Rabodxoʻja qoʻrgʻoni
Rabodxoʻja qoʻrgʻoni, Rabodi Xoja — qad. istehkom. Samarqandning janubi-sharqida, Zarafshon daryosining chap sohilida, Dargʻom kanalining bosh toʻgʻoni yonida barpo etilgan. Ilk oʻrta asrlarda u "Varqsar" ("Toʻgʻonboshi") nomi bilan mashhur boʻlgan. Rabodxoʻja qoʻrgʻonining saqlanib qolgan tashqi devori qoldigʻiga qaraganda, qoʻrgʻonning uz. 600 m, kengligi 300 m va maydoni 18—20 ga, uchta darvozasi boʻlgan. Rabodxoʻja qoʻrgʻoni muhim strategik ahamiyat kasb etgan. Tabariyning yozishicha, xalifalikka qarshi Samarqandda koʻtarilgan qoʻzgʻolonni bostirish uchun Xuroson noibi Xuzayna 721 yil Rabodxoʻja qoʻrgʻoniga xujum qilib, Dargʻom kanalini bogʻlashga harakat qilgan. Biroq, soʻgʻdiylar koʻrgʻonni qattiq mudofaa etganlar. 736 yil Xuroson noibi Asad ibn Abdulloh ham Rabodxoʻja qoʻrgʻonini egallab, samarqandliklarni suvsiz qoldirishga uringan. Shu tufayli Rabodxoʻja qoʻrgʻonida qadimdan katta harbiy kuch saqlangan. Nasafiyning maʼlumotiga koʻra, 12-asrda Rabodxoʻja qoʻrgʻonida 4 ming suvoriy va 12 ming piyoda jangchi yashagan. 15-asrda Rabodxoʻja qoʻrgʻoni atrofida 40 mingga yaqin aholi istiqomat qilgan. Ularga Samarqand hokimi tomonidan Dargʻom kanalining bosh toʻgʻonini nazorat qilib turish va tuzatish topshirilgan boʻlib, bu xizmatlari uchun ular davlat tomonidan solinadigan xirojdan ozod etilganlar. Rabodxoʻja qoʻrgʻonida toʻgʻonchilar boshliqlaridan Abu Zakariyya Varaqsariy (844 yil) va Xoja Zakariyya Varaq (12-asr)lar dafn etilib, pishiq gʻishtdan maqbara bino qilingan. Shu bois bu qoʻrgʻon Rabodi Xoja nomi bilan shuhrat topgan.
Ad. Muhammadjonov A., Quyi Zarafshon vodiysining sugʻorilish tarixi, T. 1972. Abdulahad Muhammadjonov[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |