Kontent qismiga oʻtish

Muhammad bin Ladin

Vikipediya, erkin ensiklopediya


Muhammad bin Ladin
مُحَمَّد بْنُ لَادِن
Tavalludi 1908
Vafoti 3-sentyabr 1967-yil(1967-09-03)
(59 yoshda)
Usran, Asir viloyati, Saudiya Arabistoni
Fuqaroligi Saudiya Arabistoni
Turmush oʻrtogʻi 22 xotini
Bolalari 52 nafar bolasi, jumladan, Usoma, Salem, Bakr, Tarek va Yeslam
Otasi Awad bin Aboud bin Laden

Muhammad bin Ladin (arabcha: مُحَمَّد بْنُ لَادِن; tax. 1908 – 3-sentyabr, 1967-yil) – Yamanda tugʻilgan saudiyalik milliarder, asosan qurilish sohasida faoliyat yuritgan. U bugungi kundagi Saudi Binladin Group kompaniyasi asos solgan va bin Ladin oilasining boyligi va obroʻsini oʻrnatgan eng boy saudiyalik hisoblanadi. Bundan tashqari Muhammad Al-Qoida tashkilotining asoschisi Usoma bin Ladinning otasi.

Muhammad bin Ladin Yaman janubidagi Hazramavt qirgʻogʻida, Vadi Doan qishlogʻidagi al-Rubatlik Kindit Hadrami qabilasidan boʻlgan Avad bin Ladinning oilasida 1908-yilda tugʻilgan deb tahmin qilinadi, chunki oʻsha vaqtda markaziy hukumat hudud ustidan nazorat oʻrnatmagan va tugʻilish roʻyxati mavjud emas edi[1]. Muhammadning bobosi Abud boʻlib, toʻrt aka-ukadan biri (boshqalari Ahmad, Mansur va Zayd), toʻrtta Banu Ladin ajdodlaridan kelib chiqqan.

Kambagʻal va oʻqimagan bin Ladinning oilasi Birinchi Jahon urushidan oldin Tihamaga koʻchib kelgan. Erik Margolisning soʻzlariga koʻra, u dastlab oʻsha paytdagi boshqa qashshoq yaman muhojirlari kabi Jiddada hammol boʻlib ishlagan[2]. Ammo, salon.com nashrining habar berishicha, uning birinchi ishi Aramco kompaniyasida gʻisht teruvchi boʻlgan[3]. 1931-yilda u oʻz qurilish biznesini boshladi. Muhammad Saudiya arabistonining birinchi monarxi Abdulaziz ibn Abdurahmon as-Saudning eʼtiboriga tushgandan soʻng, uning oilasi „qirollikdagi eng boy qirol boʻlmagan oila“ sifatida tanildi.

Muhammad bin Ladin qirol Abdulazizning ommaviy yigʻilishlarida faol ishtirok etib, Saudiya qirollik oilasi bilan aloqalarni mustahkamladi. Keksa shohning harakatchanlik muammolarini xisobga olgan Muhammad Jiddadagi saroyda mashinalar uchun yoʻlak qurish tashabbusi bilan chiqdi, bu monarxga oʻz mashinasida qavatlar oʻrtasida harakatlanishga imkon berdi[4].

Muhammadning ajoyib moliyaviy muvaffaqiyati ishbilarmonlik, Saudiya Arabistoni hukumdorlariga sodiqlik, ishonchlilik va qurilish shartnomalari boʻyicha eng past taklifni berishga tayyorligida edi. Mahalliy qurilish firmalarini qoʻllab-quvvatlab, u 1940-yillarga kelib multimillionerga aylandi. Muhammad Saudiya Arabistonidagi loyihalarda ishtirok etgan katta ishchi kuchini yetishtirdi. 1948-yilda Muhammad boʻlajak shoh Saud uchun saroy qurish boʻyicha komissiyani qoʻlga kiritib, katta yutuqlarga erishdi. 1950-yillarning boshlarida, Britaniya kompaniyasi Jiddadan Madinagacha boʻlgan muhim yoʻlni qurish boʻyicha shartnomadan voz kechganida, Muhammad boʻshliqni toʻldirish uchun qadam qoʻydi va Saudiya Arabistonining qurilish loyihasida asosiy oʻyinchi sifatida oʻz rolini mustahkamladi[3][4][5].

„Qirollik quruvchisi“ sifatida Muhammad bin Ladin qirollik oilasi, xususan, Saudiya Arabistoni shahzodasi Faysal bilan yaqin aloqalarni saqlab qoldi. 1964-yilda shahzoda Faysal oʻgay ukasi qirol Saudni taxtdan tushirdi va Saud davridagi isrofgarchiliklardan keyin qirollikni qayta qurish boshlandi. Qirol Faysal Muhammad bin Ladinning milliy iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlash uchun moliyaviy yordam taklifini qabul qildi va mukofot sifatida qirol Faysal kelajakdagi barcha qurilish loyihalarini Muhammad bin Ladinning qurilish kompaniyasiga topshirish toʻgʻrisida qirollik farmoni imzoladi. Natijada, Binladin kompaniyasi 5 milliard dollardan ortiq mol-mulkni qoʻlga kiritdi. U dastlabki boyligini Saudiya Arabistoni va boshqa bir qator arab mamlakatlaridagi barcha masjid va boshqa diniy binolar qurilishiga boʻlgan huquqlaridan topgan edi. 1967-yilgacha Muhammad bin Ladin Quddusda, Jome Al-Aqsodagi qayta tiklash uchun mutloq masʼuliyatni oʻz zimmasiga oldi.

Qirollik aloqalari va katta boyligiga qaramay, Muhammad bin Ladin nisbatan sodda va taqvodor hayot kechirib, bolalaridan qatʼiy diniy va axloqiy qoidalarga rioya qilishlarini talab qildi. Keyingi yillarida bin Ladin kompaniya tarmogʻi qurilishidan tashqari, asosan xorijiy investitsiyalar va neft sohasidagi tarmogʻini kengaytirdi.

Ayollari va bolalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uning 22 xotinidan jami 52 nafar farzand tugʻilgan[6][7]. Muhammad bin Ladinning uchta xotini boʻlib, toʻrtinchi xotini tez-tez oʻzgartirib turardi.[3].Taniqli Al-Qoida asoschisi Usoma bin Ladin (arabcha: أسا‌مة بن لا‌د‌ن ) uning oʻgʻli boʻlgan, shunday boʻlsada ikkalasi bir-birini kamdan-kam koʻrishgan, faqat bir martta uchrashishgan[8]. Usomaning onasi Hamida al-Attas (arabcha: حميدة العطاس) Suriyada tugʻilib oʻsgan. Keyinchalik esa Muhammad bilan turmush qurgan. U Saudiya ayollariga xos boʻlgan pardali va diniy libosdan koʻra, ayollar kostyum-shimlarini kiyib yurar edi. Hamida saudiyalik emasligi va uning ajnabiy kelib chiqishi saudiyalik oiladagi mavqeyini pasaytirdi va u yerda „qul xotin“ sifatida tanildi. Hamida Muhammadning oxirgi xotini edi, chunki Muhammad 1967-yilda kutilmaganda samolyot halokatida vafot etdi[3][9]. Karmen bin Ladinning soʻzlariga koʻra, Muhammad vafot etgan kechasi 23-xotiniga uylanishni rejalashtirgan, ammo samolyot halokatga uchragan edi[10].

1967-yil 3-sentyabrda Muhammad bin Ladin uning Beechcraft G18S samolyoti Saudiya Arabistonining janubi-gʻarbiy qismidagi Asir viloyatining Usrunga qoʻnish paytida qulab tushganida halok boʻldi[11]. Halokatdan soʻng Muhammadning jasadi ehtiyotkorlik bilan olib chiqildi va dafn etishga tayyorlandi.

Ertasi kuni tong otganda, uning jasadini saroyga yaqin atrofdagi qabristonga dafn etildi. Uning vafot etgani haqidagi xabar chuqur qaygʻu keltirdi, chunki Muhammad bin Ladin oilasida ham, Jidda aholisi orasida ham hurmatga sazovor boʻlgan. Dafn marosimi ulkan olomonni jalb qildi, qabristonga boradigan yoʻlda oʻn mingga yaqin odam tashrif buyurdi. Qirol Faysal yoʻqotishdan chuqur taʼsirlandi, chunki Muhammadning yaqin doʻsti edi. Dafn marosimidan soʻng qirol Faysal bin Ladin oilasi bilan uchrashdi va bolalarga ularni qirollik himoyasi ostiga qoʻyayotganini xabar qildi. U bolalarini 21 yoshga toʻlganida merosning adolatli ulushini olishlari mumkunligini aytdi. Birlashtiruvchi shaxs sifatida Muhammadning yoʻqolishi bilan uning koʻplab xotinlari, sobiq xotinlari va bolalari Saudiya Binladin Group bilan oilaviy aloqalarini saqlab qolgan boʻlsalar-da, qirollikning turli qismlariga tarqala boshladilar. Muhammadning toʻngʻich oʻgʻli Salem bin Ladin oilaviy biznesini oʻz zimmasiga oldi va oxir-oqibat uni xalqaro kompaniyaga aylantirdi[12].

  1. Coll, Steve. The Bin Ladens: Oil, Money, Terrorism and the Secret Saudi World (en). Penguin Books Limited, 5 Mart 2009 — 24-bet. ISBN 978-0-14-191778-8. 
  2. Margolis, Eric S.. War at the Top of the World: The Struggle for Afghanistan, Kashmir and Tibet. Taylor & Francis, 2002. ISBN 9781136743825. Qaraldi: 17 avgust 2021. 
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Burke, Jason. „The making of Osama bin Laden“. salon.com (2001-yil 1-noyabr). Qaraldi: 2021-yil 17-avgust.
  4. 4,0 4,1 Bergen, Peter L.. The Rise and Fall of Osama Bin Laden (en). Simon and Schuster, 2 August 2022 — 9-bet. ISBN 978-1-9821-7053-0. 
  5. Woolf, Alex. Osama Bin Laden (en). Twenty-First Century Books, 1 January 2004 — 14–16-bet. ISBN 978-0-8225-5003-7. 
  6. „Osama Bin Laden: PROFILE“. CNN. Qaraldi: 2021-yil 2-avgust.
  7. Atkins, Stephen. Encyclopedia of Modern Worldwide Extremists and Extremist Groups. Bloomsbury Academic, 2004 — 49-bet. ISBN 9780313324857. Qaraldi: 2021-yil 17-avgust. 
  8. Bergen, Peter L.. The Rise and Fall of Osama Bin Laden (en). Simon and Schuster, 2 August 2022 — 11-bet. ISBN 978-1-9821-7053-0. 
  9. Goldman, Jan. The War on Terror Encyclopedia: From the Rise of Al-Qaeda to 9/11 and Beyond. Abc-Clio, 2014 — 61-bet. ISBN 9781610695114. Qaraldi: 2021-yil 17-avgust. 
  10. Bin Laden, Carmen (2005), Inside the Kingdom: My Life in Saudi Arabia, Hachette Book Group, 65–66-bet, ISBN 0-446-61694-X
  11. The Bin Ladens – Steve Coll (Penguin, 2008), pp. 118–120.
  12. Woolf, Alex. Osama Bin Laden (en). Twenty-First Century Books, 1 January 2004 — 24–25-bet. ISBN 978-0-8225-5003-7.