Kontent qismiga oʻtish

Assimilyatsiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Assimilyasiyadan yoʻnaltirildi)

Assimilyatsiya (lotincha: assimulatio – birikish, oʻzlashtirish, oʻxshatish) – (biologiyada) tirik organizmlar uchun xos boʻlgan moddalar almashinuvining bir tomoni, tashqi muhitdan olinadigan moddalardan organizm uchun zarur murakkab moddalar hosil boʻlishi. Assimilyatsiya – tiriklikning eng asosiy xususiyatlaridan biridir. Assimilyatsiya jarayonida organizmning oʻsishi, rivojlanishi va yangilanishida energiya manbai sifatida foydalaniladigan moddalar toʻplanishi ta’minlanadi. Termodinamika nuqtai nazaridan organizmlar ochiq sistema boʻlib, ularga tashqi muhitdan energiya kelib turadi. Tirik organizmlar uchun quyosh nuri dastlabki energiya manbai hisoblanadi. Yer yuzida uchraydigan barcha tirik organizmlar energiya manbalaridan foydalanish xususiyatlariga koʻra avtotrof va geterotrof guruhgaajratiladi. Faqat avtotroflar (yashil oʻsimliklar) quyoshning energiyasidan fotosintez jarayonida organik moddalar (uglevodlar, oqsillar, yogʻlar) sintez qilishi mumkin. Xemosin-tezlovchi mikroorganizmlardan tashqari barcha organizmlar (geterotroflar) tayyor organik moddalarni Assimilyatsiya qiladi, ya’ni ulardan energiya manbai yoki qurilish materiali sifatida foydalanadi. Assimilyatsiya jarayonida geterotroflar organizmida oqsillar dastlab aminokislotalargacha parchalanadi, ya’ni biologik individuallik xususiyatini yoʻqotadi, soʻngra har bir organizmning oʻzi uchun xos boʻlgan oqsillar sintezlanadi. Tirik organizmda uni tashkil etuvchi qismlarning yangilanishi parchalanish (dissimilyatsiya) va sintezlanish (assimilyatsiya) tufayli toʻxtovsiz davom etadi. Masalan, katta yoshdagi odam organizmida oqsillar taxminan 2,5 yil davomida toʻliq almashinadi. Assimilyatsiyaning institutensivligi va bu jarayonning dissimilyatsiyaga nisbati organizmlar turi hamda yoshiga bogʻliq. Assimilyatsiya organizmlar oʻsayotgan davrda, ya’ni yosh hayvonlar organizmida, oʻsimliklarning butun hayoti davomida jadal kechadi. Assimilyatsiya anabolizm jarayoniga oʻxshash, lekin undan oziqning iste’mol qilinishi va organizmda oziq moddalarning toʻplanishi, ya’ni hujayradan tashqarida boradigan jarayonlarni ham oʻz ichiga olishi bilan farq qiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil