Kontent qismiga oʻtish

Avengers: Infinity War

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qasoskorlar: Cheksizlik jangidan yoʻnaltirildi)
Avengers: Infinity War

Film posteri
Rejissyor(lar)
  • Anthony Russo
  • Joe Russo
Prodyuser(lar) Kevin Feige
Ssenariynavis(lar)
  • Christopher Markus
  • Stephen McFeely
Rollarda
Bastakor(lar) Alan Silvestri
Kinematografiya Trent Opaloch
Muharrir(lar)
Studiya(lar) Marvel Studios
Distribyutor Walt Disney Studios
Motion Pictures
Chiqarilgan sanasi
  • 23-aprel, 2018-yil(2018-04-23) (Gollivud)
  • 27-aprel, 2018-yil(2018-04-27) (AQSh)
Davomiyligi 149 daqiqa[2]
Mamlakat Qoʻshma Shtatlar AQSh
Til inglizcha
Byudjeti $325–400 million[3][4]
Daromadi $2,052 milliard[5]

Avengers: Infinity War“ (oʻzbekcha manbalarda „Qasoskorlar: Cheksizlik jangi“ oʻlaroq maʼlum) — 2018-yilda chiqarilgan superqahramonlik filmi; „Marvel kinematografiya koinoti“ (MKK) mediafranshizasidagi oʻn toʻqqizinchi film; „The Avengers“ (2012) va „Avengers: Age of Ultron“ (2015) filmlarining davomi. Marvel Comics komikslaridagi ayni nomli superqahramonlar jamoasiga asoslangan. Marvel Studios tomonidan ishlangan, Walt Disney Studios Motion Pictures tomonidan esa tarqatilgan. Filmga Anthony va Joe Russolar rejissyorlik qilgan. Ssenariyni Christopher Markus va Stephen McFeely yozgan. Bosh rollarni Robert Downey Jr., Chris Hemsworth, Mark Ruffalo, Chris Evans, Scarlett Johansson, Benedict Cumberbatch, Don Cheadle, Tom Holland, Chadwick Boseman, Paul Bettany, Elizabeth Olsen, Anthony Mackie, Sebastian Stan, Danai Gurira, Letitia Wright, Dave Bautista, Zoe Saldaña, Josh Brolin va Chris Pratt ijro etgan.

Film premyerasi 2018-yilning 23-aprelida Gollivudda boʻlib oʻtgan. Umumjahon boʻylab kinoprokatlarda $2 milliarddan ziyod mablagʻ toʻplab, oʻsha vaqtda tarixdagi toʻrtinchi eng kassabop filmga, 2018-yilning esa eng kassabop filmiga aylangan. Filmning davomi — „Avengers: Endgame“ 2019-yilning aprelida chiqarilgan.

Thanos va uning leytenantlari — Ebony Maw, Cull Obsidian, Proxima Midnight, Corvus Glaive Ksandar sayyorasida „Qudrat toshi“ni (oltita Cheksizlik toshlaridan biri) qoʻlga kiritishgach, Asgard halokatidan omon qolganlarni olib ketayotgan fazo kemasini qoʻlga olishadi. Thanos Thorni magʻlub etib, Tesseractdan „Olam toshi“ni ajratib oladi. Jangda Hulkni yengib, Lokini oʻldiradi. Heimdall Bifröstdan foydalanib, Hulkni Yerga joʻnatganda, Thanos uni ham oʻldiradi. Oxirida Thanos va uning leytenantlari fazo kemasini yoʻq qilishadi.

Hulk Nyu-York shahridagi Sanctum Sanctorum binosiga qulab, Bruce Bannerga aylanadi. Banner Stephen Strange va Wongni Thanosning olamdagi butun hayotning teng yarmini yoʻq qilish rejasi haqida xabardor qiladi. Uchovlon Tony Starkni yordamga chaqirishadi. Maw va Obsidian Strangedan „Vaqt toshi“ni olish uchun fazo kemasida Yerga kelishadi. Maw Strangening jodulari tufayli „Vaqt toshi“ni qoʻlga kirita olmagach, uni asirga oladi. Stark va Peter Parker yashirincha Mawning fazo kemasiga chiqib olishadi, Wong esa Sanctumni qoʻriqlash uchun qoladi.

„Galaktika qoʻriqchilari“ asgardliklar fazo kemasining falokat signalini qabul qilishadi va Thorni qutqarishadi. Thor Thanos Unut sayyorasida Taneleer Tivanning kolleksiyasida saqlanayotgan „Voqelik toshi“ni izlayotganini taxmin qiladi. Thor Rocket va Groot bilan birga gnomlar qiroli Eitridan jangovar bolta yasab berishini soʻrash uchun Nidavellirga joʻnab ketadi. Peter Quill, Gamora, Drax va Mantis Unut sayyorasiga borishib, allaqachon „Voqelik toshi“ni qoʻlga kiritgan Thanos bilan toʻqnashishadi. Thanos Gamorani oʻgʻirlab ketadi. Gamora Nebulani qiynoqlardan xalos etish uchun Thanosga „Qalb toshi“ qayerdaligini aytadi. Soʻngra, Thanos va Gamora Vormir sayyorasiga borishadi. U yerda Tosh qoʻriqchisi — Red Skull Thanosga toshni faqat qadrlagan kishisining hayoti evazigagina qoʻlga kiritishi mumkinligini soʻzlaydi. Thanos Gamorani qurbon qilib, toshga ega chiqadi.

Edinburgda Midnight va Glaive Wanda Maximoff va Visionga hujum qilishib, Visionning peshonasidagi „Aql toshi“ni olishga harakat qilishadi. Steve Rogers, Natasha Romanoff va Sam Wilson juftlikni qutqarib, „Qasoskorlar“ bazasiga joʻnab ketishadi. Vision „Aql toshi“ Thanosning qoʻliga tushmasligi uchun Wandadan toshni yoʻq qilishini iltimos qiladi (garchi bu Visionning muqarrar oʻlimiga olib kelsa-da), ammo Wanda buni qilishga rozi boʻlmaydi. Rogers Wakandada Visionning peshonasidagi toshni uni oʻldirmasdan olsa boʻlishiga ishonib, u yerga borishni taklif qiladi.

Nebula asirlikdan qochib, „Galaktika qoʻriqchilari“ aʼzolari bilan aloqa oʻrnatadi va ulardan Thanosning vayronaga aylangan ona sayyorasi — Titanda uchrashishni soʻraydi. Stark va Parker Mawni oʻldirib, Strangeni qutqaradi. Keyin, uchovlon fazo kemasida Titan sayyorasiga qoʻnib, u yerda Quill, Drax va Mantis bilan uchrashishadi. „Vaqt toshi“ yordamida Strange kelajakdagi hodisalarning mumkin boʻlgan millionlab varianlarini koʻzdan kechirib chiqib, ularning faqat bittasida „Qasoskorlar“ gʻalaba qozonishi ehtimoli borligini maʼlum qiladi. Guruh Thanosni yengib, undan Cheksizlik qoʻlqopini olib qoʻyish rejasini tuzadi. Oradan bir muddat oʻtib, Thanos Titan sayyorasida paydo boʻladi va guruhga olamni saqlab qolish uchun undagi haddan ortiq koʻpayib ketgan aholining teng yarmini yoʻq qilish zarurati borligini soʻzlab beradi. Koʻp oʻtmay Nebula yetib kelib, boshqalarga Thanosni yengishda yordam beradi. Guruh Thanos Gamorani oʻldirganini bilib olgach, gʻazabdan oʻzini yoʻqotgan Quill Thanosga tashlanadi. Natijada Thanos guruhning nazoratidan chiqib, ularni magʻlub qiladi. Thanos Starkni jiddiy jarohatlaydi, ammo Strange Thanosga Starkning hayotini saqlab qolishi evaziga unga „Vaqt toshi“ni berishini aytadi.

Wakandada Rogers Bucky Barnes bilan qayta birlashadi. Thanos qoʻshini Wakandaga bostirib keladi. „Qasoskorlar“ T'Challa va Wakanda kuchlari bilan birgalikda jangga hozirlanishadi. Shuri esa Visiondan „Aql toshi“ni xavfsiz ajratib olish ustida ish olib boradi. Thanosdan yengilgach, Hulkga aylana olmayotgan Banner Starkning „Hulkbuster“ bronini kiyib jang qiladi. Thor, Rocket va Groot „Qasoskorlar“ga jangda yordamlashish uchun yetib kelishadi. Birgalikda jamoa Midnight, Obsidian va Glaiveni oʻldirib, Thanos qoʻshinini magʻlub qiladi. Jang maydoniga Thanos yetib keladi, ammo Shuri Visiondan toshni ajratib olish jarayonini tugatishga ulgurmaydi. Vision Wandani oʻzini va „Aql toshi“ni yoʻq qilishga koʻndiradi, ammo Thanos „Vaqt toshi“ yordamida Wandaning harakatlarini orqaga qaytarib, Visionning peshonasidan toshni yulib oladi va qoʻlqopida barcha toshlarni yigʻishga muvaffaq boʻladi. Thor boltasi bilan Thanosga jiddiy jarohat yetkazadi. Bunga qaramay, Thanos barmoqlarini shaqillatishi orqali Cheksizlik qoʻlqopini faollashtiradi va teleportatsiya qilib gʻoyib boʻladi.

Olamdagi barcha hayotning teng yarmi yoʻq boʻlib ketadi (yoʻq boʻlib ketganlar orasida Barnes, T'Challa, Groot, Wanda, Wilson, Mantis, Drax, Quill, Strange, Parker, Maria Hill va Nick Fury ham bor). Fury yoʻq boʻlib ketishidan oldin peyjerda favqulodda signal yuborishga ulgurib qoladi. Stark va Nebula Titan sayyorasida tang ahvolda qolib ketadi. Banner, M'Baku, Okoye, Rhodes, Rocket, Rogers, Romanoff va Thor Wakanda jang maydonida qoladi. Bu orada Thanos olis sayyorada quyosh chiqishini kuzatadi.

Oʻzbekcha dublyaj

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Film Yoshlar teleradiokanalida oʻzbek tiliga dublyaj qilingan[manba kerak].

  • Tarjimon — Alisher Saʼdullayev
  • Dublyaj rejissyori — Nilufar Isayeva
  • Ovoz rejissyori — Alisher Mahmudov
  • Rejissyor yordamchisi — Husniddin Muxiddinov, Sherzod Holmatov
  • Muharrir — Aktam Berdiyorov
Dublyajda artistlardan
„Avengers: Infinity War (Original Motion Picture Soundtrack)“
NomiDavomiyligi
1.„The Avengers“0:25
2.„Travel Delays“2:43
3.„Undying Fidelity“5:05
4.„He Won't Come Out“2:31
5.„We Both Made Promises“2:22
6.„Help Arrives“4:21
7.„Hand Means Stop“2:37
8.„You Go Right“4:26
9.„Family Affairs“3:51
10.„What More Could I Lose?“3:36
11.„A Small Price“3:17
12.„Even for You“2:14
13.„More Power“4:07
14.„Charge!“3:28
15.„Forge“4:22
16.„Catch“6:04
17.„Haircut and Beard“3:02
18.„A Lot to Figure Out“2:01
19.„The End Game“2:17
20.„I Feel You“2:48
21.„What Did It Cost?“2:25
22.„Porch“0:59
23.„Infinity War“2:35
Jami davomiyligi:71:36
  1. 1,0 1,1 Hullfish, Steve „Art of the Cut with Avengers – Infinity War editor, Jeffrey Ford, ACE“. Pro Video Coalition (29-aprel 2018-yil). 23-dekabr 2018-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 22-dekabr 2018-yil.
  2. Avengers: Infinity War. British Board of Film Classification. 2023-yil 11-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 11-avgust.
  3. D'Alessandro, Anthony „'Avengers: Infinity War' Is King Of Marvel Universe (For Now) – No. 1 In 2018 Most Valuable Blockbuster Tournament“. Deadline Hollywood (2019-yil 8-aprel). 2019-yil 9-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 9-aprel.
  4. Rubin, Rebecca „'Avengers: Infinity War' Officially Lands Biggest Box Office Opening of All Time“. Variety (2018-yil 30-aprel). 2018-yil 14-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 14-may.
  5. Avengers: Infinity War (2018)“. Box Office Mojo. Qaraldi: 14-yanvar 2019-yil.