Kontent qismiga oʻtish

Magnit rezonans

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Magnit rezonans - moddaning maʼlum bir uzunlikdagi elektromagnit toʻlqinlarni tanlab yutishi. Bunga sabab — elektronlar yoki atom yadrolarining magnit momentlari oʻz yoʻnalishini oʻzgartiradi. Moddalarning turi va xususiyatlariga kura, Magnit rezonans hodisasi, asosan, 4 ga boʻlinadi: yadroviy Magnit rezonans (toʻlqinlar amplitudasining kuchli kattalashishi), elektron paramagnit rezonans, ferromagnit rezonans va antiferromagnit rezonans; a) yadroviy Magnit rezonansda elektromagnit toʻlqinlarning yutilishi (nisbatan juda kuchsiz yutilishi) radiochastotali magnit maydoni taʼsiridagi kuchli oʻzgarmas magnit maydonida kuzatiladi. Atom yadrosi magnit "tashuvchi" boʻlib xizmat qiladi va xossalari koʻrilayotgan hodisaning rezonansligini belgilaydi; b) radiochastotali elektromagnit maydon energiyasining paramagnit moddalarda tashqi magnit maydon taʼsirida rezonans yutilishi elektron paramagnit rezonansdir; v) turli chastotali ikki oʻzgaruvchi elektromagnit maydonning modsaga bir vaqtda rezonans taʼsirida juft rezonans hodisasi roʻy beradi. Paramagnit kvant kuchaytirgichlarning ishi shu hodisaga asoslangan, ferromagnit rezonans ferromagnitlardagi elektron Magnit rezonans deb ham ataladi. Ferromagnit modda oʻziga xos magnitlanish xususiyatiga ega, yaʼni ferromagnitda tashqi magnit maydon yoʻq holda ham ichki magnit maydon boʻladi. Ferromagnit modda elektronlari oʻrtasidagi taʼsir kuchlari shunchalik katta boʻladiki, hatto issiklik harakati natijasida elek-tronlar spinining harakat yoʻnalishi ham oʻzgarmaydi. Bu hodisaga, asosan, oʻta yuksak chastotali asboblar (ferrit generatorlari va kuchaytirgichlari) yasaladi; g) antiferromagnit rezonans elektromagnit energiyaning antiferromagnitda rezonans yutilishidir. Bu hodisa yuksak chastota diapazoni (odatda, mm li toʻlqinlar diapazoni) da kuzatiladi. Antiferromagnit rezonans hodisasini kuzatishda radiospektroskoplardan foydalaniladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil