Chumoli kislota
Chumoli kislota — bir asosli oddiy karbon kislota, HCOOH; oʻtkir hidli rangsiz suyuqlik; suyuqlanish temperaturasi 8,4 °C, qaynash temperaturasi 100,7 °C, zichligi 1,2126 g/sm3 (20 °C-da). Suv, spirt va efir bilan yaxshi aralashadi. Alifatik uglevodorodlarda erimaydi, benzol, toluol va S14 da eriydi, suv bilan azeotrop aralashma (qaynash temperaturasi 107,3 °C; 77,5% Chumoli kislota) hosil qiladi. Badanga tegsa kuydiradi. Yogʻ kislotalarining ichida eng oʻtkiri. Qoraqaragʻay bargida, baʼzi mevalarda, asalari va chumoli archa va qichitqio't(karapevo)da boʻladi Insonlarni qon va muskulida ham uchraydi. (17-asrda dastlab chumolidan topilganligidan Chumoli kislota nomi berilgan). Chumoli kislota qizdirilganda SO2 va N2 ga ajraladi. Butanning suyuq fazada oksidlanishi natijasida va sirka kislota ishlab chiqarishda oraliq mahsulot sifatida hosil boʻladi. Sanoatda qattiq NaOH bilan SO ni birbiriga taʼsir ettirib hosil qilingan natriy formiat HCOONa ni sulfat kislota bilan parchalab olinadi. Toʻqimachilik sanoatida, teri oshlashda, katalizator tayyorlashda, murakkab efirlar sintezida, sharbatlarni konservalash va boshqalarda ishlatiladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |