Kontent qismiga oʻtish

Al-Xayzuran

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Al-Xayzuran
الخيزران
Abbosiy xalifaning xotini
Tugʻilishi Jorash, hozirgi Bisha yaqinida, Saudiya Arabistoni
Vafoti 789
Madinat as-Salom, Bagʻdod
Turmush oʻrtogʻi Al-Mahdiy
Farzandlari
Toʻliq nomi
Al-Xayzuran binti Atta
(Arabcha: الخيزران بنت عطاء)
Otasi Atta
Dini Islom

Al-Xayzuran binti Atta (arabcha: الخيزران بنت عطاء) Abbosiylar xalifasi Al-Mahdiyning xotini va ikki xalifa Al-Hodiy va Horun ar-Rashidning onasi. Eri va oʻgʻillari hukmronligi davrida 775-yildan 789-yilgacha amalda taʼsir kuchiga ega boʻlib, davlat ishlariga ulkan taʼsiri bilan tanilgan.

Rasmiy ravishda hukmdor boʻlmasa-da, al-Xayzuron islom tarixida amalda hukmronlik qilgan birinchi ayol va musulmonlar tarixida nomiga oltin tanga zarb qilingan birinchi ayol boʻldi. U eri va oʻgʻillari Mahdiy, al-Hodiy va Horun hukmronligi ostida oʻz davrining eng qudratli ayollaridan biriga aylandi. Mahdiy davrida Xayzuran xalifa saroyiga tez-tez tashrif buyurib, yirik siyosiy hokimiyatni ham qoʻllagan va xalifa buyruq berishdan oldin koʻp masalalarda Xayzuranning fikrini oʻrgangan.

Xayzuran, shuningdek, oʻz byurokratiyasi va saroyiga ega boʻlgan. Arizalar, amaldorlar va xalqning tinglovlarini qabul qilgan. Xalifalikda amr va maʼn qila olgan birinchi ayol edi. Davlat xazinasidan mustaqil ravishda boshqa davlatlar bilan keng savdo aloqalari oʻrnatib, ulkan boyliklarga ega boʻlgan. Mahdiy koʻp vaqtini ov va koʻngilxushlik bilan oʻtkazgan boʻlsa, Xayzuran saroyga taʼsir koʻrsatib, xalifalikni boshqarish masalalarida oʻz uyida yigʻilishlar oʻtkazishga muvaffaq boʻlgan. Erining oʻlimidan keyin oʻgʻillari davrida mavqei va taʼsirini davom ettirdi.

Mahdiy bevaqt vafot etgach, poytaxt (Bagʻdod)dagi Xayzuran hukumat ishlarini oʻz qoʻliga olgan edi. Xalifaning oʻlimini yashirib, armiya zobitlarining maoshlarini toʻlab, yangi xalifa boʻladigan oʻgʻli al-Hodiy uchun askarlarning bayʼat qilishini taʼminladi. Hodiy xalifalik hokimiyatini boʻlishish va onasini sherik qilishga qarshi chiqdi. Xayzuran qattiq tortishuvlardan keyin uni oʻldirdi. Hodiyning oʻlimidan keyin Horun ar-Rashidni hokimiyat tepasiga olib keldi. Horun akasidan farqli ravishda onasiga qarshilik qilmay, butun hokimiyatni rasman onasiga topshirdi va onasining maslahatiga amal qildi.

Xayzuran Saudiya Arabistonining zamonaviy Bisha shahri yaqinidagi Jorashdan edi. Uni bir badaviy uyidan oʻgʻirlab ketgan va Makka yaqinidagi qul bozorida ziyoratdagi Mahdiyga sotgan. Rasmiy ravishda musulmonlar uchun musulmonlarni qul qilish noqonuniy edi. Biroq barcha manbalar Xayzuranning qul boʻlganini qatʼiy taʼkidlaydilar va bunda musulmonlarni qul qilishni taqiqlovchi rasmiy qoidani buzish amalda odatiy hol emas edi[1].

Mahdiy hukmronligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xayzuran goʻzal, aqlli va isteʼdodli deb taʼriflangan. Oʻsha paytda joriya yoki javoriy deb atalgan haramning qul ayollari oʻz xoʻjayinining qiziqishini saqlab qolish uchun musiqa, qoʻshiq, munajjimlik, matematika va ilohiyot ilmlarini oʻrganishlari kerak boʻlgan. Xayzuran eng ilmli qozilardan fiqh boʻyicha muntazam saboq olgan[1].

Xayzuran oxir-oqibat Mahdiyning sevimli ayoliga aylandi. 775-yilda Mahdiy xalifa boʻlganidan soʻng, Xayzuran erini oʻzini ozod qilishga va uylanishga koʻndirdi. Shuningdek, birinchi xotini malika Raytani (xalifa As-Saffohning qizi) imtiyozlardan mahrum qilib, oʻgʻlini taxt vorisi lavozimidan tushirishga ham erishdi. Uning oʻrniga Mahdiy Xayzuranning oʻgʻillarini oʻz merosxoʻrlari etib tayinlaydi. Bunda quldan tugʻilgan oʻgʻillarga merosxoʻrlikni berish odatga zid edi. Xayzuran malika sifatida xalifa Haramida oliy hokimiyatga ega boʻldi. Hatto xalifa ham bu hududda uning xohishiga koʻra yashashi yoki oʻzini tutishi kerak edi. U mazkur murakkab muassasaning ijtimoiy hayotdan tortib to ziyofat va marosimlarni rejalashtirishgacha, jumladan, kirib kelayotgan katta mablag‘larni boshqarishni ham o‘z qo‘liga oldi.

Shu paytdan boshlab Xayzuran imperiyadagi eng qudratli va nufuzli ayol boʻlib, Mahdiy har doim saroyga kelganida xalifaga hamroh boʻlgan. Xayzuran parda orqasida oʻtirib, agar biror narsaga rozi boʻlmasa, qoʻlini pardaning orqa tomoniga qoʻyib, fikrini anglatardi. Xayzuran har doim xalifa huzuriga toʻgʻridan-toʻgʻri kirish imkoniga ega boʻlgan. Uning takliflari doimo qabul qilingan, tavsiya qilgan shaxslari maʼqullangan va lavozimga tayinlangan. Uning shafoati bilan dushmanlar kechirilgan yoki oʻlim jazosi boshqa jazoga almashtirilgan[1].

Xalifa Mahdiyning (h. 775–785) 778/9-yilda Bagʻdodda zarb etilgan kumush dirhami.

Hukumatda barmakiylar bilan ittifoqchi edi. Mahdiy hukmronligi davrida Xayzuran ayol kishi u yoqda tursin, hamma uchun favqulodda va gʻayrioddiy hokimiyatga ega boʻlgan: barcha harbiy va davlat ishlarini muhokama qilgan va hal qilishga yordam bergan, haramda qolib ketmagan, xalifa Mahdiyga taʼsir oʻtkaza olgan, haramdan tashqarida hamma va hamma narsa ustidan yoki hamma joyda siyosiy hokimiyatni amalga oshirgan, erkak va ayollarning oʻzidan iltifot soʻragan iltimosnomalari bilan tanishib, xalifa oldida oʻz nomidan shafoat qilgan. Bu arizachilar orasida hukumat amaldorlari, harbiy zobitlar, zodagonlar va savdogarlar bor edi. Xayzuran oʻz xonadonida generallar, siyosatchilar va amaldorlar bilan tinglovlar oʻtkazgan, erkaklar bilan birga davlat ishlarini muhokama qilgan yoki erkaklar oʻzlarining davlat haqidagi iltimosnomalarini Xayzuranning uyida konvertlarda topshirishgan. Mahdiy Xayzuranga hatto xorijiy elchilar bilan uchrashish va imperiya boshqaruvi uchun rasmiy hujjatlarni imzolashga ham ruxsat bergan. Bularning barchasi ayol uchun madaniy jihatdan nooʻrin deb hisoblangan yangiliklar boʻlib, Xayzuranning imperiya boʻylab taʼsiri va kuchini koʻrsatadi[1].

Xayzuranning saroyi, xuddi xalifanikidek, askarlar tomonidan qoʻriqlanar, uning yerlari poytaxt chekkasida joylashgan, shuningdek, unga toʻgʻridan-toʻgʻri boʻysunadigan agentlar orqali bir qancha hunarmandchilik markazlarini boshqargan, xorijda ham yirik biznesi bor edi. Poytaxt va uning atrofidagi koʻplab savdogarlar va zodagonlar Xayzuranga bogʻliq edi. Xayzuran yuzlab qullarga ega edi, koʻplab ayol xizmatkorlari bor edi va turmush tarzi ham hashamatli edi. Uning yillik daromadi xalifalik daromadining uchdan bir qismini tashkil etgan bo‘lib, o‘g‘illari Al-Hodiy va Horun ar-Rashidlar xalifaligi davrida daromadi ikki baravar ko‘payib, xalifalik umumiy daromadining yarmidan ko‘pini tashkil qilgan. Erining yoshi ulg‘aygani sari Xayzuranning hukumatdagi qudrati kuchayib, hatto ba’zi qarindoshlarini mansablar bilan taqdirlagan. Mahdiy gʻarb va shimolda harbiy yurishlar olib borayotganida yoki diqqatga sazovor joylarni koʻrish uchun imperiya boʻylab sayohat qilganida, Xayzuran Bagʻdodda xalifa nomidan ishlarni boshqargan. Shuningdek, onasi, ikki singlisi va ikki ukasini hukumatga taklif qildi. Singlisi Salsalni shahzoda Jaʼfarga uzatadi. Ukasi Gʻatrifni Yaman hokimi etib tayinlaydi[1].

Er-xotinning ikki oʻgʻlidan tashqari Banuqa ismli qizi ham bor edi. Mahdiy uni shunchalik yaxshi ko'rar ediki, oʻgʻil boladek kiyintirib, sayohatlarida oʻzi bilan olib yurar edi. Banuqa 16 yoshida vafot etganida[2], otasi qizi uchun toʻgʻri boʻlmagan taʼziyani talab qilib, janjal keltirib chiqardi[1].

Bir kuni Xayzuran oʻz uyida xalifaning boshqa ayollari oʻrtasida oʻtirganida, xizmatkor unga oxirgi Umaviy xalifa Marwan IIning bevasi Muznahning eshik oldida turganini xabar qildi. Muznah qashshoq edi. Uning hikoyasi va ahvoli Xayzuranni shu qadar hayajonga soldiki, uni taʼminlash uchun harakat qildi. Kechqurun Xayzuran Mahdiy bilan birga kechki ovqatni tanovul qilishayotganda, bo‘lgan voqeani xalifaga xabar qildi. Mahdiy xotinining xayr-ehsonini eʼtirof etgan. Muzna vafot etguniga qadar xalifa homiyligidan bahramand boʻlgan[3].

Musa al-Hadiy hukmronligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

785-yilda Mahdiy oʻgʻli Horun bilan birga harbiy yurishga chiqqan paytda vafot etdi. Horun bu xabarni onasiga yetkazish uchun Bagʻdodga qaytib keldi. Xayzuranning ikki oʻgʻli ham poytaxtda emas edi. Xayzuran oʻgʻlining merosxoʻrlik huquqini taʼminlash uchun vazirlarni chaqirdi. Shaharda tartibni taʼminlash uchun qoʻshinning ish haqini toʻlashni buyurib, keyin oʻgʻliga xalifa sifatida bayʼat qilish haqida buyruq berdi[1].

Xabarlarga koʻra, Xayzuran oʻgʻlining hukmronlik davrida ham siyosat bilan shugʻullanishni xohlagan: „Xayzuran ilgari eri Mahdiy ustidan hukmronlik qilganidek, oʻgʻlining ustidan ham hukmronlik qilmoqchi edi“[1]. Xayzuran oʻgʻli Hadiy davrida ham oʻz idorasida tinglovni va davlat ishlarini muhokama qilishni davom ettirdi:

U [al-Hadiy] bilan maslahatlashmasdan qaror qabul qilishni monopoliya qilishda davom etdi. Xayzuran Hadiy hukmronligining dastlabki davrida uning ishlarini hal qilardi va otasi bilan qanday muomala qilgan boʻlsa, oʻgʻlining davrida ham buyruq va hokimiyatni oʻz zimmasiga oldi. U Hadiy hukmronligining dastlabki davrida oʻzini avvalgidek tutdi... Mahdiy davrida odamlar uning eshigidan kirib-chiqar, u davlat ishlarini hal qilar edi[1].

Biroq, Al-Hadiy onasining davlat ishlarida ishtirok etishiga qarshi chiqib, onasiga oʻz obroʻ-eʼtiborini namoyon etishiga yoʻl qoʻymadi. Onasini tobora davlat ishlaridan chetlatishga harakat qilgan va xabarlarga koʻra: „Ayollarning davlat ishlariga aralashuvi mumkin emas ... Duolaringiz va ibodatlaringiz bilan mshgʻul boʻling“, degan buyruq bergan[1].

Hadiy onasining shikoyatchilar, siyosatchilar, amaldorlar va generallarga minbar berib, ular bilan maslahatlashib, erkaklar bilan aralashib yurishini nomaqbul deb hisoblagan. Xalifa oʻz generallarini yigʻib, onalarining ijtimoiy hayoti masalasiga ochiqchasiga murojaat qildi va ulardan soʻradi:

— „Oramizda kim yaxshiroq, sizmi yoki menmi?“, – deb so‘radi tinglovchilaridan xalifa al-Hadiy.
— Shubhasiz, siz yaxshiroqsiz, ey mo‘minlar amiri, — deya javob berdilar majlisdagilar.
— Kimning onasi yaxshiroq, meniki yoki sizniki? — davom etdi xalifa.
— Ey mo‘minlar amiri, sizning onangiz yaxshiroq.
— Sizlardan kimlar, — deya davom etdi al-Hadiy, — erkaklarning onasi haqida gapirib yurishini xohlaydi?
— „Hech kim onasi haqida gapirishlarini yoqtirmaydi“, deb javob berishdi yigʻilganlar.
— Unda nega erkaklar onamning oldiga borib, u bilan gaplashishadi?[1]

Bu davrgacha musulmon ayollar hali haramda jamiyatdan toʻliq ajratilmagan edi. Abbosiylar xalifaligi davrida haram tizimi islom olamida Abbosiylar harami tashkil etilgach[4], toʻliq institutsionalizatsiya qilinishi kerak edi[5].

Qarshilik qilishiga qaramay, Al-Hadiy onasining gʻayrioddiy hokimiyat tizimini buza olmadi. Xayzuran siyosatni tark etib, haramga borishni rad etdi. Nihoyat, Xayzuran duo qilgan Abdulloh ibn Molik foydasiga shafoat soʻrab, oʻgʻlidan javob talab qilgan vaqtda, oʻgʻlining jahli chiqib, ochiqchasiga baqirdi:

Bir oz kuting va soʻzlarimni yaxshilab tinglang ... Atrofimdan kim – generallarim, xizmatkorlarim sizning oldingizga ariza bilan kelsa, boshi kesiladi, mol-mulki musodara qilinadi. Eshigingiz atrofida har kuni toʻplanadigan mulozimlarning muddaosi nima? Sizni band qiladigan ishingiz, namoz oʻqish uchun Qurʼon, sizni oʻrab olganlardan yashiradigan uyingiz yoʻqmi? Oʻzingizni ehtiyot qiling, birovning foydasiga ogʻiz ochsangiz holingizga voy[1].

Bu voqeadan keyin Xayzuran toʻngʻich oʻgʻli Al-Hadiyni oʻldirgani haqida mish-mishlar tarqaldi[1]. Keltirilgan bir versiyaga koʻra, Xayzuran Hadiy ukasi Horun ar-Rashidni oʻldirmoqchi ekanini bilgan boʻlsa, ikkinchisida Hadiy Xayzuranni zaharlamoqchi boʻlgan. Xalifaning bu rejasini xalifa onasiga yuborgan taomni itga bergach aniqlagan[1]. Yana bir versiyada aytilishicha, Xayzuran xalifa oʻgʻlini oʻldirishni xalifaning qul kanizaklaridan biriga yoki javariga topshirgan va kanizak Hadiyni yostiqlar bilan boʻgʻib oʻldirgan[1].

Horun ar-Rashid hukmronligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalifa boʻlgan ikkinchi oʻgʻli Horun ar-Rashid akasidan farqli oʻlaroq, onasining davlat ishlaridagi ishtirokiga qarshi bo‘lmagan. Aksincha, onasining siyosiy ishtirokini ochiq tan olgan va omma oldida maslahatiga amal qilib, davlatni onasi bilan birga boshqargan[1]. Horun ar-Rashid Xayzurandek qobiliyat va imkoniyatga ega boʻlgan ayol bilan kuchini baham ko‘rishdan uyalishiga hech qanday asos yo‘qligini g‘urur bilan ta’kidlagan[1].

Xayzuran qaysi masalalarda siyosatini kuchaytirgani haqida aniq aytish qiyin bo‘lsa-da, xalifalik siyosatini shakllantiradigan qarorlar qabul qilishda ishtirok etgani e’tirof etiladi. Bu davrda Xayzuran xalifalikdagi barcha vakolatlarini saqlab qolib, amalda xalifa oʻrniga hukmronlik qildi. Shuningdek, oʻzining oʻgʻli ustidan keng koʻlamli hokimiyatini eski va mashhur „onaning haqqi — Xudoning haqqi“ degan naql bilan qonuniylashtirdi[1].

Tarixiy manbalarda Xayzuranning siyosiy yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Biroq, uning nomidan tangalar zarb qilingan, saroylarga nomi berilgan va Abbosiylarning keyingi hukmdorlari dafn etilgan qabriston ham Xayzuran nomi bilan atalgan. Bularning barchasi uning nafaqat mavqeidan, balki fuqaroviy jihatdan olib qaraganda boyligidan ham dalolat beradi[6].

Xayzuran 789-yilda vafot etganida, oʻgʻli qaygʻurmaslikni talab qiladigan qoidalarni buzib, oʻz qaygʻusini oshkora namoyish qildi. Horun ar-Rashid onasining dafn marosimida qatnashgani koʻpchilikning eʼtiborini tortdi[1].

Xayzuran ikki xalifa Al-Hodiy va Horun ar-Rashidlarning onasi edi[7]. Yana Iso ismli oʻgʻli[8] va Banuqa yoki Banuja ismli qizi ham boʻlgan[9]. Makkada tugʻilib, Jurashda ulgʻaygan[10]. Salsal[11] va Asma[8] ismli ikki singlisi va Gʻitrif ismli ukasi boʻlgan[11]. Al-Mahdiyning sevimli xotini boʻlgan[12].

Gʻitrif ibn Atta ismli ukasi boʻlib, Gʻitrifning Ubayda va Aziza ismli ikki qizi Xayzuranning ikki oʻgʻli Muso va Horunga turmushga chiqishgan. Shu tariqa ikki jiyanini oʻziga kelin qilgan.

No. Oila aʼzosi Qarindoshligi
1 Al-Mahdiy Eri
2 Musa al-Hodiy Oʻgʻli
3 Horun ar-Rashid Oʻgʻli
4 Isa ibn al-Mahdiy Kichik oʻgʻli
5 Banuqa binti al-Mahdiy Qizi
6 Lubaba binti Jaʼfar Kelini
7 Ubayda binti Gʻitrif Kelini
8 Zubayda binti Jaʼfar Kelini
9 Aziza binti Gʻitrif Kelini
10 Ummu Muhammad Kelini

Koʻplab adabiyot tarixchilari Xayzuran va uning kuchli shaxsiyati „Ming bir kecha“ asarining bosh qahramoni Shahrizoda shaxsiyatiga asosiy taʼsir koʻrsatuvchi boʻlgan, deb hisoblashadi. Horun ar-Rashid va uning saroyi asardagi koʻpgina hikoyalar uchun ilhom manbai boʻlgan.

Xayzuran xalifalik tarixida birdan ortiq xalifaning onasi boʻlgan (ikki xalifaning onasi) ikkinchi va oxirgi ayoldir. Birinchi ayol Umaviy xalifalar Al-Volid I va Sulaymonlarning onasi boʻlgan Vallada edi.

  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 1,13 1,14 1,15 1,16 1,17 1,18 Mernissi, Fatima; Mary Jo Lakeland (2003). The forgotten queens of Islam. Oxford University Press. ISBN 978-0-19-579868-5.
  2. Bobrick, Benson. The Caliph's Splendor: Islam and the West in the Golden Age of Baghdad. Simon & Schuster, 2012 — 20-bet. ISBN 978-1416567622. 
  3. Bobrick, Benson. The Caliph's Splendor: Islam and the West in the Golden Age of Baghdad. Simon & Schuster, 2012 — 23-bet. ISBN 978-1416567622. 
  4. El-Azhari, Taef. Queens, Eunuchs and Concubines in Islamic History, 661–1257. Edinburgh University Press, 2019. JSTOR, www.jstor.org/stable/10.3366/j.ctvnjbg3q. Accessed 27 Mar. 2021.
  5. Eleanor Abdella Doumato (2009). "Seclusion". in John L. Esposito. The Oxford Encyclopedia of the Islamic World. Oxford: Oxford University Press. Archived from the original on 2021-03-06. https://web.archive.org/web/20210306013759/http://www.oxfordislamicstudies.com/article/opr/t236/e0713. <!--->
  6. Verde, Tom. 2016. "Malik I: Khayzuran & Zubayda". Saudi Aramco World. January–February 2016. Vol. 67, no. 1, page 44.
  7. Abbott 1946, s. 24.
  8. 8,0 8,1 Abbott 1946, s. 31.
  9. Abbott 1946, s. 32.
  10. Abbott 1946, s. 26.
  11. 11,0 11,1 Abbott 1946, s. 29.
  12. Abbott 1946, ss. 26, 20.
  • Ibn Kasir, Al Bidoya va al-Nihoya
  • Al-Thahbi, Sirat Alam al-nubala
  • Al-Zarkali, Al-Alam
  • Ahmad Khalil Juma, Nesaa min al-tarikh
  • Verde, Tom. 2016. "Malik I: Khayzuran & Zubayda". Saudi Aramco World. January–February 2016. Vol. 67, no. 1, pages 42–45.
  • Zaynab Husayan, Majaam Alam ak-nesaa
  • Abbott, Nabia. Two Queens of Baghdad: Mother and Wife of Hārūn Al Rashīd. University of Chicago Press, 1946. ISBN 978-0-86356-031-6.