Oʻzbek davlat sayyor konsert etnografik truppasi
Oʻzbek davlat sayyor konsert etnografik truppasi — Oʻzbekistonda ilk professional ashula va raqs ansambli. 1926-yil Oʻzbekiston xalq maorifi komissarligi qoshida M.Qoriyoqubov tashabbusi bilan va uning rahbarligida tashkil etilgan. Unda xalq sanʼati bilimdonlari hamda yosh isteʼdodli sozanda, xonanda va raqqos(a)lari toʻplangan. Ansamblning dastlabki tarkibida Abduqodir naychi Ismoilov, Ahmadjon qoʻshnay Umrzoqov, Usta Olim Komilov, Xaitoxun Qurbonov, T.Jalilov, Mamatbuva hofiz Sattorov, Orif garmon Toshmatov, J.Sultonov, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Otaxoʻja Saidxoʻjayev, Muhammad Bobohoji, Xuloyberdi, Tamaraxonim, Begimxon va Nurxon Yoʻldoshxoʻjayevalar, Tuhfaxon, Tojixon, Xalchaxon kabilar boʻlgan. Uning repertuaridan xalq lapar va yallalari ("Bilaguzuk", "Chamannor", "Gulyor"), raqslar ("Qarinavo", "Katta oʻyin"), zamonaviy shsr va qoʻshiklar, Yusufjon qiziqning dolzarb mavzudagi hajviyalari. shuningdek, turli sahna tomoshalari (mas. Hamzaning "Yer islohoti" va boshqalar) asosiy oʻrin olgan. Ansambl, shuningdek, oʻzbek mumtoz va xalq musiqa namunalarini targʻib qilgan, "Erk bolalari", "Tuygʻunoy" (Gʻ.Zafariy), "Lolaxon" (K.Yashin) kabi musiqali spektakllarni sahnalashtirgan. 1927-yil Rossiya, Ukraina, Tatariston, Boshqirdiston, Gruziya, Ozarbayjon, Turkmaniston shaharlarida konsertlar berib shuhrat qozongan. 1929-yil may oyida Oʻzbek davlat musiqali eksperimental ansambli nomi berilgan, oktabrda Oʻzbek davlat musiqali teatrita aylantirilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |