"Salbiy tomoni yo‘q edi" – Islom Karimov davrini qanday eslaysiz? OAV so‘rovnomasi
O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov hayot bo‘lganda, 87 yoshni qarshilagan bo‘lar edi. Uning vafotidan beri 8 yildan ko‘p muddat o‘tdi. Nufuzli Gazeta.uz nashri o‘zbekistonliklardan Karimov davrini qanday xotirlashini so‘rab ko‘rgan.
Mamlakatni amalda 1989 yildan to o‘limiga – 2016 yilga qadar boshqargan Islom Karimov 30 yanvarь kuni dunyoga kelgan.
Xalqaro maydonda uning qariyb 30 yillik boshqaruv davri avtoritarizm, keng miqyosli inson huquqlari cheklovi, matbuot ustidan markazlashgan nazorat va siyosiy muxolifatning bostirilishi bilan eslanadi.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari, ko‘plab siyosiy tahlilchilar va ayrim davlatlar Karimovni diktator o‘laroq tavsiflab keladi.
O‘zbekistonning ikkinchi ma’muriyati Karimovning siyosiy merosidan masofa saqlashga harakat qilsada, mamlakatning birinchi prezidenti xotirasi e’zozdaligicha qolgan.
Karimov nomini bevosita tilga olmasdan turib, mamlakatda avj olgan korruptsiya, iqtisodiy turg‘unlik, byurokratiyada eski tuzumni ayblab, u davrni bir necha bor "qora kunlar"ga mengzagan Shavkat Mirziyoyev har yili 30 yanvarь kuni o‘limidan so‘ng poytaxt Toshkentda qad rostlagan Karimov haykalini tavof etishni kanda qilmaydi.
Aniq siyosiy qaror olinmagani sabab Islom Karimov davri mamlakat tarixining yetarli va haqqoniy siyosiy baho berilmagan qismi hisoblanadi.
O‘zbekistondagi yetakchi nashrlardan bo‘lmish Gazeta.uz ana shunday noaniq siyosiy muhit manzarasida poytaxt ko‘chalarida odamlardan Karimov davriga baho berishini so‘ragan.
"Ijobiy jihati ko‘p"
Gazeta.uz muxbirining "Islom Karimov davrining qaysi ijobiy tomonlarini eslaysiz?" degan savoliga nisbatan so‘rovnoma ishtirokchilarining ko‘pchiligi birinchi prezidentni "mustaqillik olib kelgan shaxs" sifatida ko‘rishini bildirgan.
"Asosiysi bizga mustaqillik berib ketdi. Bo‘ldi", degan ishtirokchilardan biri.
"U davrda ishsizlik kamroq edi. Hozir ishsizlik ko‘payib ketgan. Lekin hozir ham hammasi joyida", degan yana bir ishtirokchi.
Respondentlardan biri esa Karimovni iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri qarorlarni qabul qilgan rahbar o‘laroq ko‘rishini bildirgan.
"[undan] dunyo bozor tamoyillariga o‘tishda shoshilmaslik tajribasini o‘rgansak yaxshiroq bo‘lardida bugungi kunda".
Umuman olganda, so‘rovnoma ishtirokchilari marhum prezident davrining aniq bir ijobiy tomonlarini ilgari surmagan, "hammasi yaxshi edi" qabilidagi umumlashtirilgan javoblar bilan cheklangan.
Shuningdek, u davrni "eslay olmasligi"ni aytganlar ham bo‘lgan.
Gazeta.uz muxbiri so‘rovnoma ishtirokchilaridan Karimov davrining salbiy tomonlarini ham sanab berishni so‘ragan.
Bu savolga ham respondentlarning asosiy qismi "salbiy jihat yo‘q edi" qabilidagi umumiy javoblar qaytargan, ayrim ishtirokchilar esa oyliklar, haq-huquq masalasi, xalqaro munosabatlar kabi sohalardagi muammolarni tilga olgan.
"Bizga oylik bermagan. Uch oylab oylik ololmagan. Viloyatda domda yashar edik – svet yo‘q, gaz yo‘q edi o‘sha paytda".
Boshqa bir ishtirokchi esa Islom Karimov davridagi yalpi nazoratni esga olgan.
"Maktabda ishlaganimda, faqat tekshiruv kelardi. Hammayoq qamoqxona edi. Ko‘chalarda blokpostlar [o‘rnatilgan] edi. 25 yil ekstremizm-terrorizm deb xalqning miyasini qotirgan", degan u.