Ich terlama
Ich terlama | |
---|---|
Ich terlama bilan ogʻrigan bemor koʻkragidagi och pushti dogʻlar | |
Umumiy maʼlumotlar | |
Qoʻzgʻatuvchisi | Salmonella typhi |
Inkubatsion davri | 10-21 kun |
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar | |
Ixtisos | Yuqumli kasalliklar |
KXK-10 | A01.0 |
KXK-9 | 002 |
DiseasesDB | 27829 |
MedlinePlus | 001332 |
eMedicine | oph/686 med/2331 |
MeSH | D014435 |
Ich terlama, qorin tifi — oʻtkir yuqumli kasalliklardan biri. Bunda bemor isitmalaydi, ichi buziladi va badaniga toshma toshadi. Ich terlama mikrobi (harakatchan tayoqcha)ni nemis olimi K. Ebert kashf etgan. Ich terlamani salmonellalar avlodiga kiradigan tif bakteriayalari qo'zgatadi. Bu kasallik ingichka ichak devoridagi limfa tugunlari va peyer pilakchalarining zararlanishi, bakteriyemiya, yuqori harorat va intoksikatasiya belgilari bilan kechadi[1].
Ich terlama butun yer yuzida uchraydi va maʼlum sharoitda epidemiya tusini oladi. Aholining sanitariya-maishiy sharoiti kasallikning tarqalishida hal qiluvchi rol oʻynaydi. Sanitariya madaniyati past mamlakatlarda ich terlama keng tarqaladi.
Etiologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hayvonlar ich terlama bilan ogʻrimaydi. Odam ich terlamaga juda moyil. Bemor kasallik davrida, baʼzan sogʻaygandan keyin ham mikroblarini najas (baʼzan siydik) bilan chiqaradi. Bakteriya tashuvchilik deyiladigan bu holat kasallikning tarqalishida maʼlum rol oʻynaydi. Ich terlama bilan ogʻrigan kishilar tuzalgandan keyin, ularning oʻrta hisobda 3—5 % i 3 oygacha, baʼzan bir necha yillab bakteriya tashuvchi boʻlib qolishi mumkin. Bemor yoki bakteriya tashuvchi chiqargan ich terlama mikroblari tashqi muhitda (suv, tuproq, oziq-ovqat va boshqalar) temperatura, namlikka, oftob bor-yoʻqligiga qarab bir qancha vaqt tirik turadi. Ariq, hovuz, daryo suvining ifloslanishi, shuningdek, sabzavot, hoʻl meva, sut va boshqa ovqatlarga pashsha qoʻnishi ich terlama yuqishiga sabab boʻlishi mumkin (pashsha bemor yoki bakteriya tashuvchining najasiga qoʻnib, uning zarralarini hartumi va oyoqlariga ilashtirib ketadi). Ich terlama mikroblari oziq-ovqatga iflos qoʻldan, sabzavotga najas bilan oʻgʻitlangan dala tuprogʻidan oʻtishi mumkin. Qulay sharoitda kasallik mikroblari sutda va suyuq ovqatda ham koʻpayadi.
Patogenezi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ich terlama mikroblari odam organizmiga ogʻizdan (suv, sabzavot, hoʻl meva va ovqat bilan) kirib, ingichka ichakka oʻtadi va uning devorlaridagi limfa tugunlarida koʻpayib, ularni yalligʻlantiradi. Limfa tugunlaridagi toʻqimaning irishi (nekroz) sababli ichak devorida yara paydo boʻladi. Ich terlama mikroblari aʼzo va toʻqimalarga tarqaladi, ulardan baʼzilarida yana koʻpayib, yangi yalligʻlanish oʻchoqlarini vujudga keltiradi. Mikroblar jigar, oʻt yoʻllari, oʻt pufagi, koʻmik va buyraklarga oʻrnashib olsa, surunkali bakteriya tashuvchilikka olib kelishi mumkin. Ich terlama mikroblarining toksinlari limfa tugunlari (ayniqsa, ichak limfa tugunlari)ga, shuningdek, moddalar almashinuviga va yurak-tomir sistemasiga zararli taʼsir koʻrsatadi.
Klinikasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ich terlama yuqqandan 10—21 kun (inkubasion davr) oʻtgach, kishining darmoni quriydi, aʼzoyi badani ogʻriydi, junjiydi, boshi ogʻriydi, uyqusi va ishtahasi yoʻqoladi. Temperaturasi sekin-asta koʻtarilib, birinchi haftaning oxirida 39—40°C ga yetadi va keyin shu darajada turadi. Kasallikning dastlabki davrida bemorning tili karash boylab, ogʻzidan yoqimsiz hid keladi, baʼzan jigar va talogʻi kattalashib, bezillab turadi, ichi kelmaydi, qorni dam boʻladi, bemor loqayd boʻlib yotadi (apatiya), terisi qoʻlga issiq va quruq tuyuladi; keyin alaxlaydi yoki ruhan va jismonan tamomila boʻshashib (holati’razm boʻlib) yotadi. Kasallikning 9—12-kuni badanida (koʻpincha qornida) teridan salgina koʻtarilib turadigan och pushti, yumaloq dogʻlar (rozeolalar) koʻrinadi, ular barmoq bilan bosilganda yoʻqoladi. Til quruq, ikki cheti va uchi qip-qizil boʻladi, kasallik belgilari roʻyirost koʻrinadigan davr (odatda 2—3 hafta) bemorning hayoti uchun koʻproq xavf tugʻdiradi. Bu davrdan keyin kasallikning asosiy belgilari sekin-asta soʻna boshlaydi. Bemor toʻla quvvatga kirguncha kamida 4—5 hafta oʻtadi. 100 bemordan 3—5 tasida kasallik qaytalanishi mumkin (retsidiv).
Bemorni davolash va parvarish qilish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ich terlama boʻlgan bemor kasalxonaning alohida boʻlimiga yotqiziladi. Temperaturasi tushguniga qadar oʻtirish va yurishga ruxsat berilmaydi. Ogʻzi paxta yoki doka oʻralgan choʻp bilan artib turiladi (qarang Bemorni parvarish qilish).
Ich terlamada bemorni toʻgʻri ovqatlantirish davolash bilan birday ahamiyatli. Ovqat ichakka zoʻr kelmaydigan, yetarli kaloriyali, vitaminli, turli-tuman boʻlishi kerak (sut, qatiq, qaymoq, sariyogʻ, kisel, shirguruch, kam yogʻ shovla, kompot, qiymalangan goʻsht, qaynatma shoʻrva suvi, pishirib ezilgan sabzavot va hokazo berish mumkin). Ich yurishishiga qarab turish va zarur boʻlsa, huqna qilish kerak. Bemorning idish-tovogʻi ishlatilgandan keyin har gal qaynatiladi; qolgan ovqati chelakka yigʻilib, xloramin yoki 5 % li lizol eritmalari bilan dezinfeksiya qilinadi, bemorga tutiladigan tuvak issiq suvda yuviladi va 5 % li xlorli ohak eritmasi yoki 3 % li lizol eritmasiga hoʻllangan latta bilan artiladi. Kir kiyimlar 3 % li xlorli ohak eritmasi bilan hoʻllangan maxsus xaltaga yigʻilib, dezinfeksiya qilinadi, soʻng yuviladi. Uyni yigʻishtirish va tozalashdan chiqqan axlat yoqiladi. Bemor vrach nazorati ostida davolanadi.
Kasallikning oldini olish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholining sanitariya-maishiy sharoitini yaxshilash, toza ichimlik suv bilan taʼminlash, suv manbalarini qoʻriqlash, umumiy ovqatlanish korxonalarida sanitariya nazoratini amalga oshirish, pashshani qirish va boshqalar muhim ahamiyatga ega. Turmushda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, qaynatilmagan suv va xom sut ichmaslik, yuvilmagan hoʻl meva va sabzavot yemaslik, ovqatdan oldin albatta qoʻlni yuvish, meva, oziq-ovqatni pashsha tegmaydigan joyda saqlash, hojatxonani ozoda tutish va boshqalar ham muhim. Bakteriya tashuvchilarni aniqlash va sogʻlomlashtirishga alohida ahamiyat beriladi. Ular suv, sut doʻkonlari, oziq-ovqat korxonalari, oshxonalar, bolalar uylari, kasalxonalarda ishga qoʻyilmaydi yoki ishdan chetlatiladi. Ichimlik suv bilan taʼminlanmagan joylarda aholini emlash maxsus choralardan hisoblanadi. Ich terlama bilan ogʻrigan bemorlar haqida vrach sanepidstansiyaga albatta xabar beradi, ular hisobga olinadi, kasallik oʻchogʻida dezinfeksiya oʻtkaziladi, bemorning atrofidagi kishilar tekshirilib, bakteriya tashuvchilar aniqlanadi. Vaksina bilan emlanadi, umumiy sanitariya choralari, sanitariya maorifi kuchaytiriladi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Musaboyev I. Q., Infeksion kasalliklar, T., 1980; Majidov V. M., Infeksion kasalliklar, T., 1996.
Shonosir Shovahobov.[2]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |