Xemogen yotqiziqlar
Xemogen yotqiziqlar (xemo... va gen) — eritmalardan turli moddalarning kimyoviy yoʻl bilan choʻkishi natijasida hosil boʻladigan va suv havzalari tubida yigʻiladigan choʻkindi togʻ jinslari, minerallar va foydali qazilmalar guruhi. Xemogen yotqiziqlarning tarkibi va hosil boʻlish sharoitlari havza suvi tarkibi va geografik iqlim sharoitiga qarab turlicha boʻlishi mumkin. Xemogen yotqiziqlar hosil boʻladigan havzalar — dengiz, quruklik va oraliqdagi havzalar boʻlishi mumkin. Tropik iklimda joylashgan dengiz havzalarida ohaktosh, gil, silikatli togʻ jinslari va ular bilan birga temir, alyuminiy, marganets va fosforit rudalari; quruq iqlim sharoitidagi havzalarda esa, suv konsentratsiyasi ortib borgan sari, avval karbonatli va sulfatli togʻ jinslari, soʻngra har xil mineral tuzlar; galit (osh tuzi), silvin (yalama tuz), karnallit va ular bilan birga uchraydigan brom, yod, bor, ishqoriy metallar (litiy, rubidiy, seziy) choʻkadi. Quruqlikdagi koʻllarda hosil boʻlgan Xemogen yotqiziqlar shu koʻlga quyiladigan daryolar suvining tarkibiga qarab, sodali, sulfatli va xlorli boʻladi. Oʻzbekistonning jan. dagi quruq iqlim zonasida Xemogen yotqiziqlar paleotsen va, ayniqsa, yuqori yura davri dengiz tipidagi laguna havzalarida hosil boʻlgan. Bu yotqiziqlar karbonat, sulfit tog jinslari, osh tuzi, kaliy tuzlari qatlamlaridan iborat. Quruqlikdagi koʻllarda hozirgi kungacha hosil boʻlayotgan Xemogen yotqiziqlar Qizilqum, Fargʻona vodiysi, Ustyurt va boshqa joylarda koʻp uchraydi. Xemogen yotqiziqlar qazilma boyliklar manbai hisoblanadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |