Kontent qismiga oʻtish

Bogʻlov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bogʻlov — singan, chiqqan, lat yegan, tirnalgan, yorilgan, jarohatlangan aʼzolarni ifloslanish va boshqa taʼsirlardan saqlash, shuningdek gavdaning biror qismini qimirlamaydigan qilib qoʻyish va bosib turish uchun qoʻllaniladigan vosita. B.lar qattiq va yumshoq hamda oddiy va murakkab boʻladi. Mahkamlovchi, bosuvchi, taxtakachlovchi (qarang Immobilizatsiya), qotiruvchi (qarang Gips bogʻlov) va shina B.lar bor. Mahkamlovchi B.ning plastirli, yelimli va bintli turi koʻp ishlatiladi. B.lar boshoqsimon, sakkizsimon, spiralsimon va h.k. shakdda boʻladi. Ular jarohatni toza saqlash, yara seli va yiringni shimish, shikastlangan toʻqimaga shifobaxsh taʼsir koʻrsatish, infeksiyaga qarshi kurashish maqsadida ishlatiladi. B. tayyorlashda turli bogʻlov materiallaridan foydalaniladi. Dokadan salfetka, bint va tamponlar tayyorlanadi. Yaraga bevosita bogʻlanadigan B. materiallari sterillangan boʻlishi lozim (qarang Antiseptika, Aseptika). Gigroskopik boʻlmagan paxtani isituvchi kompresslarda ishlatish, shina ostiga qoʻyish yoki gips B.da qoʻllash mumkin. Sterillangan va sterillanmagan B. materiallari: salfetka, bint, paxta oʻrami, bogʻlov paketa va boshqa dorixonalarda sotiladi.[1]

Manbalar

  1. "Bogʻlov" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil