Statistik fizika
Statistik fizika - nazariy fizika boʻlimi. Juda ko`p miqdordagi bir xil zarralar (molekula, atom, elektron va boshqalar)dan tashkil topgan makroskopik jismlar, yaʼni tizimlar xossalarini alohida zarralar xossalari va ularning oʻzaro taʼsirlariga asoslanib oʻrganadi. Agar tizim soni cheklangan molekulalardan tashkil topgan boʻlsa, klassik mexanika qonuniyatlaridan foydalanib tizimdagi fizik hodisalarni oʻrganish mumkin. Buning uchun, molekulalarning boshlangʻich vaqtda fazodagi oʻrni, tezligi va ular orasidagi oʻzaro taʼsir kuchlarining harakteri maʼlum boʻlsa, har bir molekula uchun harakat tenglamasini tuzish, keyingi istalgan vaqtda hamma molekulalarning fazodagi urinlarini, tezliklarini aniklash mumkin. Bu maʼlumotlar, oʻz navbatida, turli fizik kattaliklarni, mas, molekulalarning idish devoriga koʻrsatayotgan bosimini va boshqa fizik kattaliklarni hisoblashga imkon beradi. Mas, temperatura 0° va bosim 1 atm boʻlgan sharoitda, 1 sm³ hajmdagi gaz molekulalarining soni taxminan 2,7YU19 dona boʻladi. Bunday koʻp sonli molekulalarning harakat tenglamalarini yechish, molekulalarning biror vaqtda fazodagi oʻrni va tezliklarini aniklash mumkin emas. Ikkinchi tomondan kup sonli zarralardan tashkil topgan tizimda alohida zarralarga xos boʻlmagan yangi xususiyatlar yuzaga keladi. Mas, muayyan muvozanatda turgan gazning fizik xossalari har bir molekulaning boshlangʻich vaqtdagi holati, tezligi, yoʻnalishi va boshqalarga bogʻliq boʻlmay qoladi.
Statistik fizikada tizimni tashkil etuvchi kup miqdordagi zarralar xususiyatlarini ularning dinamik nuktai nazardan harakterlovchi fizik kattaliklar qiymatlari boʻyicha taqsimot qonunlarini oʻrganib, bu qonunlar asosida hisoblangan oʻrtacha fizik kattaliklar yerdamida tizim xususiyatlari aniklanadi.
Tizimni tashkil etgan zarralar klassik mexanika yoki kvant mexanika asosida tavsiflanishiga qarab, Statistik fizikani klassik statistika yoki kvant statistika deyiladi. Kvant statistika umumiyroq va aniqroq boʻlib, klassik statistika uning xususiy holidir. Ammo hozirgi zamonda juda koʻp masalalarni hal qilishda klassik statistika yetarlidir.
Statistik fizika 2 boʻlimdan iborat bular: muvozanat Statistik fizika va nomuvozanat Statistik fizika. Nomuvozanat jarayonlar Statistik fizikasi muvozanati buzilgan tizimlardagi jarayonlarning borishini ifodalovchi tenglamalarni molekulyar tuzilish nuqtai nazaridan keltirib chiqarish, kinetik koeffitsiyentlar (issiqlik oʻtkazuvchanlik, diffuziya, yopishkrkdik)ni molekulyar harakteristikalar orqali ifodasini aniklash va nomuvozanat termodinamikani asoslash kabi masalalar bilan shugʻullanadi. Muvozanatli jarayonlar Statistik fizikasi muvozanatsiz jarayonlar Statistik fizikasining xususiy xoli boʻlib, termodinamik muvozanatdagi tizim xossalarini, ular orasidagi bogʻlanishlarni, shuningdek, termodinamikaning asoslash masalalarini oʻrganadi.
Statistik fizika ning rivojlanishi, asosan, 19-asrning oʻrtalaridan boshlangan. Unga J.Maksvell, R.Klauzius, L.Bolsman, 20-asrda esa nemis fizigi P.Drude, G.Lorents, J.U. Gibbs, polyak fizigi M.Smoluxovskiy, A.Eynshteyn, Sh.Boze, E.Fermi, P.Dirak va boshqa Statistik fizikaning rivojlanishiga hissa qoʻshishgan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Anselm A.I., Osnovoʻ statisticheskoy fiziki i termodinamiki, M, 1973; Vasilyev A.M., Vvedeniye v statisticheskuyu fiziku, M., 1980.
Abror Noʻʼmonxoʻjayev.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |