Tabiiy geografik zonalar
Tabiiy geografik zonalar, quruqlikning tabiat zonalari — iqlim omillariga bogʻliq ravishda, asosan, issiqlik bilan namlik miqdori va nisbatiga qarab muayyan tartibda krnuniy almashinib boradigan geografik (landshaft) qobiqning yirik boʻlinmalari. Zonalar almashinuvi ekvatordan qutblarga va okeanlardan materik ichkarisiga tomon yuz beradi. Ular, odatda, kenglik boʻylab choʻzilgan boʻlib, aniq chegaralarga ega emas, astasekin bir-biriga oʻtib boradi. Yer yuzida roʻy beradigan hrdisalar Yerning ichki kuchlariga va Quyoshdan keladigan radiatsiya miqdoriga bogʻliq. Yer shar shaklida boʻlganligi uchun Quyoshning nur energiyasi bir tekisda taqsimlanmaydi. Bu omillar tabiiy sharoiti bir-biridan tubdan farq qiladigan Tabiiy geografik zonalarni vujudga keltiradi: Quyoshning nur energiyasi ekvatordan qutblarga tomon turli miqdorlarda tushganligidan tra, bugʻlanish, bulutlar, yogʻinlar, relyef va shamollar, nurash va tuproq hosil boʻlish jarayonlari suv va oʻsimliklar va boshqa zonalar hosil qilgan. Har bir zona uchun uni tashkil etgan tabiat komponentlari va jarayonlari (iqlim, gidrologik, geokimyoviy, geomorfologik, tuproq va oʻsimlik qoplami hamda hayvonot dunyosi)ning tipik xususiyatlariga xos. Koʻpgina Tabiiy geografik zonalariga uning eng yorqin indikatori — oʻsimlik tipiga qarab nom berilgan (oʻrmon zonasi, dasht zonasi, savanna zonasi va h.k.). Zonalar, oʻz navbatida, nisbatan tor boʻlimlar — tabiiy geografik kichik zonalarga ajratiladi, mas, dasht zonasida quruq va tipik dasht zonasi, moʻʼtadil mintaqa oʻrmonlari zonasida tayga, aralash va keng bargli oʻrmonlar zonasi farq qilinadi. Yer sharida tabiiy geografik mintakalar ajratilgan boʻlib, ularning har birining zonal sistemasi — tekisliklarda zona va kichik zonalar, togʻlarda balandlik mintakalari toʻplami mavjud.
Shimoliy yarimsharda quyidagi zonalar bor: Arktika muz sahrolari, tundra, oʻrmon tundra, moʻʼtadil mintaqa oʻrmonlari, moʻʼtadil mintaqa oʻrmondashtlari, moʻʼtadil mintaqa chala choʻllari, moʻʼtadil mintaqa choʻllari, subtropik doim yashil oʻrmonlar va butazorlar, subtropik aralash mussonli oʻrmonlar, subtropik oʻrmondashtlar, subtropik dashtlar, subtropik chala choʻllar, subtropik choʻllar, sernam tropik oʻrmonlar, tropik siyrak oʻrmonlar, quruq oʻrmonlar va savannalar, tropik chala choʻllar, tropik choʻllar, subekvatorial mussonli aralash oʻrmonlar, ekvatorial oʻrmonlar (gileya) zonalari. Janubiy yarim sharda esa tundra zonasi, oʻrmon tundra zonasi, moʻʼtadil mintaqa choʻllari zonasi uchramaydi.
T.g.z. paleogeografik rivojlanish jarayoni davomida sezilarli oʻzgarishlarga uchragan. Qurukdik va dengizlar maydonining, relyef, iqlim sharoitlari makroshaklining oʻzgarishi bilan baʼzi zonalar yoʻqolib ketdi yoki boshkalari bilan almashdi. Baʼzi zonalar chegarasiga inson faoliyatlari ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Zona va kichik zonalarni shartli ajratishga tadqiqotchilar turlicha yondoshadilar.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |