmuriy boʻlinmalardan tashqari siyosiy, moliyaviy va xuquqiy departamentlar ham mavjud. Maʼmuriyat boshligʻi mahalliy aholi orasidan saylov yoki konsultatsiya yoʻli bilan 5 yilga saylanadi. Pul birligi erkin konvertatsiya qilinadigan — Gonkong dollari.

Gonkongning hozirgi hududi mil. av. III asr oxirlaridan Xitoy davlati tarkibida boʻlib kelgan. 1840–1842-yillardagi Angliya-Xitoy urushi davrida Syangan oroli inglizlar tomonidan bosib olingan. 1842-yilgi Nankin bitimiga asosan Buyuk Britaniyaning „abadiy mulki“ga aylangan. 1856–1860-yillardagi Angliya-Fransiya-Xitoy urushi natijasida Szyulun yarim orolining janubiy qismi ham Angliya mulkiga qoʻshildi. 1898-yil iyunda Pekinda imzolangan konvensiyaga koʻra, Angliya Szyulun yarim orolining yana bir qismi va yondosh orollar (Yangi hudud) ni 99 yil muddat bilan ijaraga oldi. Ikkinchi jahon urushi vaqtida hududni yaponlar bosib oldi. 1945-yil 30-avgustdan yana inglizlar qoʻl ostiga oʻtdi. XXR tashkil topgach (1949), Pekin hukumati Gonkongning mustamlaka maqomini tan olmay, uni Xitoydan „tortib olingan“ hudud deb qaradi. 1982-yildan Gonkong masalasi boʻyicha Xitoy va Buyuk Britaniya hukumatlari oʻrtasida muzokaralar boshlandi va 1984-yil 19-dekabrda Xitoy va Buyuk Britaniya tomonidan qoʻshma deklaratsiya imzolandi, unga koʻra 1997-yil 1-iyuddan Gonkong Xitoy yurisdiksiyasi ostiga oʻtdi. Shunday qilib, Xitoy Gonkong ustidan suverenitet oʻrnatdi va Gonkong mamlakatning maxsus maʼmuriy rayoni deb atala boshladi.

Gonkong xoʻjaligi uning „savdo faktoriyasi“ roli taʼsirida shakllangan. Bunga sabab uning chuqur suvli bandargohlarga boyligi va umuman tabiiy resurslarning yoʻqligidir. Sanoati chetdan keltiriladigan xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar asosida ishlaydi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlarning 4/5 qismidan ortigʻi eksport uchun moʻljallangan. Yalpi ichki mahsulotning (YIM) asosiy qismi ulgurji va chakana savdo, eksport-import operatsiyalari, transport, aloqa, moliya va sugʻurta, koʻchmas mulk operatsiyalari, ijtimoiy va kommunal xizmat koʻrsatish sohalarida ishlab chiqariladi. Iqtisodiy faol aholining 63% ham shu sohalarda band. Qayta ishlash va qurilish sohasida 28% iqtisodiy faol aholi band boʻlib, YIMning 23% ishlab chiqariladi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari — toʻqimachilik va tikuvchilik. Xorijiy investitsiyalarning asosiy qismi ham ana shu tarmoqlarga sarflanadi. Shuningdek, soat, plastmassa buyumlar (asosan, oʻyinchoqlar) ishlab chiqariladi. Elektronika va elektrotexnika, poligrafiya sanoatlari rivojlanmoqda. Qishloq xoʻjaligida turli sabzavot ekinlari ekiladi. Eksport uchun gulchilik rivojlangan. Baliq ovlanadi. Gonkong porti jahonda eng yirik portlardan, bajariladigan operatsiyalar turi boʻyicha Singapurdan keyingi oʻrinni egallaydi. Chetdan xalq isteʼmoli buyumlari, jihozlar, mashina va mexanizmlar, elektrotexnika tovarlari keltiriladi. Eksportga kiyim-kechak (33%, dunyoda 2-oʻrinda), zargarlik buyumlari va oʻyinchoqlar (11%, dunyoda 3-oʻrinda), elektrotexnika va optika tovarlari, soatlar, orgtexnika va hokazo chiqariladi. Turizm rivojlangan, yiliga 6 million sayyoh kelib ketadi. Gonkongda 8 ta oliy oʻquv yurti bor.

Gonkong — yirik xalqaro moliyaviy markaz. Dunyodagi 100 ta eng yetakchi banklarning 83 tasi bu yerda oʻz operatsiyalarini bajaradi. Gonkong valyuta bozorida oʻtkaziladigan operatsiyalar hajmi boʻyicha Osiyoda Singapur va Tokiodan keyin 3-oʻrinda. Gonkong Jahon savdo tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarga aʼzo.

Manbalar

tahrir
  1. „Survey and Mapping Office – Circulars and Publications“. Survey and Mapping Office. 2023-yil 31-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 20-oktyabr.
  2. „Key statistics of the 2021 and 2011 Population Census“. census2021.gov.hk. 2022-yil 13-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-mart.

Adabiyotlar

tahrir

Havolalar

tahrir