Tohir Toʻxtaxoʻjayev
Tohir Toʻxtaxoʻjayev (1918.29.12 Toshkent — 1976.24.5) — naqqosh, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1968). Usta O. Qosimjonovning shogirdi. Toshkent badiiy oʻquv ishlab chiqarish kombinatida naqqoshlik sirlarini oʻrgangan (1938). Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Moskvadagi Butunittifoq qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi Oʻzbekiston pavilonini usta Yo. Raufov bn birgalikda bezab, oʻzining mahoratini namoyish qildi (1953). 1946-yildan Toshkent badiiy (keyinchalik Respublika rassomlik) bilim yurtida oʻqituvchi. Toʻxtaxoʻjayev ijodiy faoliyatida anʼanaviy naqshlarni oʻziga xos tarzda qoʻllab, uni yangi ranglar uygʻunligi bn boyitdi. Toʻxtaxoʻjayev xontaxta, kursi, quticha va boshqa buyumlarga nafis naqshlarni jozibali ishlagan, shuningdek, binolarni islimiy va handasiy naqshlar bilan bezagan, meʼmoriy obidalar (jumladan, Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyi, Sitorai Mohi Xosa saroyi va boshqa binolar)ni taʼmirlashda qatnashgan. Toʻxtaxoʻjayev yaratgan jozibali sanʼat buyumlari respublika va xorijiy mamlakatlar (Germaniya, AQSH, Kanada va boshqalar)da uyushtirilgan koʻrgazmalarda namoyish etilgan hamda yuksak baholangan; ishlaridan namunalar resp. va xorijiy mamlakatlar muzeylari va toʻplamlarida saqlanadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |