Kontent qismiga oʻtish

Yoʻqlov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yoʻqlov, joʻqlov, yoʻqlandi — qarindosh-urugʻ, doʻst-tanishlarning maʼlum munosabat bilan hol-ahvol soʻrash, qutlash uchun bir-birinikiga borish odati. Y. kishilarni qadr-oqibatga oʻrgatadigan milliy anʼanadir. Y.ning baʼzi xillari: kelinni yoʻqlash — qiz uzatilgach, 7—8 kun oʻtgandan soʻng uning opa-singil, kelinoyilari maxsus dasturxon tayyorlab, kelinni yoʻqlaydilar. Farzand koʻrgan ayolni Y.da maxsus tayyorlangan dasturxon ustiga kiyimlik, chaqaloqqa kiyim-kechak qoʻyib boriladi. Safardan qaytganni Y.da haj, uzoq savdo safaridan, armiya, oʻqish, kurort yoki sayohatdan qaytib kelgan kishini yoʻklab boriladi. Y.ning turlaridan biri bemorni kasalxonaga yoki uyga borib yoʻqlashdir. Y. bilan borganlar aziz mehmonlar sifatida kutiladi, ziyofat bilan kuzatiladi (bemorni Y. bundan mustasno). Oʻzbekistonning ayrim tumanlarida, asosan, chorvachilik bilan shugʻullanib kelgan koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi aholi oʻrtasida vafot etganlarni eslab yigʻlash (joʻqlov) saqlanib qolgan. Y.da vafot etgan odamning qarindosh-urugʻlari qayerda yashamasin, oʻlim xa-barini eshitgach, jonliq (qoʻy, echki) olib, musibatxonani yoʻklab eshikdan aza toʻrtliklarini aytib, yigʻlab kiradi. Baʼzi joylarda yigit oʻlgan boʻlsa, ot yasatiladi, marhumning kiyimlari ot ustiga qoʻyilib, ayollar uning atrofida yigʻlab, marhumni yoʻklaydilar. Marhumga qilinadigan Y.larning Oʻrta Osiyo iklim sharoitiga moslashtirilganlari ham koʻp. Masalan, laylak kelganda, birinchi qor yoqqanda (qoryogʻdi), oʻrik gullaganda, gullar ochilganda, tut pishigʻida, qovun-uzum pishigʻida va b. vaqtlarda ham marhumni eslab turish odat boʻlgan. Bu odatlarning aksariyati islomgacha boʻlgan eʼtiqodlarning qoldiklaridir.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil