Suriyada sunniylar qudratga kelarkan, nega ko‘pchilik qo‘rquvga tushmoqda?

asad

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Bashar al-Asad hokimiyatni egallashidan 24 yil o‘tib ag‘darildi.
  • Author, Yogita Limaye
  • Role, BBC News

Damashqning g‘arbiy qismidagi asosan ishchilar yashovchi Mezzeh 86 mahallasiga kirayotganimizda, Hay’at Tahrir ash-Shom (HTSh) jangchilari nazorat qilayotgan postdan o‘tkazishdi.

Binolar eskirgan va ta’mirtalab ahvolda.

Bu hududda Bashar al-Asadning alaviy mazhabiga mansub odamlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Alaviylar shialikning bir tarmog‘i bo‘lib, Suriyadagi eng yirik diniy ozchiliklar qatoriga kiradi.

Alaviylar Asad oilasi hukmronligining 50 yili davomida asosan sunniy musulmonlardan iborat mamlakatda hokimiyatni nazorat qilib, hukumat, harbiy va maxfiy xizmatlarning yuqori lavozimlarini egallab kelishgan.

Hozirda, ushbu jamoaning ko‘pchiligi bir paytlar Suriyada "Al-Qoida"ga aloqador bo‘lgan sunniy islomiy guruh HTSh boshchiligidagi isyonchilar Asad rejimini ag‘darganidan so‘ng, o‘ch olishlaridan xavotirda.

Aloqador mavzular:

Biz telefon orqali bog‘langan o‘nlab alaviylar biz bilan suhbatlashishdan bosh tortishdi, ko‘pchiligi qo‘rqqanini aytdi.

Mezzeh 86 da nazorat punktida HTSh jangchilari borligi tashvishli bo‘lib ko‘rinmadi.

Ko‘plab alaviylar biz bilan suhbatlashgani kelishdi – ular Asad rejimiga aloqalari yo‘qligini ko‘rsatishga intilishardi.

"Asad rejimi davrida alaviylar haqidagi noto‘g‘ri tasavvur shunday ediki, go‘yo ular barcha ish imkoniyatlariga ega va boy-badavlat. Aslida esa alaviylarning aksariyati kambag‘al, ming kishidan birginasi boy bo‘lishi mumkin edi," deydi 26 yoshli farmatsevtika talabasi Muhammad Shohin.

"HTSh qirg‘oq yaqinidagi alaviy qishloqlariga borganida ham, barcha qishloqlar kambag‘al ekanini ko‘rdi. Faqatgina Asad oilasi boylik to‘plagan," deya qo‘shimcha qiladi u, mamlakat g‘arbidagi alaviylar yashaydigan hududga ishora qilib.

damashq

Surat manbasi, Aamir Peerzada

Surat tagso‘zi, Damashqda Assadning alaviylar qavmi a’zolari endilikda qasos olinishdan qo‘rqib yashamoqda.

Do‘kondor Hasan Dovud suhbatga qo‘shildi: "Biz uning qullari edik – haydovchilar, oshpazlar va farroshlar."

Bundan tashqari, xiyonat qilinganlik haqida his ham bor.

"Bashar sotqin edi. U qo‘rqoqlarcha qochdi. Hech bo‘lmaganda odamlarga murojaat qilib, nima bo‘layotganini tushuntirishi kerak edi. U bir og‘iz so‘z aytmay jo‘nab qoldi, bu esa vaziyatni chigallashtirib yubordi," deydi Muhammad.

Ammo alaviylar jamoasi, shu jumladan, bu mahalladan chiqqan odamlar ham Asadning shafqatsiz xavfsizlik kuchlarida xizmat qilgan. Ulardan o‘ch olishlaridan qo‘rqishmayaptimi, deb so‘radik.

"Harbiy xizmatda bo‘lib, yovuz ishlar qilganlar qochib ketishgan. Ularning qaerdaligini hech kim bilmaydi. Ular qasosdan qo‘rqishadi," deydi qurilish ishchisi Tayr Shahin.

"Lekin qo‘li qon bo‘lmaganlar qo‘rqishmayapti, ular shu yerda qolgan."

Mamlakatning ba’zi qismlarida bir nechta qasos qotilliklari haqida xabarlar bor, ammo hozircha ularni HTSh amalga oshirganini ko‘rsatuvchi dalillar yo‘q.

"Hozircha ahvolimiz yaxshi. Biz Hay’at Tahrir ash-Shom bilan muloqot qilyapmiz, ular hurmat bilan munosabatda bo‘lishyapti. Ammo HTShdan bo‘lmasada, o‘zini HTSh a’zosi deb ko‘rsatib, tahdid qilayotganlar ham bor. Ular jamiyatimiz barbod bo‘lishini istashadi va biz ulardan qo‘rqamiz," dedi Muhammad.

Damashqni nazoratga olganidan so‘ng, HTSh va uning ittifoqchilari ag‘darilgan rejimning qiynoqlar va qotilliklarda ishtirok etgan a’zolari javobgarlikka tortilajaklarini aytishdi, ammo bu adolat qanday shaklda bo‘lishi hali noma’lum.

HTSh, shuningdek, diniy va etnik ozchiliklar huquq va erkinliklari himoya qilinishini va’da qildi.

Yosita Limaye
Asad rejimi quladi, bundan juda xursandman. Bu xuddi roʻyobga chiqqan tushga oʻxshaydi. Ammo xavotir ham bor. Men voqelikka toʻgʻri baho berishim kerak.
Yusuf Sabba
Nasroniy advokat, Suriya (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Guruh o‘zining jihodchilik o‘tmishidan voz kechgan. Biroq uning hozirgi islomiy yo‘nalishi bor, ko‘pchilik buning Suriyaning ko‘p millatli jamiyati uchun qanday oqibatlarga olib kelishini so‘ramoqda.

"Asad rejimi quladi, bundan juda xursandman. Bu xuddi ro‘yobga chiqqan tushga o‘xshaydi. Hech kim diktatura sharoitida yashashni istamaydi. Ammo xavotir ham bor. Men voqelikka to‘g‘ri baho berishim kerak," deydi nasroniy advokat Yusuf Sabba.

"HTSh hozir shu yerda va ular islomiy qurolli guruh. Ular aynan shunday. Men ular zamonaviy islomiy qurolli guruh bo‘lishini istayman va buning uchun duo qilaman."

"Men faqat nasroniy sifatidagina emas, balki ko‘plab suriyaliklar, musulmonlar va boshqalar nomidan gapiryapman: biz Suriyaning boshqa Afg‘onistonga aylanishini istamaymiz, yangi Liviyaga aylanishni istamaymiz. Biz shundog‘am ko‘p azob chekkanmiz."

Suriyadagi nasroniylar jamoasi dunyodagi eng qadimgilaridan biri hisoblanadi, mamlakatda ba’zi mashhur muqaddas ziyoratgohlar joylashgan.

2011 yilda Asadga qarshi qo‘zg‘olon boshlanganida, nasroniylar dastlab taraf olishdan o‘zlarini tiyishgan, ammo keyinchalik jamoa a’zolari mojaroning har ikki tomonida ham jang qilishgan.

O‘tgan hafta Xoms arxiepiskopi Jak Murod Bi-bi-siga HTSh bilan allaqachon uchta uchrashuv o‘tkazilganini va ular o‘z fikr-mulohazalari hamda tashvishlarini ochiq-oydin ifoda etganlarini aytdi.

Hozircha shu hol ko‘plab nasroniylar uchun taskin bermoqda.

Eski Damashqning nasroniy mahallasi va shaharning boshqa qismlarida spirtli ichimliklar sotuvchi barlar va restoranlar ochiq. Ko‘plab joylarda Iso mavludi bezaklari ham o‘rnatilgan.

Eski shahardagi bir restoranda shia-musulmon advokat Oday al-Hayot bilan suhbatlashdik.

"Shubhasiz, kutish va xavotir bor. HTSh tomonidan kelayotgan signallar yaxshi, ammo kutib, kuzatishimiz kerak," deydi u.

"Barcha shialarning fikrini bilish imkonsiz, lekin Liviya yoki Iroqqa o‘xshash vaziyat yuzaga kelishidan xavotir bor. Biroq, men Suriya farqli deb o‘ylayman. Suriya jamiyati uzoq vaqtdan beri xilma-xil bo‘lib kelgan."

Yosita Limaye
Agar ekstremistik qonunlarga ega ekstremistik rejim paydo boʻlsa, biz bu maydonda qolib, huquqlarimiz va tenglikni talab qilishga tayyormiz.
Vojiha al-Hajjar
Faol, Suriya (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Biz Damashqdan 110 kilometr janubi-sharqda, qora vulqon tepaliklari orqali Suriyaning aksariyat druz aholisi istiqomat qiladigan Suvayda shahriga yo‘l oldik.

Druzlar e’tiqodi shia islomining yana bir tarmog‘i hisoblanadi, ammo o‘ziga xos xususiyatlar va e’tiqodlarga ega.

Ko‘plab druzlar Asad rejimiga sodiq bo‘lib, u ozchilikni himoya qilishiga ishonishgan.

Biroq urush davrida muxolifat barqaror o‘sib bordi va so‘nggi yillarda tez-tez norozilik namoyishlari bo‘lib turdi.

Oxirgisi Suvaydaning markaziy maydonida 2023 yil avgustida boshlanib, rejim ag‘darilgunga qadar davom etdi.

Faol Vojiha al-Hajjarning fikricha, namoyishlar Suriyadagi boshqalar kabi shafqatsizlarcha bostirilmagan, chunki Asad dunyo va xorijiy ittifoqchilariga ozchilikni himoya qilayotganini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.

"Ular bizning noroziligimizni boshqacha usulda bostirishga urinishdi – qurol yoki o‘q otish orqali emas, balki bizni pasportlar, fuqarolik huquqlari va rasmiy hujjatlardan mahrum qilish orqali. Suvaydani tark etish qiyinlashdi va qandaydir qamal o‘rnatildi," dedi u.

Har kuni yuzlab odamlar maydonda to‘planadi. Tashrif buyurganimizda bayramona kayfiyat hukm surardi. Karnaylardan qo‘shiqlar yangrar, yosh qiz va o‘g‘il bolalar gimnastika mashqlari bilan shug‘ullanar, ularning oila a’zolari qarsak chalib, olqishlashardi.

"Biz rejim qulaganini nishonlayapmiz, lekin bu yig‘ilish kuch-qudrat namoyishi hamdir. Agar ekstremistik qonunlarga ega ekstremistik rejim paydo bo‘lsa, biz bu maydonda qolib, huquqlarimizni va tenglikni talab qilishga tayyormiz," dedi Vojiha.

Suvayda Asad davrida kvazi-mustaqil maqomga ega edi va druzlar buni saqlab qolishni istashadi.

Bu Suriya jamiyatining xilma-xilligi va murakkabligining, shuningdek, mamlakatning yangi hukumati oldida turgan muammolarning bir namunasidir.