Kontent qismiga oʻtish

Qushtirnoq

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Qoʻshtirnoq bilan adashtirmang.

Qushtirnoq (Nogotki lekarstvennie — Calendula officinalis L.; tirnoqgul, hamisha bahor) — murakkabguldoshlar oilasiga mansub boʻlib, boʻyi 60 sm gacha yetadigan, bir yillik xushmanzara va dorivor oʻsimlik.

Calendula officinalis Qushtirnoqning guli

Biologik morfologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qushtirnoq tukli shoxlangan poyalarga ega, barglari ham sertukli, teskari tuxumsimon, poyachalarning yuqori qismidagi barglari tuxumsimon yoki lansetsimon boʻlib, ular poyaga bandsiz oʻrnashadi.

Qushtirnoqning gullari tillarang yoki toʻq sariq boʻlib, oʻsimlikning poya va shoxchalari uchida yakka-yakka holda joylashgan yirik savatchalarda toʻplangan. Oʻsimlikning poyachasidagi baxmal tuklar quyosh nuri tushgan paytlarda yopishqoq holga keladi. Uning mevasi — pistachalar qushning tirnogʻiga oʻxshab ichkari tomonga qayrilgan boʻladi, shuning uchun ham gulni qushtirnoq yoki tirnoqgul deb atashadi. Qushtirnoq urugʻlari boshqa murakkabguldoshlardan sultonsiz pistalardan iboratligi bilan farq qiladi.

Qushtirtnoq yovvoyi holda Janubiy Yevropa, Old Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida oʻsadi. Uni qadim zamonlardan beri manzarali gul sifatida madaniy ravishda ekib kelinadi.

Oʻsimlik gullari tarkibida 17 % ga yaqin kalenden deb ataluvchi glikozid boʻlmagan modda, 3 % karotin, organik kislotalar, fitonsidlar, alkoloidlar, efir moyi, qatron, azot saqlovchi shilliq, albumin, saponinlar, oshlovchi boʻyoq va boshqa moddalar mavjud.

Xalq tabobatida qoʻllanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalq tabobatida oʻsimlikning gul savatchalaridan tayyorlangan damlamalar jigar, taloq, meʼda va ichak kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Oʻsimlik gullaridan tayyorlangan damlamadan kishi badani kuyganda, sovuq urganda, turli yaralarda (xoʻppoz, chipqon, koʻzikoʻk, sizlogʻich, xasmol va boshqa) vanna, primochka, kompress qilinadi. Damlama bilan ogʻiz boʻshligʻi chayqaladi, undan klizma qilish ham mumkin.

Uy sharoitida qushtirnoq gullaridan dori-darmon tayyorlash uchun, ogʻzi yopiladigan haroratga chidamli idishdagi 2 stakan qaynoq suv ustiga qushtirnoq gulidan 2 choy qoshiq solib, 15 daqiqa davomida damlab qoʻyiladi. Soʻngra damlama dokadan oʻtkazilib suziladi. Damlamadan kuniga 4 mahal yarim stakandan ichiladi. Yoki 400 gr qaynoq suvga 20 gr maydalangan qushtirnoq gulidan solib, 10 daqiqa qaynatiladi. Qaynatma sovugach suzib olinadi. Undan kuniga 1 osh qoshiqdan 3 mahal ichish kerak.

Dorivor oʻsimlik hisoblanuvchi qushtirnoq gullari, oʻsimlik ayni gullagan damlarda qirqib olinadi-da, salqin, havo almashinib turadigan joylarda quritiladi.

Farmasevtika sohasida qoʻllanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoʻshtirnoqdan tayyorlangan dori vositalari, preparatlar siydik haydashda (qovuqda tosh va qum mavjud boʻlganda), qizilchada, rahitda, bosh aylanishida, yoʻtalda, qorin ogʻrigʻida (meʼda jarohati, spazmada) isteʼmol qilinsa anchagina yengillik beradi.

Ilmiy tibbiyotda qushtirnoq preparatlari keng qoʻllanadi. Undan tayyorlangan turli xil emulsiya, dori tabletkalari bir qator kasalliklarni davolashda ishlatilmoqda. Professor V.V.Xvorovning tajribalariga koʻra, qoʻshtirnoqdan tayyorlangan nastoyka ayollarning klimaks davridagi qon bosimini oshishini meʼyoriga keltiradigan ishonchli davo choralaridan biri ekan.