Kontent qismiga oʻtish

Pnevmotoraks

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Pnevmotoraks (yun. pneuma — havo, nafas va thorax — koʻkrak) — plevraning visseral (ichki) va pariyetal (tashqi) varaqlari oraligʻiga havo toʻplanishi; patologik holat. P. bir tomonlama yoki ikki tomonlama, toʻplangan havoning miqdoriga qarab qisman yoki toʻliq (total) boʻlishi mumkin, bunda oʻpka qisman yoki toʻliq kuchayadi (kollaps holatiga keladi). Ochiq, yopiq va klapanli P. ajratiladi. Agar nafas olganda havo plevra boʻshligʻiga erkin kirsa va nafas chiqarganda erkin chiqsa, ochiq P.; plevra boʻshligʻiga havo kirgan teshik berkilib qolsa va havo tashqariga chiqa olmasa, yopiq P. deyiladi. Nafas olganda havo plevra boʻshligʻiga kirsa-yu, nafas chiqarganda biror sabab bilan chiqmasa plevra bo'shligʻida havo bosimi ortib boradi, bu klapanli yoki vintelli P. deb ataladi.

Kelib chiqishiga koʻra, travmatik, operatsion, spontan va sunʼiy P. farqlanadi. Travmatik P. kukrak qafasi yoki oʻpka toʻqimasi shikastlanishi natijasida, operatsion P. koʻkrak qafasi aʼzolarida xirurgik muolajalar oʻtkazilganda vujudga keladi. Spontan P. oʻz-oʻzidan, hech bir sa-babsiz koʻkrak qafasi va oʻpka toʻqimalarida jarohatsiz plevra boʻshligʻida havo toʻplanishi bilan kechadi. Lekin har bir holda ham oʻpkada kam ifodalangan oʻzgarishlar paydo boʻlishi isbotlangan. Spontan P. koʻproq20—40 yoshli erkaklarda, ayollarga nisbatan koʻproq uchraydi. Koʻpincha spontan P. oʻtkir yoki oʻrtacha oʻtkir tarzda kechadi. Toʻliq sogʻlom vaqtida fizik zoʻriqish taʼsirida, yoʻtal xurujidan keyin toʻsatdan koʻkrak qafasida kuchli ogʻriq, hansirash, quruq yoʻtal, yurak urishi, baʼzan sianoz paydo boʻladi. Klapanli P. kasallikning eng ogir shakli boʻlib, unda nafas va yurak faoliyati buzila-di; nafas yetishmasligi, ogʻriq va sianoz roʻyrost ifodalanadi. Bemor talvasa holatiga tushadi, nafas olish tez va yuzaki boʻladi.

P. diagnozi koʻkrak qafasini fizikal tekshirish, plevrani punksiya qilish va rentgenoskopiya tahlillariga koʻra aniqlanadi. Bemor, asosan, kasalxonada davolanadi. Konservativ davo naf bermasa, xirurgik usul qoʻllanadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil