Lutfulloh Nasafiy
Lutfulloh Nasafiy Fozil Kaydoniy (vafoti 1349-yil) — fiqhshunos olim.
Hayoti va ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Lutfulloh Nasafiy Nasafda tavallud topgan. Bugungi kungacha yetib kelgan manbalarda uning hayoti va ilmiy merosiga oid maʼlumotlar ko‘p emas. Xususan, biobibliografik manbalarda ham Nasafiy haqida qisqa va bir-birini doim takrorlab kelgan maʼlumotlar keltirilgan. Lutfulloh Nasafiy ilmiy merosi mamlakatimiz va xorijda yetarli darajada o‘rganilmagan. Manbalarda Lutfulloh Nasafiyning vafot etgan yili ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, uning tavallud sanasi uchramaydi. Qo‘lyozmalarda unga „Nasafiy‟ va „Kaydoniy‟ deb nisbat berilishi uning aynan o‘sha hududdan ekaniga ishora qiladi. Lutfulloh Nasafiyning bolalik va o‘smirlik davrini batafsil yorituvchi maʼlumotlar saqlanib qolmagan.
„Fiqhi Kaydoniy‟ asari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Lutfulloh Nasafiyning bizgacha „Fiqhi Kaydoniy‟ nomli yagona asari yetib kelgan. Muallifning asardagi asosiy maqsadlaridan biri, xalq orasidagi mavjud ijtimoiy, madaniy va ruhiy anʼanalarning mo‘g‘ullar davrida ham uzluksiz davom etishini taʼminlashdan iborat bo‘lgan. U o‘z o‘rnida mo‘g‘ullar davrida so‘nib borayotgan fiqh ilmini qayta jonlantira olgan. Zero, o‘sha paytda Movarounnahr hududida Nasafiyning „Fiqhi Kaydoniy‟ asari kabi ibodat masalalarini to‘liq qamrab olgan eʼtiborli asarlar juda kam yozilgan. Asar matnida zikr etilgan masalalar islom manbashunosligining faqat ibodat sohasiga oidligi bilan xarakterli. Unda ibodatga oid masalalarning eng nozik jihatlarigacha kirib borilgan. Muallif keng dunyoqarashi, masalalarni yoritishda hanafiylikka rioya qilishi va ibodatga oid amal turlarini talabaga yodlab oladigan darajada sodda, ravon uslubda mahorat bilan tushuntira olishi kabi mahoratlarini o‘z asarida namoyon eta olgan. „Fiqhi Kaydoniy‟ asari qariyb olti asr, yaʼni o‘tgan asrimizning o‘ttizinchi yillarigacha O‘rta Osiyo madrasalarida o‘qitildi va islom fiqhining asosiy qo‘llanmalaridan biri sifatida eʼtirof etildi. Asarning ko‘plab tarjima, taʼliqa, sharh va hoshiyalari Movarounnahr shaharlariga keng tarqaldi. Bu kabi omillar muallif asarining muhim ahamiyatga ega ekaniga ishora qiladi. Fiqhiy mavzuda yozilgan ushbu asarning yuzlab qo‘lyozma nusxalari jahonning turli qo‘lyozma fondlarida saqlanadi. Asarning o‘zbek tilidagi tarjimasi „Toshkent islom universiteti‟ nashriyot-matbaa birlashmasi bosmaxonasida 2009 va 2010-yillari chop etilgan. Ushbu asarda fiqhiy ilmlar ichidagi eng katta qismni tashkil etgan namoz va uning qoidalariga yo‘naltirilgan mavzularni qamrab olgan. Maʼlumki, Qur’on, hadis hamda tafsir kitoblarida ibodat va unga taalluqli masalalar haqida ko‘p zikr qilingan va bunga alohida eʼtibor qaratilgan. Davr talabidan kelib chiqqan holda, faqat ibodat masalalarini to‘liq qamrab olgan „Fiqhi Kaydoniy‟ kabi katta fiqhiy masalalar to‘plami mustaqil holda ham yaratilgan. „Fiqhi Kaydoniy‟ yozilgan davridan boshlab, to XIX asrning 2-yarmigacha taʼlim tizimida fiqh ilmi, xususan, ibodat masalalari bo‘yicha asosiy qo‘llanmalardan biri bo‘lib kelgan
Lutfulloh Nasafiy asarni yozishda o‘zidan avval yaratilgan ibodatga oid asarlarga tayangan, chunki ibodat masalalari diniy ilmlar ichida eng nozik va mazhab qoidalarini to‘liq talab qiluvchi ilmlar sirasiga kiradi. O‘z o‘rnida bu kabi jihatlar uni yorituvchilar uchun juda katta mas’uliyat yuklaydi. Nasafiy mana shu mas’uliyatni teran anglagan holda, o‘z ishini boshlagan. Bu bilan u aqida, hadis, fiqh va boshqa ilmlardan yetarlicha xabardor ekanini isbotlay olgan. Shu boisdan asar matnini boshqa ibodat masalalari yoritilgan asarlarga taqqoslansa, ularda o‘zaro o‘xshashlik jihatlari kuzatiladi. Maʼlumki, mazhablar yuzaga kelishi bilan fiqhiy istilohlar ham muomalaga kirdi. Jumladan, farz, vojib, sunnat, mandub, mustahab, maqbul, marg‘ub, muboh, harom, makruh, shart, illat, rukn kabi amal turlari mazhablar orasiga yoyilib, ular turli nomlarda qabul qilindi. Har bir fiqhiy atama mazhab asoschilari doirasida muayyan darajada ochib berildi. Shuningdek, rukn va shart, illat va sabab, fosid va botil orasidagi farqlar ham mazhablararo o‘z taʼriflariga ega bo‘ldi. Bu kabi istilohlar mazhabga ko‘ra baʼzi farqli o‘rinlarga ega. Masalan, farz bilan vojib hanafiylarda boshqa-boshqa (farz qatʼiy, vojib zonniy) sanalsa, sunniylikning qolgan mazhablarida vojibni qabul qilmasdan farz bilan kifoya etiladi.
„Fiqhi Kaydoniy‟ asari keltirilgan amallar:
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Farz — shariat istilohida hech qanday shubhasiz, qatʼiy dalil bilan sobit bo‘lgan hukm. Uni bajarish bilan kishi savob topadi, tark etish bilan jazoga loyiq bo‘ladi. Farzning ikki, yaʼni „farzi ayn‟ va „farzi kifoya‟ turlari mavjud.
- Vojib — amal qilish hukmiga ko‘ra, farzga yaqin turadi. Shariat istilohida esa, gumonli dalil bilan qaror topgan hukmga aytiladi. Lug‘atda „lozim‟, „kerak‟, „zarur‟, „shart‟ degan maʼnolarni anglatadi.
- Sunnat — lug‘aviy maʼnosi — „odat, yo‘l, tajriba, qonun va harakat tarzi‟ kabi maʼnolarni, shar’iy istilohda esa, Muhammad (a.s.)ning doimiy qilgan odatlari va aytgan ibratli so‘zlari, hadislar tushuniladi. Ahli sunna val-jamoa mujtahid ulamolari sunnatni dalil sifatida qabul etib, uni Qur’ondan keyin turuvchi dalil deb ittifoq qilganlar. Hadisning sahih, hasan, mashhur, mutavotir va zaif kabi turlari mavjud.
- Mustahab — „yaxshi ko‘rmoq, yoqtirmoq‟ maʼnolarida bo‘lib, shariat istilohida Payg‘ambar (a.s.)ning baʼzan qilib, baʼzida tark etgan amallaridir. Uni bajarish bilan kishi savobga ega bo‘ladi, tark qilsa gunohkor bo‘lmaydi.
- Muboh — „ravo, joiz‟ maʼnolarida ishlatiladi. Bu amalni bajarish-bajarmaslik bandaning o‘ziga havola bo‘lgan ixtiyoriy amal. Kishi uni xohlasa bajaradi, xohlamasa yo‘q. Muboh „iboha‟, yaʼni inson ixtiyorida bo‘lgan ishlar jumlasiga kirib, „ibohai shar’iy‟ — shariat tomonidan berilgan ixtiyor, deb ataladi.
- Harom — lug‘aviy maʼnosi „man qilingan‟, "taqiqlangan‟ deganidir. Shariat hukmi bo‘yicha, uni qilishdan qatʼiy qaytarilgan. Haromning hukmi shuki, agar kishi Alloh taolodan qo‘rqib uni qilmasa, savob topadi, agar qilsa, jazoga mustahiq bo‘ladi.
- Makruh — so‘ziga „noxush‟ yoki „yomon ko‘rilgan narsa‟ deya taʼrif berilgan. Makruh amalini kim Allohdan qo‘rqib qilmasa, savob topadi. Uni qilgan kishiga azob xavfi bo‘lishi mumkin.
- Mufsid — unga „buzuvchi‟ maʼnosi berilgan. Agar biror shar’iy amal (masalan, namoz) qasddan buzilsa, azobga mustahiq bo‘ladi. Agar sahvan, yaʼni adashib buzsa, gunoh bo‘lmaydi.
„Fiqhi Kaydoniy‟ asarida yuqorida sanab o‘tilgan tarzda sakkiz amalga qisqacha taʼrif beriladi. Keyin mazkur amallarning har biriga alohida sharh beriladi. Barcha amallar alohida boblarga ajratilib, keng yoritiladi. „Fiqhi Kaydoniy‟ faqat namoz masalalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, undagi har bir amal keng va birma-bir yoritilgan. Zero, mavzu toraygan sari, uning ichiga chuqurroq kirish imkoniyati ko‘payadi.
Muallifning ibodat masalalarini yoritish uslubi va qo‘yilgan vazifalarni tushuntirishi ilmiy jihatdan asoslidir. Asarda amal turlarining taʼriflari keng qamrab olinsa-da, ular qisqa uslubda tushunarli tarzda ochib beriladi. Muallif asarni taʼlif etishda quyidagi o‘ziga xos uslublardan foydalangan:
- fiqhiy masalalarni muxtasar shaklda yoritishga eʼtibor qaratgan;
- asardagi jumlalarni aniq va lo‘nda ifodalagan;
- ibodat bilan bog‘liq sakkiz xildagi amal turlari sanalib, ularning har biriga alohida taʼrif bergan;
- sakkiz turdagi amallar ikki guruhga, „buyurilgan‟ va „buyurilmagan‟ amallarga ajratilgan;
- avval buyurilgan amal turlari keltirilib, ularning besh turi, yaʼni farz, vojib, sunnat, mustahab va mubohlar haqida maʼlumot berilgan;
- buyurilmagan amallar — harom, makruh va mufsidlarning umumiy soni sakkiztaga yetkazilgan;
- namozdagi amallar muayyan boblarga ajratilib, matnda ularning har biri alohida bayon etilgan;
- amal turlari „xos‟ va „omm‟ jihatdan ikki turga ajratilgan. Unga ko‘ra, vojib, sunnat, mustahab, makruh va mubohlardan tashkil topgan besh guruh xos va umumiy turlarga bo‘lingan;
- farz qatʼiy buyurilgan amal turlari eʼtiboridan faqat „doxiliy‟ va „xorijiy‟ (ichki va tashqi) guruhlarga ajratilgan;
- qaytarilgan amal turlaridan sanalgan harom va mufsidlar „omm‟, yaʼni barcha uchun umumiyligi ko‘rsatilgan;
- masala bayonida o‘quvchining oson tushunib, uni yodlab olishi ko‘zlangan.
Fiqhiy matnlar tahlili bu sohaga oid asarlarning deyarli barchasi o‘ziga xos uslubda yozilganini ko‘rsatdi. Ularda matn qisqa, lo‘nda va yodlash uchun qulay bo‘lishiga eʼtibor qaratilgan. Asar matni anʼanaga muvofiq „basmala‟ bilan boshlangan. Har bir ishni „Bismillahir rohmanir rohim‟ kalimasi bilan boshlash Muhammad (a.s.)ning „Allohning ismi bilan boshlanmagan har-bir ish kesikdir‟ mazmundagi hadislari bilan hujjatlangan. „Bismilloh‟ning fazilati haqida va uni sharhlab, turli davrlarda ko‘plab asarlar yozilgan. Ilmiy tilda uni „Tasmiya‟ yoki „Basmala‟ deb aytiladi. Asarning kirish qismida hamd, naʼt va salovatlar berilgan. Asosiy matn — „Bilginki‟ so‘zi bilan boshlanadi. Har qanday asarning birinchi jumlasi nihoyatda ahamiyatlidir. Asarning taʼkid maʼnosidagi so‘z bilan boshlanishi undagi mavzularni yodda olib qolish zarurligiga ishora qiluvchi bir vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bu hol fiqhiy va grammatik asarlarda keng uchraydi. Uning bu kabi ko‘rinishi keyinchalik badiiy va sheʼriy uslublarda ham namoyon bo‘la boshladi.
„Fiqhi Kaydoniy‟ning Movarounnahr madrasalarida qo‘llanma sifatida o‘qitilgani asarga ko‘plab sharhlar yozilishiga sabab bo‘lgan. Bu sharhlarning aksari Movarounnahr va Xuroson olimlari qalamiga tegishli bo‘lib, asosan „Sharhi Fiqhi Kaydoniy‟ nomi bilan keng tarqalgan. Quyidagi olimlar „Fiqhi Kaydoniy‟ga turli hajmda sharh yozganlar:
- Qozi Ixtiyor
- Saʼdiddin Taftazoniy
- Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy
- Shayx Ismoil Haqqi ibn Mustafo Jalvatiy
- Nuriddin Ali ibn Sulton Muhammad Qoriy
- Ibrohim ibn Mirdarvesh Buxoriy, Ismoil Nosih
- Muhammad Amin ibn Abdulloh Mo‘minobodiy
- Mavlono Fasihiddin ibn Abdulkarim Nizomiy Hiraviy
- Ibrohim ibn Husayn ibn Ahmad ibn Piri Makkiy Pirizoda
- Aziz Mahmud ibn Fazlulloh ibn Mahmud Hudoiy Uskudariy
Asarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalarini qator Sharq qo‘lyozma fondlarida, jumladan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida uchratish mumkin. Ushbu markaz qo‘lyozma va toshbosma asar matnlari hoshiyasiga bitilgan nusxalar bilan salmoqli o‘rin tutadi. Mana shunday holatlar „Fiqhi Kaydoniy‟ matni va sharhlarida ham ko‘zga tashlanadi. Asarning izohli nusxalari asosan hoshiya va jadval tashqarisiga ko‘chirilgan.
Lutfulloh Nasafiyning „Fiqhi Kaydoniy‟ asari ko‘p jihatlari bilan hanafiy fiqhiga mansub quyidagi fiqhiy asarlarga matn jihatidan yaqin turadi:
- Burhoniddin Marg‘inoniyning „Hidoya‟,
- Tojiddin Ubaydulloh ibn Mas’udning „Muxtasar al-Viqoya‟,
- Abu Lays Samarqandiyning „Muqaddima as-salot‟,
- Mas’ud ibn Mahmud ibn Yusuf Samarqandiyning „Saloti Mas’udiy‟,
- Ibn Kamolposhshoning „Shurut as-salot‟[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ tarix fanlari nomzodi Ne’matilla Nasrullayev. „LUTFULLOH NASAFIY“ (2022-yil 28-iyun). 2023-yil 9-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 9-yanvar.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Buyuk yurt allomalari, 2020. „O‘ZBEKISTON“ NMIU. Toshkent. 422 bet. 3-nashr