Kontent qismiga oʻtish

Romeo va Juliet

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Romeo va Juliet

1599-yilgi nashrning titul beti
Asl nomi Romeo and Juliet
Muallif(lar) William Shakespeare
Tarjimon(lar) Maqsud Shayxzoda
Jamol Kamol
Til inglizcha
Janr(lar)i pyesa
Nashr etilgan sanasi 1597-yil
Nashriyot Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti (Maqsud Shayxzoda tarjimasi)
„Fan“ (Jamol Kamol tarjimasi)
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1981-yil (Maqsud Shayxzoda tarjimasi)
2007 (Jamol Kamol tarjimasi)

Romeo va Juliet“ (inglizcha: Romeo and Juliet; ruschadan kirib kelgan talaffuzi Romeo va Julyetta) — William Shakespeare oʻz karyerasining boshida yozgan tragediya. Asarda ikki baxtsiz sevishganning oʻlimi ularning oilalari oʻrtasidagi mojaroga barham beradi. „Romeo va Juliet“ „Hamlet“ bilan bir qatorda Shakespearening tirikligidagi eng mashhur pyesalaridan biri boʻlgan. Asar eng koʻp sahnada koʻrsatilgan pyesalar safiga kirgan. Hozirgi kunda pyesaning bosh qahramonlari yosh sevishganlar ramziga aylangan.

„Romeo va Juliet“ fojiali sevgi haqidagi azalgi asarlar qatoriga kiradi. Asar syujeti Arthur Brooke 1562-yil „Romeus va Julietning fojiali hikoyasi“ nomi bilan sheʼriy uslubda tarjima qilgan italyan rivoyatiga hamda William Painter 1567-yil „Rohat saroyi“ (inglizcha: Palace of Pleasure) asarida nasr bilan yozgan versiyasiga asoslangan. Shakespeare har ikki asarga keng tayangan, lekin yangi qahramonlar, jumladan, Mercutio hamda Paris obrazlarini qoʻshib, syujetni boyitgan. 1591-1595-yillarda yozilgani aytiladigan bu pyesa ilk bor 1597-yil in-quarto shaklida chop etilgan. Ammo ilk nashrning sifati past boʻlgan. Keyingi nashrlar Shakespeare versiyasiga koʻproq mos keladigan qilib oʻzgartirilgan.

Shakespearening sheʼriy dramatik strukturadan foydalangani (ayniqsa, tanglikni oshirish uchun komediya va tragediyani ketma-ket keltirgani, ikkinchi darajali qahramonlarni keng yoritgani, syujetni boyitish uchun kichik hikoyalardan foydalangani) muallifning dramaturg sifatidagi qobiliyatlarini koʻrsata olgan ilk belgilar oʻlaroq maqtovga sazovor boʻlgan. Pyesada turli qahramonlar uchun turli sheʼriy uslubdan foydalanilgan, qahramon oʻzgarishi bilan bu uslub ham oʻzgargan. Masalan, pyesa davomida Romeoning sonet aytish qobiliyati oʻsib boradi.

„Romeo va Juliet“ bir necha marta teatr, film, myuzikl va opera uchun moslashtirilgan. Ingliz restavratsiyasi davomida pyesa William Davenant tomonidan tubdan oʻzgartirilgan. David Garrickning 18-asrgi nusxasida ham bir necha misra oʻzgartirilgan, oʻsha paytda beadab koʻrilgan material olib tashlangan. Georg Bendaning „Romeo va Juliet“sida koʻp harakatlar olib tashlangan va asarga baxtli yakun qoʻshilgan. 19-asrgi namoyishlar, jumladan, Charlotte Cushman versiyasida original matn tiklangan va realizmga koʻproq eʼtibor qaratilgan. John Gielgudning 1935-yilgi nusxasi Shakespearenikiga juda oʻxshash boʻlib, dramatik taʼsirni kuchaytirish uchun qahramonlar kiyimlari va sahna Elizabeth I davriga mos qilib oʻzgartirilgan. Pyesa 20-hamda 21-asrlarda turli shaklda oʻzgartirildi. George Cukorning 1936-yilgi filmi, Franco Zeffirellining 1968-yilgi versiyasi hamda Baz Luhrmann 1996-yil yaratgan „Romeo + Julyetta“ filmlari shular jumlasidandir.

„Romeo va Juliet“ pyesasani oʻzbek tiliga ilk bor Maqsud Shayxzoda tarjima qilgan. Keyinchalik Jamol Kamol ham tarjima qilgan. Pyesa oʻzbek tilida bir necha marta, jumladan, bir jildi „Pyesalar“ (1960), besh jildli „Tanlangan asarlar“ (1981) (1-jild) hamda uch jildli „Saylanma“ (2007) (2-jild) asarlarida chop etilgan.