Oʻquv rejasi
Oʻquv rejasi - oʻquv yurtlarida oʻqitiladigan fan, ularning boʻlimlari, oʻqitilish tartibi hamda har bir fanning yil davomida oʻqitilishi, ularning oʻquv yili va haftasida qancha miqdorda oʻtilishi kerakligini belgilab beradigan rasmiy pedagogik hujjat. Oʻzbekistonda Oʻquv rejasi tegishli vazirliklar tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi. Bir tipdagi oʻquv yurtlari uchun Oʻquv rejasi yagona va majburiydir. Shu bilan birga, har bir oʻquv yurti Oʻquv rejasini belgilangan miqdorda oʻzgartirishi mumkin. Shuningdek, mamlakatdagi tayanch oliy oʻquv yurtlari uchun oʻziga xos Oʻquv rejasiga ega boʻlishga ruxsat etilgan. Oʻquv rejasining umumiy va majburiyligi taʼlim tizimi bosqichlarining uzluksizligini, jamiyatning barcha aʼzolariga ilm olishning bir xil imkoniyatlarini taʼminlaydi.
OʻzRda taʼlim tizimi barkamol shaxsni shakllantirishga qaratilganligi uchun ham Oʻquv rejasida taʼlimning insonparvarlashuviga alohida eʼtibor berilgan. Oʻquv yurtlarining Oʻquv rejasi muayyan qismlardan iborat boʻlib, ularda oʻquv yurti oʻquvchisi, talabasi yoki tinglovchisida shakllantirilishi lozim boʻlgan ilmiy, maʼnaviy, kasbiy sifatlar hamda amaliy koʻnikma va malakalar hisobga olingan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |