Kontent qismiga oʻtish

Eshak

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Eshakotlar urugʻining toq tuyoqli sut emizuvchilar kenja urugʻiga mansub hayvon. 5–6 ming yil avval dastlab qadimiy Misrda xonakilashtirilgan. Jahon boʻyicha boqiladigan eshaklar soni 43,4 mln. boshni tashkil etadi. Misr, Efiopiya, Nigeriya, Braziliya, Eron, Pokiston, Ispaniya va boshqalar mamlakatlarda koʻp boqiladi. Somali, Efiopiyada tarqalgan, boʻyi 100–120 sm li Afrika yovvoyi eshaklar xonaki eshaklarning urugʻboshi hisoblanadi. Xonaki eshaklar 2 zot guruhini tashkil qiladi: Afrika va Osiyo (jumladan, Qozogʻiston, Oʻrta Osiyo, Kavkaz)da tarqalgan mayda jaydari hamda Xitoy (Shandun provinsiyasi)da tarqalgan yirik eshaklar – zotdor eshaklari (boʻyi otlar kabi 145–160 sm). Bulardan, asosan, Yevropaning janubidagi va Amerika mamlakatlarida yirik xachirlar olish uchun foydalaniladi. Eshaklar qulogʻi uzunligi, tuyogʻi torligi, dumi ingichka, kalta va faqat uchida uzun juni borligi bilan otlardan farq qiladi. Jaydari zot eshaklar tuzilishi pishiq, boʻyi oʻrtacha 100 sm atrofida, tanasi ingichkaroq, boshi katta, quloqlari uzun, boʻyin toʻgʻri, kalta, tik oʻsib chiqqan kalta yoli bor, beli toʻgʻri, koʻkragi tor, sagʻrisi qisqa, tusi kulrang, ovqat va joy tanlamaydi, ishga chidamli, yuqumli kasalliklarga chalinmaydi. Togʻli rayonlardagi yurish qiyin boʻlgan joylarda, choʻlyaylovlarda minish va yuk tashish uchun foydalaniladi. Eshaklar 70–80 kg, aravaga qoʻshilganda 2,5 t gacha yuk tashiydi. Jaydari eshaklar har xil oʻtoʻlanlar, xashak, arpa zotlari esa pichan, kuchli va sersuv ozuqalardan iborat toʻla ratsion bilan boqiladi. 18–30 yil yashaydi, xoʻtiklar 2 yoshidan boshlab qochiriladi, boʻgʻozlik davri oʻrtacha 380 kun, 2 yoshidan xoʻjalik ishlarida foydalanish mumkin.

  • Lakoza I.M., Shchekin V.A., Verblyudovodstva i osnovm oslovodstvo i muloproizvodstva, M., 1964.