Kanape (pazandalik)
Kanape (fransuzcha: canapé) — non, qatlamali pishiriq yoki quruq pechenye ustidagi kichik jimjimador buterbrodlar boʻlib, antiqa koʻrinishi bilan kichik pirojniylarga oʻxshaydi. Kanapelar bayramona yegulik boʻlib, koʻpincha, shved stollari va yengil tamaddilarda vaza va tarelkalarda tortiladi, har bir porsiyada 2-6 ta kanape hamda choy, kofe beriladi.
Kanape tayyorlash uchun suvi qochgan bugʻdoy non yoki qora nonning sirti kesib tashlanib, eti turli-tuman shakllarda (doira, yulduz, romb, toʻrtburchak) kesiladi, sariyogʻ yoki margarinda oltin rangiga kirgunicha qovuriladi yoki pechda quritiladi. Sovigandan keyin yogʻ yoki yogʻ aralashmasi surtib, bir yoki bir necha turdagi goʻsht (vetchina, son goʻshti, kolbasa, qaynatilgan va qovurilgan goʻsht), baliq (donador ikra, payus ikra, keta ikrasi, shoʻr baliq, issiq va sovuq dudlangan baliq mahsulotlari, turli xil konservalar) va boshqa mahsulotlar rang-barang qilib ketma-ket ustiga qoʻyiladi. Kanapelarni bezash uchun petrushka, koʻkpiyoz, zaytun, qaynatib toʻgʻralgan tuxum, limon, tuzlangan bodring, mevalar, namlangan brusnika ishlatiladi. Tayyor kanapelar dasturxonga tortishdan oldin sovutiladi, shunda mahsulotlar nonga yaxshiroq yopishadi. Agar koʻp miqdorda kanape pishirish kerak boʻlsa, nonga chuqur chiziq tortib qovurilgan, uni garnir bilan bezatilgan va soʻng uchburchak yo toʻrtburchak shaklda kesilgan. Javdar noni, asosan, kilkali va bujeninali kanapelarga yaxshi ketadi. Qovurilgan oqnon ham kanapega mos kelaveradi. Kanape uchun yupqa yoyilgan xamir turli shakllarda kesiladi. Kanape-minorachalar tayyorlashda turli mahsulotlar bayroq yoki boshqa biror shaklda choʻpga sanchib qoʻyiladi. Mevali kanapelar ham choʻpga sanchib tayyorlanadi.
Kanapedan tashqari, kichkina va chiroyli boshqa yeguliklar ham bor. Tartinkadan farqli oʻlaroq, kanepalar sovuq yegulik hisoblanadi, ikkinchidan, kanape qumoq xamirdan qilinmaydi hamda pishirishda qoliplar shart emas. Volovanlar — qatlangan xamirga issiq masalliq tiqib yasalgan butun minorachalardir. Amyuz-bush restoranlarda, koʻpincha, buyurilgan asosiy taomni kutayotgan paytda oshpazning iltifoti sifatida tortiq qilinadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Анфимова Н. А. „Бутерброды закусочные (канапе)“, . Кулинария: учеб. пособие для нач. проф. образования, 2-е изд., стер. 5000 экз, М.: Издательский центр «Академия», 2008 — 266-bet. ISBN 978-5-7695-4825-3.
- Кулакова Е. В. „Бутерброды“, . Холодные блюда и закуски, 200000 экз, Кишинёв: Картя Молдовеняскэ, 1983 — 7-bet.
- Мглинец А. И. „Закусочные бутерброды (канапе)“, . Технология приготовления ресторанной продукции: Учебное пособие. СПб.: Троицкий мост, 2014 — 168—169-bet. ISBN 978-5-4377-0065-5.
- Семичева Г. П. „Закуски сложного приготовления“, . Приготовление и оформление холодных блюд и закусок: учебник для студ. учреждений сред. проф. образования, 1500 экз, М.: Издательский центр «Академия», 2017 — 144—147-bet. ISBN 978-5-4468-2591-2.
- Усов В. В. „Закусочные бутерброды“, . Основы кулинарного мастерства: искусство приготовления закусок и основных блюд, Кулинарное искусство. От профессионалов. М.: Эксмо, 2017 — 180—184-bet. ISBN 978-5-699-80934-9.
- Charles Sinclair. canapé // Dictionary of Food: International Food and Cooking Terms from A to Z. — Second Edition. — London: A & C Black, 2004. — P. 105. — 632 p. — ISBN 978-1-4081-0218-3.