Suriyalik mujohiddan isyonchi siyosatchiga qadar: Jo‘loniy kim?(Video)
- Author, Mina al-Lamiy
- Role, BBC Monitoring ning jihodiy media tahlilchisi
Suriya isyonchilari yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘loniy o‘zining jihodchilik o‘tmishi bilan bog‘liq taxallusidan kechib, prezident Bashar al-Asad hukumatining qulashidan oldin 5 dekabr kunidan boshlab rasmiy xabarnomalarida o‘z ismini Ahmad ash-Sharaa deb ko‘rsatmoqda.
Bu qadam Jo‘loniyning yangi vaziyatda o‘z mavqeini mustahkamlash sa’y-harakatlarining bir qismidir. Uning Islomchi jangari guruhi "Hay’at Tahrir ash-Shom" (HTSh) boshqa isyonchi guruhlar bilan birgalikda Suriya poytaxti Damashqni qo‘lga kiritganini e’lon qilib, mamlakatning katta qismi ustidan nazorat o‘rnatganini ma’lum qilmoqda.
Jo‘loniyning o‘zgarishi birdan sodir bo‘lgani yo‘q, balki yillar davomida ehtiyotkorlik bilan shakllantirildi. Bu nafaqat uning ommaviy bayonotlari va xalqaro ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularida, balki uning tashqi ko‘rinishining o‘zgarishida ham namoyon bo‘lmoqda.
Bir paytlar an’anaviy jihodchi jangari qiyofasida yurgan Jo‘loniy so‘nggi yillarda ko‘proq g‘arbcha kiyinishni afzal ko‘rayapti. Hozir u hujumga boshchilik qilar ekan, harbiycha kiyingan, bu esa uning operatsiyalar markazining qo‘mondoni sifatidagi rolini ifodalaydi.
Ammo Jo‘loniy yoki Ahmad ash-Sharaa kim, u nima uchun va qanday o‘zgardi?
IShID-Iroq bilan bog‘liqlik
2021 yilda PBS telekanalida Jo‘loniy bilan o‘tkazilgan suhbatda uning 1982 yilda Saudiya Arabistonida tug‘ilganligi, otasi 1989 yilgacha u yerda neftь muhandisi bo‘lib ishlagani ma’lum bo‘ldi.
O‘sha yili Jo‘loniy oilasi Suriyaga qaytib kelgan va Damashqning Mezzeh mavzesida o‘sib-ulg‘aygan.
Jo‘loniyning jihodchi sifatidagi yo‘li Iroqda, "Islomiy davlat" (ID) guruhining o‘tmishdoshi – "Al-Qoida"ning Iroqdagi sho‘’basi va keyinchalik Iroq Islom Davlati (IID) orqali "Al-Qoida" bilan bog‘liq holda boshlangan.
2003 yildagi AQSh boshchiligidagi bosqindan so‘ng u Iroqdagi boshqa chet ellik jangarilar safiga qo‘shildi va 2005 yilda Kamp Bukka qamoqxonasiga qamalgan. U yerda jihodchilik aloqalarini kengaytirdi va keyinchalik IDga yetkchilik qilgan Abu Bakr al-Bag‘dodiy bilan tanishtirildi.
2011 yilda Bag‘dodiy Jo‘loniyni An-Nusra frontini tashkil etish uchun mablag‘ bilan Suriyaga yubordi. 2012 yilga kelib, Nusra ID va "Al-Qoida" bilan aloqalarini yashirgan holda Suriyaning nufuzli jangovar kuchiga aylandi.
2013 yilda Bag‘dodiyning Iroqdagi guruhi bir tomonlama ikki guruh (IID va Nusra)ning birlashganini e’lon qilib, Iroq va Shom Islom Davlati (IShID) tuzilganini ma’lum qildi va ular o‘rtasidagi aloqalarni birinchi marta oshkora e’tirof etdi. Shunda keskinlik yuzaga keldi.
Jo‘loniy bunga qarshilik ko‘rsatdi, chunki u o‘z guruhini IIDning shafqatsiz uslublaridan uzoqlashtirmoqchi edi. Ana shu bo‘linishga olib keldi.
Bu murakkab vaziyatdan chiqish uchun Jo‘loniy "Al-Qoida"ga sodiqlik va’dasini berdi va "Nusra jabhasi"ni "Al-Qoida"ning Suriyadagi sho‘’basiga aylantirdi.
Boshidanoq u suriyaliklarning qo‘llab-quvvatlashini qozonishga, IShIDning vahshiyliklaridan uzoqlashishga va jihodga nisbatan amaliy yondashuvga urg‘u berdi.
"Al-Qoida"ga qo‘shilish
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
2013 yil aprel oyida "An-Nusra fronti" "Al-Qoida"ning Suriyadagi tarmog‘iga aylandi va bu uni IShID bilan qarama-qarshi qilib qo‘ydi.
Jo‘loniyning bu harakati qisman mahalliy qo‘llab-quvvatlashni saqlab qolish va suriyaliklar hamda isyonchi guruhlarni begonalashtirmaslik uchun qilingan bo‘lsa-da, "Al-Qoida"ga aloqadorlik oxir-oqibat bu intilishlarga hech qanday foyda keltirmadi.
Bu holat 2015 yili "Nusra" va boshqa guruhlar Idlib viloyatini egallab olgach, ularni uning boshqaruvida hamkorlik qilishga majbur qilganda o‘tkir muammoga aylandi.
2016 yilda Jo‘loniy "Al-Qoida" bilan aloqalarini uzdi va guruhni avval Jabhat Fatah ash-Shom, keyinroq 2017 yilda Hay’at Tahrir al-Shom (HTSh) deb qayta nomladi.
Dastlab yuzaki ko‘ringan bo‘lsa-da, bu ajralish chuqur kelishmovchiliklarni yuzaga chiqardi. "Al-Qoida" Jo‘loniyni xoinlikda aybladi, bu esa safdan chiqishlarga va Suriyada "Al-Qoida"ning yangi tarmog‘i Hurras ad-Dinning shakllanishiga olib keldi. HTSh 2020 yilda uni tor-mor qilishiga qaramay, Hurras ad-Din a’zolari mintaqada ehtiyotkorlik bilan harakatni davom ettirmoqda.
HTSh, shuningdek, Idlibdagi IShID a’zolari va chet ellik jangarilarni nishonga oldi, ularning tarmoqlarini buzib tashladi va ba’zilarini "deradikalizatsiya" dasturlaridan o‘tishga majbur qildi.
Jangari kuchlarni birlashtirish va ichki to‘qnashuvlarni kamaytirish harakatlari sifatida izohlanayotgan bu qadamlar Jo‘loniyning HTShni Suriyada hukmron va siyosiy jihatdan hayotiy kuchga aylantirish strategiyasidan dalolat beradi.
Jamoatchilik oldida "Al-Qoida"dan ajralib chiqishi va nom o‘zgarishlariga qaramay, BMT, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar HTShga terrorchi tashkilot sifatida qarashda davom etdi. AQSh Jo‘loniyning qaerdaligi haqidagi ma’lumot uchun 10 million dollar miqdoridagi mukofotni saqlab qoldi. G‘arb davlatlari bu ajralishni soxta deb hisobladi.
Idlibda "hukumat" tuzish
Jo‘loniy rahbarligida HTSh Suriyaning shimoli-g‘arbidagi isyonchilarning eng yirik qal’asi va to‘rt millionga yaqin aholi, jumladan, Suriyaning boshqa hududlaridan ko‘chib kelganlar yashaydigan Idlibda hukmron kuchga aylandi.
Hududni jangari guruh boshqarayotgani haqidagi xavotirlarni bartaraf etish maqsadida HTSh 2017 yilda o‘zining siyosiy va ma’muriy qanoti sifatida "Suriya qutqarish hukumati" (SQ) deb nomlangan fuqarolik tuzilmasini tashkil etdi.
SQ davlat kabi faoliyat yuritib, bosh vazir, vazirliklar va mahalliy idoralar ta’lim, sog‘liqni saqlash va qayta qurish kabi sohalarni nazorat qilgan, shu bilan birga shariat yoki islom huquqiga asoslangan diniy kengashni ham boshqargan.
O‘z qiyofasini o‘zgartirish uchun Jo‘loniy aholi bilan faol muloqot olib bordi, ko‘chirilganlar lagerlariga bordi, tadbirlarda qatnashdi va yordam harakatlarini nazorat qildi, ayniqsa, 2023-yilgi zilzilalar kabi inqirozlar paytida.
HTSh o‘z boshqaruvini qonuniylashtirish va barqarorlik hamda xizmatlarni ta’minlash qobiliyatini namoyish etish uchun boshqaruv va infratuzilma sohasidagi yutuqlarni alohida ta’kidladi.
U avvalroq 2021 yilda hokimiyatga qaytgan Tolibonni maqtagan, ularni jihodiy sa’y-harakatlarni siyosiy intilishlar bilan samarali muvozanatlashtirish, shu jumladan, o‘z maqsadlariga erishish uchun taktik kelishuvlar qilishda ilhom manbai va namuna sifatida e’tirof etgan edi.
Jo‘loniyning Idlibdagi harakatlari uning HTShning nafaqat jihod qilish, balki samarali boshqarish qobiliyatini namoyish etish bo‘yicha kengroq strategiyasini aks ettirardi.
Barqarorlik, davlat xizmatlari va qayta qurishga ustuvorlik berish orqali u Idlibni HTSh boshqaruvi ostidagi muvaffaqiyat namunasi sifatida ko‘rsatishni, shu bilan o‘z guruhining qonuniyligini va o‘zining siyosiy intilishlarini quvvatlashni ko‘zlagan edi.
Ammo uning rahbarligi ostida HTSh o‘z hokimiyatini mustahkamlash va sahnada hukmronlik qilish uchun boshqa jangari guruhlarni, ham jihodchilarni, ham isyonchilarni mag‘lub etdi va chetlatdi.
HTShga qarshi norozilik namoyishlari
27 noyabrdagi HTSh boshchiligidagi isyonchilar hujumiga qadar bir yildan ortiq vaqt davomida Jo‘loniy Idlibda murosasiz islomchilar va suriyalik faollarning norozilik namoyishlariga duch keldi.
Tanqidchilar uning boshqaruvini Asadniki bilan taqqoslab, HTShni avtoritarizmda, norozilikni bostirishda va muxoliflar ovozini o‘chirishda aybladilar. Namoyishchilar HTSh xavfsizlik kuchlarini "Shabbiha" deb atashdi, bu atama Asadning sodiq muxlislarini tasvirlash uchun ishlatiladi.
Ular, shuningdek, HTShni xalqaro kuchlarni tinchlantirish uchun hukumat kuchlariga qarshi jiddiy janglarga kirishmaslikda va Idlibdagi jihodchilar hamda xorijiy jangarilarni chetlashtirishda aybladilar.
Hatto so‘nggi hujum paytida ham faollar HTShdan Idlibda norozilik bildirgan deb qamoqqa olingan shaxslarni ozod qilishni qat’iy talab qilishdi.
Bu tanqidlarga javoban, HTSh o‘tgan yil davomida bir qator islohotlarni boshladi. U inson huquqlarini buzganlikda ayblangan xavfsizlik kuchlarini tarqatib yubordi yoki qayta nomladi va fuqarolarga guruhga qarshi shikoyat qilish imkonini berish uchun "Shikoyatlar bo‘limi"ni tashkil etdi. Uning tanqidchilari bu choralar faqat norozilikni jilovlash maqsadidagi ko‘zbo‘yamachilik deb aytishdi.
HTSh Idlibda hokimiyatni mustahkamlash va jangari guruhlar o‘rtasidagi xilma-xillikni yo‘qotishni oqlash uchun taraqqiyot va oxir-oqibat Suriya hukumatini ag‘darish uchun yagona rahbarlik ostida birlashish zarurligini ta’kidladi.
HTSh va uning fuqarolik qanoti SQ mahalliy aholi va xalqaro hamjamiyatni o‘ziga jalb qilish uchun zamonaviy, mo‘’tadil qiyofa yaratishga intilib, isyonchilar nazorati ostidagi hududlardagi va HTShning o‘z saflaridagi murosasizroqlarni qoniqtirish uchun bir vaqtning o‘zida o‘zlarining islomiy o‘ziga xosligini saqlab qolishga harakat qildilar.
Masalan, 2023 yil dekabr oyida HTSh va SQ zamonaviy yangi savdo markazida o‘tkazilgan "festival"ni murosasiz tarafdorlar "axloqsiz" deb tanqid qilganidan so‘ng norozilikka duch keldi.
Bu yil avgust oyida Paralimpiya o‘yinlaridan ilhomlangan marosim murosasiz tarafdorlar tomonidan keskin tanqidga uchradi va SQni bunday tadbirlarni tashkil etishni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi.
Bu voqealar HTSh o‘z islomiy tarafdorlarining kutilmalarini Asad davrida ko‘p yillik avtoritar boshqaruvdan so‘ng ozodlikni va ahil yashashni istayotgan Suriya aholisining kengroq talablari bilan muvofiqlashtirishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini ko‘rsatadi.
Yangi yo‘l boshida?
So‘nggi hujum davom etar ekan, jahon ommaviy axborot vositalari Jo‘loniyning jihodchi o‘tmishiga e’tibor qaratdilar.
Garchi u avvalroq o‘z guruhini tarqatib yuborib, o‘zi chetga chiqishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, uning so‘nggi harakatlari va ommaviy chiqishlari boshqacha manzarani ko‘rsatmoqda.
HTShning isyonchilarni birlashtirish va ikki haftadan kamroq vaqt ichida deyarli butun mamlakatni egallashdagi muvaffaqiyati murosasizlik va opportunizm ayblovlarini tinchlantirdi va Jo‘loniyning mavqeini mustahkamladi.
Shundan so‘ng Jo‘loniy va SQ mahalliy va xalqaro jamoatchilikni ishontirishga harakat qildi.
Ular suriyaliklarga, jumladan, ozchiliklarga xavfsizlikni va’da qilishdi; qo‘shni davlatlar va Rossiya kabi qudratli davlatlarga esa tinch munosabatlarni va’da qilishdi. Jo‘loniy hatto agar hujumlar to‘xtatilsa, Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalariga zarar yetkazilmasligiga kafolat berdi.
Bu o‘zgarish HTShning 2017 yildan beri qo‘llayotgan "mo‘’tadil jihod" strategiyasini aks ettiradi, bunda qattiq mafkuradan ko‘ra amaliyotga ko‘proq e’tibor qaratiladi.
Jo‘loniyning yondashuvi IShID va "Al-Qoida" kabi global jihod harakatlari inqirozini ko‘rsatishi mumkin, chunki ularning murosasizligi tobora samarasiz bo‘lib ko‘rinmoqda.
Uning harakatlari boshqa guruhlarni ham o‘zgarishga ilhomlantirishi mumkin, bu esa mahalliy, siyosiy moslashuvchan "jihodchilik"ning yangi davrini yoki siyosiy va hududiy yutuqlar uchun an’anaviy yo‘ldan vaqtinchalik chetga chiqishni anglatishi mumkin.