Hisor tizmasi
Hisor tizmasi — Oʻrta Osiyo hududida joylashgan togʻ tizmasi.
Hisor togʻ tizmasi tarkibida Amir Temur g‘ori, Maydanak platosi hamda Maydanak astronomik observatoriyasi, Hisor davlat togʻ-archa qoʻriqxonasi va boshqa koʻplab joylar ham mavjud[1].
Joylashuvi
tahrirPomir-Olay togʻlarining gʻarbiy qismida (Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikalarida), Zarafshon, Qashqadaryo va Amudaryo havzalarining suvayirgʻichida joylashgan.
Tuzilishi
tahrirTogʻ tizmasining umumiy uzunligi 200 km ni tashkil etadi. Oʻrtacha balandligi 3600 metrga teng. Eng baland joyi 4643 metrlik Dukdon togʻi hisoblanadi. Asosan, paleozoy va mezozoy davri granit intruziyalari yorib chiqqan kristalli jinslar, granodiorit, slanets va qum-toshlar, gips, konglomerat, dolomit va boshqalardan tashkil topgan.
Hisor tizmasi va uning yirik tarmoqlari Boysuntogʻ va Koʻhitangtogʻ asosan granit, ohaktosh va slanetsdan tarkib topgan.
Chaqchar va Hisor togʻlari tutashgan hududlarda Botirboy, Seversev singari muzliklar mavjud.
Paydo boʻlishi
tahrirHisor togʻ tizmasi gersin togʻ burmalanishi vaqtida hosil boʻlgan. Togʻ tizmaning janubi-gʻarbiy tarmoqlari tektonik jihatdan Hisor megaantiklinalining janubi-gʻarbiy qismiga toʻgʻri keladi. Ular boʻr, paleogen va neogen davrining choʻkindi jinslari bilan qoplangan.
Geografiyasi
tahrirHisor tizmasining markaziy qismida (2195 m balandlikda) xushmanzara Iskandarkoʻl joylashgan. Shimoliy yon bagʻri ancha tik va qoyali, janubiy yon bagʻri esa qiya boʻlib, keng platolar va unumdor vodiylardan iborat. Hisor tizmasining tuzilishi juda murakkab boʻlib, unda bir qancha baland togʻ massivlari, dovonlar mavjud. Hisor tizmasi gʻarb va janubi-gʻarbga tomon bir necha tarmoqqa boʻlinib, pasayib boradi. Togʻ oldi hududlarida Miraki, Yakkabogʻ va Gʻuzor adirlari joylashgan. Adirlarda va past togʻlarda karst relyef shakllari gʻorlar, voronkasimon chuqurliklar va ungurlar mavjud.
Choʻqqilar
tahrirHisor togʻ tizmasida Oʻzbekiston hududidagi eng baland choʻqqi Hazrati Sulton choʻqqisi (4643 metr) joylashgan.
Shu bilan birgalikda hududda Boysuntogʻ va Chaqchar togʻ choʻqqilari ham joy olgan.
Botiqlar
tahrirZarafshon, Yakkabogʻ, Hisor togʻlari oraligʻida Kitob-Shahrisabz botigʻi (Kitob soʻzi „Kifti-ob“ yaʼni „suv boshi“ degan maʼnoni anglatadi) mavjud. Bu botiq daryodan oqqan chiqindilar bilan qoplangan allyuvial tekislik hisoblanadi[2].
Hisor tizmasining janubi-gʻarbiy tarmoqlari orasida Qashqadaryo botigʻi joylashgan. Bu botiq gʻarbga tomon kengayib boradi.
Daryolar
tahrirQashqadaryo (378 km) Hisor togʻ tizmasining Togʻtosh davonidan boshlanadi.
Jinnidaryo (57 km) Hisor togʻ tizmasining Oqota va Shertogʻ togʻlari orasidagi buloqlardan boshlanadi.
Oqsuv (115 km) Hisor tizmasining Botirboy va Seversev togʻ muzliklari hosil qilgan irmoqlarning toʻplanishidan hosil boʻladi.
Tanxozdaryo (104 km) tizmadagi Gʻozikoʻldan boshlanadi[3].
Relyefi
tahrirRelyefi murakkab, qoyali boʻlib, koʻp joylari parchalangan. Suvayirgʻich qismi va yon bagʻirlarida tekislangan yuzalarga tarqalgan, zich va dara shaklidagi daryolar bilan chuqur kesiklar hosil qilgan. Gips va ohaktoshlar tarqalgan joylarida karst relyef shakllari (karrlar, karst voronkalari, botiqlari, quduqlari, gʻorlari) uchraydi. Bunday joylarni mahalliy aholi „ming chuqur“ deb ataydi. Ohaktoshlarda tik va qoyali kuestalar hosil boʻlgan. Hisor tizmasining shimoliy va gʻarbiy yon bagʻirlarini Zarafshon, Qashqadaryo, janubiy yon bagʻrini Yarxin, Sarbogʻ, Kofarnihon, Varzob, Xonaka, Lyubach, Qoratogʻdaryo, Shirkent, Toʻpolondaryo va boshqa daryolar chuqur daralar hosil qilib kesib oʻtadi. Hisor tizmasida kelib chiqishi har xil (morena, toʻgʻon, karst) boʻlgan koʻllar jumladan, Iskandarkoʻl, Hazor-chashma, Koʻlikalon, Alovuddin, Ziyorat va boshqalar joy olgan. Tizmada 180 ga yaqin muzlik mavjud boʻlib, maydoni 148,4 km² dan ortiq.
Foydali qazilmalar
tahrirHisor tizmasida surma, volfram, simob, qalay, flyuorit, dolomit konlari va issiq buloqlar bor.
Iqlimi
tahrirYozi salqin, qisqa, qishi sovuq, sernam, 2000 m balandlikda iyulning oʻrtacha temperaturasi 20° boʻlsa, 3600 m balandlikda 0° ga tushib qoladi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 3300 m balandlikda —15° ni tashkil etadi.
Yogʻin miqdori
tahrirYillik yogʻin janubi-gʻarbiy yon bagʻrida 600-1200 mm, Shimoli-sharqiy yon bagʻrida 300-400 mm ga teng.
Tuprogʻi
tahrirTizmaning 1200 m balandiklarida tipik va toʻq boʻz tuproqlar tarqalgan. 1200-2500 m balandliklar orasidagi togʻ jigarrang, togʻ-oʻrmonqora tuproqlar, togʻ -oʻrmon-qoʻngʻir tuproqlarda archazorlar bor. 2500 m dan yuqorida alp oʻtloqlari boshlanadi.
Oʻsimlik dunyosi
tahrirBahorda efemer va efemeroidlar, bugʻdoyiq, shuvoq oʻsadi. Butalardan achchiqbodom, qaragʻat, doʻlana va boshqa uchraydi. Yaylovlarda chorva boqiladi.
Hayvonot dunyosi
tahrirYovvoyi sut emizuvchi hayvonlardan togʻ echkisi, togʻ qoʻyi, ayiq, tulki, suvsar, boʻrsiq, qor qoploni, silovsin, qizil sugʻur, qushlardan togʻ kurkasi, tasqara, kaklik va boshqa jonivorlar yashaydi.
Muhofazalanilishi
tahrirHisor togʻ tizmasi hududidagi noyob oʻsimlik va hayvonlar hamda noyob geologik yodgorliklarni oʻrganish va ularni muhofaza qilish maqsadida Hisor, Koʻqitang, Kitob paleontologik-stratigrafik qoʻriqxonalari tashkil etilgan[4].
Adabiyotlar
tahrir- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 11-jild (Qizilqumit — Hoʻrmuz). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2005 — 608-bet.
Manbalar
tahrir- ↑ „O'zbekiston tog'lari“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ I.A.hasanov; P.N.G'ulomov; A.A.Qayumov. O'zbekiston tabiiy geografiyasi (2-qism), Toshkent, 2009-yil — 86-96-bet.
- ↑ „Qashqadaryo tabiiy geografik okrugi“. geografiya.uz. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ "Hisor tizmasi" OʻzME. H-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |