Pichan uni
Pichan uni — sunʼiy sharoitlarda yuqori haroratda quritilgan va maydalangan oʻtlardan tayyorlanadigan yem-xashak mahsuloti. Xona yoki ochiq joylarda shamolda quritilgan pichan poxolqirqqichlarda maydalanadi, keyin don tegirmonlari yoki yanchish mashinalarida tortiladi. Pichan uni sifati oʻtlar turi, oʻrib-yigʻish muddati va quritish usullariga bogʻliq. Eng yaxshi Pichan uni shonalash davrida yoki gullay boshlaganda oʻrilgan dukkakli oʻtlardan oli-nadi, oqsil, mineral moddalar, vita-minlarga boyligi jihatidan donli ozuqalardan qolishmaydi. Sebargadan tayyorlangan 100 kg Pichan uni da 70,2 ozuqa birligi va 8,3 kg hazm boʻladigan protein; xashaki loviyasuli aralashmasida 65,7 ozuqa birligi va 9,7 kg hazm boʻladigan protein bor. Pichan uni karotinga boy; karotin yaxshi saqlanishi uchun Pichan uniga antioksidantlar (santoxin va boshqa)qoʻshiladi. Choʻchqalar uchun aralash yem tarkibiga 10—15%, parrandalar uchun 3—5% Pichan uni qoʻshiladi. Vitaminlarni yoʻqotmasligi uchun Pichan unini bugʻlash yoki qaynoq suv bilan ishlov berish mumkin emas.[1]