Zarafshon tizmasi
Zarafshon tizmasi — Pomir-Olay togʻlariga mansub togʻ tizmasi. Zarafshon daryosidan janubda, Mastchoh (Koʻksuv) togʻ tugunidan boshlanib, Turkiston tizmasiga parallel holda sharqsan gʻarbga 420 km ga (Jom choʻligacha) choʻzilgan. Gersin burmalanishida hosil boʻlgan, keyinchalik yemirilgan va uchlamchi davrda qayta koʻtarilib hozirgi qiyofaga kelgan. Zamini asosan paleozoy ohaktoshlari, kristalli slanetslar va qisman granitlardan (gʻarbida) tuzilgan. Zarafshon tizmasida qoya, tik jarlik va chuqur vodiylar koʻp. Ohaktoshli joylarida karst hodisalari uchraydi. Zarafshon tizmasining gʻarbiy qismidagi Qirqtogʻ platosida (Ziyovuddin togʻlari yaqinida) Oʻrta Osiyoda eng chuqur, dunyodagi yirik karst gʻorlaridan biri Kili (yoki Kiyev) gʻori (tubidagi koʻl bilan birga chuq. 950 m) joylashgan. Tizmaning sharqiy qismi Mastchoh va Yagʻnob daryolari havzalarini, gʻarbiy qismi Zarafshon va Qashqadaryo qavzalarini birbiridan ajratib turadi. Sharqiy qismining oʻrtacha balandligi 4000–4500 m.
Zarafshon tizmasida bir qancha boʻylama depressiya (graben) va koʻndalang vodiylar mavjud. Zarafshon daryosining irmoqlari – Fondaryo, Kishtutsoy, Magʻiyondaryo Zarafshon tizmasini koʻndalang kesib oʻtib, tizmani uch qismga boʻladi. Fondaryogacha boʻlgan sharqiy kambar qismi Mastchoh togʻlari deb ataladi, unda qirrali choʻqqi koʻp. Shimoliy yon bagʻri qiya, janubiysi tik. balandligi 4500–5000 m, eng baland joyi Tutak choʻqqisi, 5433 m. Baland qismida qor va muzlik koʻp. Sharkda Fondaryo va gʻarbda Kishtutsoy oraligʻida Fon togʻlari joylashgan. Shimoliy yon bagʻri (Zarafshon vodiysi tomon) tik va qoyali boʻlib, janubiy Hisor togʻlariga tutashib ketadi. Slanets va ohaktoshlaridan tuzilgan shimoliy yon bagʻrida yoriq koʻp. Bu yoriklar tashqi kuchlar taʼsirida kengayib bormoqda; togʻlarda koʻchkilar boʻlib turadi. Zarafshon tizmasining kichikroq muzliklar bilan qoplangan eng baland Chimtargʻa choʻqqisi (5489 m) shu qismida. Muzliklarning umumiy maydon 307 km². Kishtutsoydan gʻarbga tomon togʻ pasayib, u yerda oʻrtacha balandligi 2500 m boʻlgan platosimon togʻlar bor. Magʻiyondaryodan Taxtaqoracha dovonigacha Chaqalikalon togʻi davom etadi, uning sharqiy kismi baland, shimoliy yon bagʻri tik. Dovonning gʻarbidagi Qoratepa togʻi gʻarbga tomon pasaya borib, balandligi 500–600 m li adirlar bilan tugaydi. Adirlar Kattaqoʻrgʻon sh.dan janubda balandlasha borib, Zirabuloq togʻlariga tutashadi. Zirabuloq va Ziyovuddin togʻlari Zarafshon tizmasining gʻarbiy davomidir. Zarafshon tizmasi iqlimi kontinental. Togʻ oldi qiyaliklari va yon bagʻirlarining iklimi issiq va quruq, yuqoriga koʻtarilgan sari iqlimi salqinlashadi va yogʻin koʻpayadi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi pastroq qismida –0,5° dan 2° gacha, 2500– 3000 m balandlikda esa –6° dan –10° gacha. Iyulning oʻrtacha temperaturasi past joylarda 25–29°, baland qismida esa 15– 18°. Maksimum temperatura 40–42°. Yillik yogʻin miqdori 200–400 mm.
Togʻ yon bagʻirlari siyrak oʻrmon (asosan archazor) bilan qoplangan. Togʻning 800 m gacha boʻlgan va lyoss hamda lyossli qumloq jinslardan tuzilgan qismlarida oddiy va tipik boʻz tuproq, 800–1500 m balandlikda qoʻngʻir boʻz tuproqtarqalgan. 1500–2000 m balandlikda togʻ oʻrmondasht mintaqasidagi jigarrang va jigarrangqoʻngʻir tuproqlarda zarang, archa, yongʻoq, bodom, qatrangʻi, pista, doʻlana, itburun, chiya oʻsadi. 2500–3000 m balandliklar subalp mintaqasidan iborat, u yerlarda mushukquyruq, qoʻngʻirbosh, oqsoʻxta, kovrak, betaga oʻsadi. 3000 m dan baland qismidagi alp mintaqasida toʻq qoʻngʻir va qoʻngʻir oʻtloqi, oʻtloqi tuproqlarda oqmomiq, toʻngʻizsirt, suvrang, choyoʻt, chalov, betaga, qiziltikan, paxtak oʻsadi.
Zarafshon tizmasidagi oʻrmon va butazorlarda oʻrmon kalamushi, olmaxon uchraydi, alp mintaqasida esa qizil dumli sugʻur, qizil pishchuxa, kulrang sassiqkoʻzan, tibet burguti, kaptar, silovsin, tosh suvsari, jayra, yovvoyi echkilar yashaydi.
Zarafshon tizmasi yaylovlaridan chorvachilikda keng foydalaniladi. Daryo vodiylarida qishloqlar, ekinzorlar, bogʻlar bor.
Adabiyot
tahrir- Baratov P., Orografiya dolini reki Zarafshon, v sb. "Voprosi izucheniya i ispolzovaniya prirodi i prirodnix resursov Sredney Azii i sopredelnix stran", T., 1970.[1]
Manbalar
tahrir