Kontent qismiga oʻtish

Aliment

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Aliment (lotincha alumentum – qaramogʻidagi, boqimidagi) – bir shaxsning boshqa shaxsga majburan yoki ixtiyoriy ravishda toʻlaydigan nafaqasi. Aliment toʻlash majburiyatlari asosan nikoh, qarindoshlik, ota-ona, farzandlik, farzandlikka olish, bolalarni tarbiyaga olish natijasida kelib chiqadi. Ota-onalar hamda bolalarning aliment borasidagi huquq va majburiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksi (1998-yil 30-aprel) va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartib-qoidalar asosida amalga oshiriladi. Ularga binoan ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berishi shart. Mazkur majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota-onadan sudning hal qiluv qaroriga asosan aliment undiriladi. Voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlash haqida ota-onalar oʻrtasida kelishuv boʻlmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda toʻlanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish toʻgʻrisida sudga daʼvo bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga yetmagan bolaning taʼminoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga haqlidir. Voyaga yetmagan bolalariga aliment toʻlash va ularga, shuningdek voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Voyaga yetmagan bolalariga taʼminot uchun aliment toʻlash tartibi va shakli haqida ota-ona oʻrtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid boʻlmasligi kerak. Agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, ularning taʼminoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadning 1 bola uchun – 1/4 qismi; 2 bola uchun – 1/3; 3 va undan ortiq bola uchun yarmisi miqdorida undiriladi. Bu toʻlovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvoli va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining 1/3 qismidan kam boʻlmasligi kerak. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berish ham ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa nizo sud tartibida hal qilinadi. Bunday bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment toʻlashi shart boʻlgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli sud tomonidan hisobga olinib, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi. Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning ogʻir shikastlanishi, kasal boʻlishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning taʼminoti uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha harajatlarda ishtirok etishi shart. Qoʻshimcha harajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota(ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qoʻshimcha harajatlarni qisman pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan aliment ushlab qolinadi. Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment toʻlovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanishi mumkin (Oʻzbekiston Respublikasi OK, 96-104-moddalar).Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj oʻz ota-onasiga taʼminot berishlari va ular toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishlari shart. Ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari qaramogʻida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-ona haqida gʻamxoʻrlik qilish va ularga moddiy yordam koʻrsatish majburiyatidan ozod qilmaydi. Ular bunday yordam berishdan boʻyin tovlasalar, taʼminot miqdori bolalarning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olgan holda sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalardan undirilayotgan aliment miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdorining 1/3 qismidan kam boʻlmasligi kerak (Oʻzbekiston Respublikasi OK, 109-110-moddalar). Oila aʼzolari va boshqa shaxslarning, er-xotinlar va sobiq er-xotinlarning, qarindoshlar va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlari, aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzish, alimentlarni toʻlash va undirish tartibiga oid qonun-qoidalar Oila Kodeksining V boʻlim, 14-18-boblarida belgilab berilgan. Ana shunga koʻra, aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs alimentni ixtiyoriy ravishda shaxsan yoki oʻz arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida yoxud pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa turdagi mablagʻ olayotgan joyida toʻlaydi. Voyaga yetmagan bolalar uchun olinadigan aliment arizaga muvofiq ushbu kodeksning 99-moddasida belgilangan miqdorlarda ushlab qolinadi. Aliment toʻlovchining ish, oʻqish joyi yoki turar joyi oʻzgarganligi haqida xabar qilish majburiyati ham bor. Bu majburiyat boʻyicha aliment ushlab qolishi lozim boʻlgan ish beruvchi (tashkilot maʼmuriyati) uch kun muddat ichida xabar berishi kerak. Shuningdek aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning qoʻshimcha ish haqi yoki boshqa daromadi toʻgʻrisida sud ijrochisi hamda aliment oluvchi shaxs yuqorida koʻrsatilgan muddatda xabardor qilinadi. Aliment toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi JK 122 va 123-moddalarida koʻrsatilgan. Moddiy yordamga muhtoj boʻlgan, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, yaʼni sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami 3 oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaganlikda aybli deb topilgan shaxs eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi. Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj boʻlgan ota-onani yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslarni moddiy taʼminlashdan shunday boʻyin tovlashi ham yuqoridagicha jazolanadi.

Prezidentning „Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoniga asosan 2021-yil 1-martdan aliment undirish tartibi oʻzgardi. Mazkur farmon bilan 1-martdan boshlab ijro hujjatlari boʻyicha aliment majburiyatlarini bajarish qarzdorlar tomonidan Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilandi. Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi aliment majburiyatlari boʻyicha alohida bank hisob varagʻi bilan birlashtiriladi. Bunda Majburiy ijro byurosi tomonidan ijro hujjatlari boʻyicha undiruvchi (aliment oluvchi) nomiga tegishli bank plastik kartasi ochiladi hamda aliment pullari, shu jumladan, qarzdorning ish haqidan ushlab qolingan aliment pullari ushbu aliment majburiyatlari boʻyicha alohida bank hisob varagʻi orqali mazkur bank kartasiga oʻtkaziladi[1].

Fuqarolarning hujjatlarsiz ishlaydigan qatlami bilan aliment undirilish tartibi belgilangan. Unga koʻra, noqonuniy tartibda ishlovchi (bozor, chet eldagi, daromadi roʻyxatga olinmaydigan) fuqarolar daromadlari axborot tarmoqlariga koʻra monitoring qilinadi. Fuqaroning toʻlayotgan soligʻi, bankka topshirgan naqd pullaridan kelib chiqib uning oʻrtacha daromadi hisoblab chiqiladi. Xorijdagi ishchilar daromadi xorijdagi hamkorlar orqali muayyan davrdagi daromadlarni aniqlash ishlari amalga oshiriladi. Umumiy daromadlardan kelib chiqib, aliment toʻlovchining qarzdorligi aniqlanadi[2].

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil