Kontent qismiga oʻtish

Sabiha Gökçen

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sabiha Gökçen
Tavalludi 22-mart 1913
Vafoti 2001-yil 22-mart
Anqara, Turkiya
Fuqaroligi Turkiya va Chernogoriya
Kasbi Uchuvchi va yozuvchi
Turmush oʻrtogʻi Kemal Esiner (1940—1943)
Otasi Mustafo Kamol Otaturkning asrandi qizi
Otaturkning asrandi qizlari: (chapdan oʻngga) Rukiye, Sabiha, Afet, Zehra
Sabiha Gokchen akademiyadagi doʻstlari bilan. 1930-yil
Fransiyaning yengil bombardimonchi Breguet-19 samolyoti yonida.
Sabiha va Otaturkning Pertek xalq uyiga tashrifidan lavha. 1937-yil.
1938-yilning may oyida Afinada elchi Rusen Eşref Ünaydin bilan uchrashuvdan lavha

Sabiha Gökçen (1913-yil, Bursa. 2001-yil 22-mart, Anqara) birinchi turk ayol uchuvchisi, dunyoning eng birinchi harbiy samolyotni boshqargan ayol sifatida tarixda qolgan[1][2][3]. Ayni paytda Mustafo Kamol Otaturkning sakkiz asrandi farzandlaridan biri. Faoliyati davomida 8.000 soat uchishni amalga oshirib, 32 ta turli-xil harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan. Uning nomi Istanbulning ikkinchi aeroporti sanalgan Xalqaro Sabiha Gökçen aeroportiga berilgan.

Sabiha Bursa viloyatining bosh kotibi Hofiz Mustafo Izzatbey va Hayriya xonimning qizi oʻlaroq 1913-yilning 22-mart kuni Bursa shahrida dunyoga keladi. Asli Edirne Daftardori boʻlgan Hofiz Izzatbey „Yosh turklar“ bilan aloqasi tufayli Bursaga surgun qilingan edi.[4] Ota va onasidan erta ayrilgan va akasi Neshetning qaramogʻiga qolgan Sabiha 1925-yilga kelib, u vaqtlardagi Turkiya respublikasining prezidenti Mustafo Kamol Otaturk bilan koʻrishishga va unga oʻqish istagi borligini aytishga muyassar boʻlgan. Shundan soʻng Otaturk akasining ruxsati bilan Sabihani farzand sifatida asrab oladi va oʻzi bilan Anqaraga olib ketadi. Sabiha Çankaya boshlangʻich maktabi, Arnavutköydagi Amerikaga qarashli qizlar kolleji va Uskudardagi Amerika litseyi kabi oʻquv maskanlarida oʻqiydi. Sogʻligʻidagi muammolar sabab Heybeliada va Venada davolanadi. Biroz vaqt fransuzchasini rivojlantirish maqsadida Parijda yashaydi. 1934-yilgi „Soyadı Kanunu“ chiqqanidan soʻng Mustafo Kamol Sabihaga „Gökçen“ familiyasini bergan.

Uchuvchilik faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sabiha Gökçenning dastlab uchuvchilikka qiziqishi 1935-yilda oʻtkazilgan Türk kuşu (Turk qushi)ning ochilish marosimidagi samolyotlarning rasmiy parvozidan soʻng uygʻonadi. Otaturkning yordami bilan 1935-yil Türk Hava Kurumu (Turk havo kuchlari)ga qarashli mahalliy oʻquv boʻlimiga qabul qilinadi. Shundan soʻng Sabiha Gökçen va yetti kishi Qirimga, uchuvchilik amaliyotini oʻtashga yuboriladi. Sabiha Moskvaga ketish toʻgʻrisida oʻylab turgan bir paytda singlisi Zehra vafot etadi. Tushkunlikka tushib qolgan Sabiha biroz muddat mashgʻulotlarda ishtirok etmay qoʻyadi va Turkiyaga qaytadi. Faqat, Otaturkning qistovi bilan qayta mashgʻulotlarni boshlashga rozilik beradi. Eskişehirga qarashli uchuvchilik maktabida Savmi Uchan va Muhittinbeylardan taʼlim oladi. 1936-yilning 25-fevral kuni samolyotdagi dastlabki parvozini amalga oshiradi.

Goʻkchenning bu muvaffaqiyatidan soʻng Otaturk unga shu soʻzlarni aytadi: „Meni juda ham baxtli qilding… Endi sen uchun rejalashtirgan fikrimni aytishim mumkin… Balki, dunyodagi eng birinchi harbiy uchuvchi boʻlishing mumkin… Bir turk qizining dunyodagi eng birinchi harbiy uchuvchi boʻlishi faxrlanadigan hodisa. Endi seni Eskişehirdagi Tayyora maktabiga yuboraman. U yerdagi maxsus oʻquv kursidan oʻtishing kerak“[5].

U vaqtlarda qizlar harbiy maktablarga olinmagani uchun Sabiha Eskişehirdagi harbiy maktabda 11 oy maxsus kursdan oʻtadi. Bu kurs davomida Sabihaga boshlangʻich maktab oʻqituvchisi Nüveyra Uyguç yaqindan yordam berib keladi. Bu kursning yakunida 1-Harbiy uchuvchililar maxsus guruhining mashgʻulotlarida ishtirok etadi. Bu vaqtda Trakya va Ege kabi hududlarda xizmat qiladi.

Dersim voqealari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1937-yili Sabiha Tuncelida yuz bergan qoʻzgʻolonni bostirish uchun Dersim harakatiga ishtirok etuvchi guruhning eng oldingi saflarida oʻrin egallaydi.[6] Bu harakatda koʻrsatgan jasorati tufayli „Turk havo kuchlari“ga beriladigan oliy darajadagi „Iftixor“ medali bilan taqdirlanadi. Sabiha Gökçen Dersim voqealari haqidagi Halit Kıvançga bergan 1956-yilgi intervyyusida „Jonli nimani koʻrsangiz, oʻt oching!“ degan buyruq olganini aytadi. Bundan tashqari „Qoʻzgʻolonchilarning oʻtlashga chiqqan echkilarini ham oʻqqa tutdik“ deb eʼtirof etgan edi.

Hatayning Turkiyaga qoʻshilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1937-yilda Fransiyaning Hatay viloyatini Suriyaga topshirmoqchi boʻlganligi toʻgʻrisidagi xabarlar Anqara hukumati tomonidan norozilik bilan qabul qilinadi. Otaturkning buyrugʻi bilan harbiy kiyimini kiygan Sabiha Gökçen fransuz elchisining yonida qurolidan yuqoriga qarab uch marotaba oʻq uzadi va „Hatayning vatanga qoʻshilishi uchun kerak boʻlsa qurollanamiz“ deb aytadi. Bu voqeadan soʻng Otaturk buyrugʻi bilan hibsga olingan Sabiha Gökçen bir kun hibsda ushlab turiladi. Ammo Otaturkning rejasi ish beradi. Turkiya hukumati bu bilan fransuz hukumatiga goʻyo ultimatum qoʻygan edi[7].

Otaturkning oʻlimidan keyingi hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Otaturk vafot etgandan soʻng Sabiha ayollarning armiyada xizmat qilishiga oid qonun boʻlmaganligi tufayli harbiy xizmatdan chiqadi va Türk kuşu harbiy maktabining katta oʻqituvchisi etib tayinlanadi. Bu lavozimda 1955-yilga qadar muvaffaqiyatli faoliyat olib boradi. Turk havo kuchlarining aʼzosi etib saylanadi.

1940-yilda Turk havo kuchlarida xizmat qiluvchi harbiy askar, jugʻrofiya va topografiya oʻqituvchisi Kamol Esiner bilan turmush quradi. Faqat, 1943-yilning 12-yanvar kuni turmush oʻrtogʻi vafot etadi.

1953 va 1959-yillarda taklif boʻyicha AQShga turk jamiyati va turk ayollarini tanitish maqsadida borgan Gökçen sharafiga maxsus samolyotlar paradi oʻtkaziladi. Soʻngi uchishini 1996-yili 83 yoshida fransuz uchuvchisi Daniel Acton hamrohligida Falcon 2000 samolyoti orqali amalga oshiradi.

Sabiha Gökçen 1996-yilda faoliyati davomidagi eng katta mukofotni qoʻlga kiritadi. AQShning havo kuchlariga qarashli kollejning bitiruv kechasida qatnashgan Sabiha Gökçenning nomi „Dunyo tarixida ismini tarix zarvaraqlariga yozdirgan 20 uchuvchidan biri“ sifatida kiritiladi. Sabiha Gökçen bu mukofotga sazovor boʻlgan ilk va yagona ayol.

Sabiha Gökçen 2001-yil 22-mart kuni Gülhane harbiy akademiyasiga qarashli tibbiyot akademiyasida yurak yetishmovchiligidan vafot etadi[8][9].

  1. First female combat pilot Andoza:WebarşivGuinnessworldrecords.com. Erişim: 27 Kasım 2011. Arşiv: <>
  2. Air University (Wayback Machine saytida 16-avgust 2012-yil sanasida arxivlangan) Andoza:Webarşiv Au.af.mil. Erişim: 24 Mayıs 2009
  3. the Pioneers Andoza:Webarşiv CTIE.monash.edu.au. Erişim: 24 Mayıs 2009
  4. „Ermeni iddiasını, ilk uçuş tarihi çürüttü“ (2016-yil 6-mart). 2016-yil 6-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-avgust.
  5. Tarihten Yansımalar: Dünyanın İlk Kadın Pilotu Sabiha Gökçen, HvKK resmi sitesi (2014-yil 6-avgust). 2014-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-avgust.
  6. Tarihten Yansımalar: Dünyanın İlk Kadın Pilotu Sabiha Gökçen, HvKK resmi sitesi (2012-yil 6-avgust). 2012-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-avgust.
  7. „Atatürk'ün müthiş taktiği“ (2016-yil 13-aprel). 2010-yil 29-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-avgust.
  8. Tarihten Yansımalar: Dünyanın İlk Kadın Pilotu Sabiha Gökçen, HvKK resmi sitesi (2014-yil 6-oktyabr). 2012-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-avgust.
  9. Tarihte Bugün: 22 Mart, CNN Türk sitesi, 22 Mart 2006 (2013-yil 19-oktyabr). 2012-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-avgust.