Hindiston yarim oroli -Jan. Osiyodagi yarim orol, asosan, Hindistonda. Maydoni qariyb 2 mln. km2. Gʻar-bda Arabiston dengizi, sharqda Hind okeanining Bengaliya qoʻltigʻi bilan chegaradosh. Shimoliy chegarasi shartli ravishda Hind daryosi deltasi bilan Gang daryosi deltasi oraligʻidan oʻtkazilgan. Qirgʻoqlari past, kam parchalangan. Sohil qismi kambar allyuvial tekislik. Katta maydonni Dekan yassitogʻligi egallaydi. Uning gʻarbiy balandroq qismi — Gʻarbiy Gat togʻlari Arabiston dengiziga tik tushgan. Sharqida Sharqiy Gat togʻlarini tashkil etgan alohida massivlar uchraydi. Yarim orolning eng baland qismi uning janubiy dagi Anaymudi togʻi, 2698 m. Toshkoʻmir, temir va marganets rudalari konlari bor. Iqlimi tropik, subekvatorial iqlimga oʻtib boradi. Shimolida tropik mussonli, yozi sernam iqlim. Oʻrtacha harorat yanvarda 21—29°, mayda 30—40°. Yillik yogʻin ichki rayonlarida 500 – 700 mm, shamolga roʻpara togʻ yon bagʻirlarida 3000 mm gacha. Asosiy daryolari — Narmada, Tapti, Mahanadi, Godavari, Krishna va boshqa, yomgʻirdan toʻyinadi, yoz— kuz oylarida toʻlib oqadi, tez-tez toshadi. Suvidan, asosan, sugʻorishda foydalaniladi. Gʻarbiy va Sharqiy Gat togʻlarining dengizga qaragan yon bagʻirlarida doim yashil sernam va mussonli barg toʻkuvchi oʻrmonlar, ichki hududlarda savanna tipidagi oʻsimliklar oʻsadi, daryolar deltasida mangra oʻrmonlari bor. Milliy bogʻlar tashkil etilgan. Katta maydonlarni madaniy land-shaftlar — ekin maydonlari (sholi, bugʻdoy, paxtazorlar) va mevali bogʻlar egallagan.

Hindiston yarim oroli