Kontent qismiga oʻtish

Zayd ibn Amr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Zayd ibn Amr
Turmush oʻrtogʻi Fotima bint Baja
Umm Kurz Safiya bint al-Hadramiy
Bolalari Said ibn Zayd
Atiqa binti Zayd
Otasi Amr ibn Nufayl
Dini Tavhid

Zayd ibn Amr ibn Nufayl (605-yilda vafot etgan) – Islomdan avval Makkada yashagan monoteizm vakili.

Zayd ibn Amr Quraysh qabilasining Adiy urugʻidan Amr ibn Nufaylning oʻgʻli[1]. Onasi avval Zaydning bobosi Nufayl ibn Abduluzzoga turmushga chiqqan va bu nikohdan oʻgʻli al-Xattob ibn Nufaylni dunyoga keltirgan. Al-Xattob ibn Nufayl Zaydning ona tomondan oʻgay ukasi va ota tomonidan amakisi edi[2].

Zayd ibn Amr Xuzoa qabilasidan Fotima binti Bajaga uylangan, ularning Said ibn Zayd ismli oʻgʻli boʻlgan[1]. Undan keyin Ummu Kurz Safiya binti al-Hadramiyga uylanib, Atiqa ismli qiz farzandli boʻlishgan[3].

Butlardan voz kechishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Islom tarixchilari Ibn Is’hoq va Ibn Saʼdning yozishicha, Zayd ibn Amr arablarning anʼanaviy ravishda sigʻinib keladigan butlaridan voz kechib[2], oʻzini Allohga bagʻishlagan kishilardan boʻlgan[1].

Zayd yahudiylarning ham, nasroniylarning ham eʼtiqodlari haqida bilish maqsadida Suriyaga yoʻl oladi, lekin har ikki guruhning ham javoblaridan mamnun boʻlmaydi. Al-Xattobning ittifoqchisi Amir ibn Robiyaning aytishicha, Zayd ibn Amr kelajakda paygʻambar kelishiga ishongan[1].

Monoteistik eʼtiqodlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Anʼanaviy Islom manbalarida Zaydning diniy eʼtiqodiga oid uch nuqta qayd etilgan. Zayd butlarga sigʻinmas edi va Quraysh ahlini bu ishi uchun qattiq tanbeh qilardi[2].

Shuningdek, oʻlgan hayvonning goʻshtini yoki but uchun soʻyilgan boshqa narsalarni yemasdi[2]. U Qurayshga: „Qoʻyni Alloh taolo yaratdi, uning uchun osmondan suv tushirdi, yerdan oʻt oʻstirdi. Siz boʻlsangiz qoʻyni Allohdan boshqaga atab soʻyasizlar-a?!“, deb tanbeh berardi[4].

Zayd ibn Amr yosh qizlarning tiriklayin koʻmilishiga qarshi boʻlgan. U tirik holida koʻmilish arafasida turgan goʻdak qizlarni qutqarib, ularni oʻz uyida tarbiyalagan. Qizlar voyaga yetgach, otalariga qizlarini qaytarib olish yoki ularni Zayd hisobidan boqish uchun qoldirishni taklif qilgan[1].

Qurayshning Zaydga munosabati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zayd ibn Amrning rafiqasi Safiya uning Suriyaga sayohatini yoqtirmasdi. Qachonki Zayd safarga tayyorlanayotganini koʻrsa, bu haqida al-Xattobga xabar qilardi va erini dinlarini tark etgani uchun haqorat qilardi. Zayd Xattobning oldida oʻzini oqlab oʻtirmasdi, lekin xotiniga uni kamsitishga uringani uchun tanbeh berardi[2].

Shu sababli al-Xattob Zaydni shu qadar qattiq taʼqib qildiki, Zayd shaharni tark etishga majbur boʻldi. U umrining soʻnggi yillarini Makka atrofidagi togʻ gʻorlarida oʻtkazdi. Keyin al-Xattob Quraysh yigitlariga Zaydning shaharga boshqa kirmasligini taʼminlashni buyurdi. Zayd Makkaga yashirincha kirmoqchi boʻlganida Xattobning odamlari uni shahardan haydab chiqardilar[2][5].

Sayohati va oʻlimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Makkada qolishning iloji yoʻqligini bilgan Zayd Hijozni tark etib, Iroqning shimoliy qismi Mosulgacha, u yerdan janubi-gʻarbiy Suriyaga yoʻl oldi. U butun safarlarida rohiblar va ravvinlardan paygʻambar Ibrohimning dini haqida soʻrar edi. Bir kuni Zayd Suriyada bir rohibni uchratadi, rohib unga u izlayotgan din endi yoʻqligini, lekin Xudo oʻzi qoldirgan qavmidan bir paygʻambar yuboradigan vaqt yaqinlashib qolganini aytadi.

Bu gapni eshitgan Zayd kutilayotgan paygʻambar bilan uchrashish niyatida ortga – Makkaga yoʻl oladi. U Suriyaning janubiy chegarasidagi Laxm hududidan oʻtayotganida bir guruh koʻchmanchi arablar tomonidan hujumga uchraydi va Makkaga yetib ulgurmasdan vafot etadi. Islomiy manbalarida aytilishicha, Zayd ibn Amr soʻnggi bora nafas olishidan oldin koʻzlarini osmonga tikib:

Ey Robbim, agar meni bu yaxshilikka erishishimdan toʻsgan boʻlsang, oʻgʻlimni undan qaytarma“.

Uning oʻgʻli Said ibn Zayd Islomni birinchilardan boʻlib qabul qilganlardan biri va hadisga koʻra jannat vaʼda qilingan oʻn nafar kishilardan edi.

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Muhammad ibn Saad. Kitab al-Tabaqat al-Kabir vol. 3. Translated by Bewley, A. (2013). The Companions of Badr. London: Ta-Ha Publishers.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 Muhammad ibn Ishaq. Sirat Rasul Allah. Translated by Guillaume, A. (1955). The Life of Muhammad. Oxford: Oxford University Press.
  3. Muhammad ibn Saad. Kitab al-Tabaqat al-Kabir. Translated by Bewley, A. (1995). The Women of Madina. London: Ta-Ha Publishers.
  4. Bukhari 5:58:169.
  5. Guillaume, A. (1960). New Light on the Life of Muhammmad, p. 27. Manchester: Manchester University Press.