Kontent qismiga oʻtish

Ringo Starr

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Ringo Starr

Ringo Starr 2019-yilda
Tavalludi
Richard Starkey

7-iyul 1940-yil (1940-07-07) (84 yosh)
Liverpul, Angliya
Fuqaroligi Birlashgan Qirollik
Kasbi
  • Musiqachi
  • qoʻshiqchi
  • qoʻshiqnavis
  • aktyor
Faoliyat yillari 1957–bugun
Turmush oʻrtogʻi
Bolalari 3 nafar, jumladan, Zak Starkey
Otasi Richard Henry Parkin Starkey
Onasi Elsie Starkey
Qarindoshlari Francesca Gregorini (oʻgay qizi)

Musiqiy faoliyati

Janrlar
Cholgʻular
  • Barabanlar
  • vokal
Leybllar
Guruhlari Ringo Starr & His All-Starr Band
Sobiq guruhlari
Veb-sayti ringostarr.com
Imzosi

Ser Richard Starkey (talaffuzi: Richard Starki) (1940-yil 7-iyulda tugʻilgan), Ringo Starr nomi bilan tanilgan, ingliz musiqachisi, qoʻshiqnavisi va aktyoridir. „The Beatles“ guruhining barabanchisi oʻlaroq xalqaro miqyosda shuhrat qozongan. Starr vaqti-vaqti bilan guruhning asosiy vokalchisi vazifasini bajargan. Xususan, deyarli har bir „The Beatles“ albomida Starr bitta qoʻshiqni kuylagan. „Yellow Submarine“ va „With a Little Help from My Friends“ qoʻshiqlari bunga misol boʻla oladi. Starr, shuningdek, guruhning „Don't Pass Me By“ va „Octopus's Garden“ qoʻshiqlarini yozgan va kuylagan, yana toʻrtta „The Beatles“ qoʻshigʻining hammuallifi oʻlaroq koʻrsatilgan.

Starr bolaligida hayotiga tahdid solgan kasalliklar bilan ogʻrigan, bir necha marta uzoq muddat kasalxonada davolangan. Oʻsmirlik chogʻida Buyuk Britaniyada ommalashgan skiffl janriga qiziqa boshladi. 1957-yilda oʻzining birinchi guruhi – „Eddie Clayton Skiffle Group“ guruhiga asos soldi. 1958-yil boshida skifflga qiziqish susayib, Amerika rok-n-roli ommalashguniga qadar Starrning ilk guruhi bir nechta nufuzli mahalliy tadbirga chaqirildi. 1960-yilda „The Beatles“ tashkil topganida Starr Liverpulda tuzilgan boshqa guruh – „Rory Storm and the Hurricanes“ guruhining aʼzosi edi. Guruh Buyuk Britaniya va Gamburgda kamtar muvaffaqiyatga erishdi. 1962-yilning avgust oyida Starr Pit Best oʻrniga „The Beatles“ guruhiga aʼzo boʻlish taklifini olgach, „Hurricanes“ guruhini tark etdi.

Starr bir necha „The Beatles“ hamda boshqa filmlarda rol oʻynagan. Guruh tarqalib ketganidan soʻng, bir nechta muvaffaqiyatli singllarni chiqardi, jumladan, AQSH xit-paradlarida eng yuqori oʻntalikka kirgan „It Doesn't Come Easy“ qoʻshigʻi va birinchi pogʻonaga koʻtarilgan „Photograph“ va „You're Sixteen“ qoʻshiqlarini. Buyuk Britaniyadagi eng muvaffaqiyatli singli „Back Off Boogaloo“ boʻlib, ushbu kompozitsiya mamlakat xit-paradida ikkinchi pogʻonagacha koʻtarildi. Starr 1973-yilda eʼlon qilgan „Ringo“ albomi tanqidchilar tomonidan yuqori baholandi va koʻp adadda sotildi. Albom Buyuk Britaniya va AQSHda albom xit-paradlarida eng yaxshi oʻntalikka kirdi. Starr, shuningdek, koʻplab hujjatli filmlarda suratga tushgan, telekoʻrsatuvlarni olib borgan, bolalar uchun moʻljallangan „Thomas & Friends“ dasturining dastlabki ikki seriyasini hikoya qilgan va bolalar uchun moʻljallangan „Shining Time Station“ telekoʻrsatuvining birinchi mavsumida „Janob Konduktor“ rolini oʻynagan. Starr 1989-yildan beri „Ringo Starr & His All-Starr Band“ guruhi bilan ijro etib keladi. Guruh yillar davomida 13 xil tarkibdagi turli musiqachilarni birlashtirgan.

Starr barabanlarni chalishda texnik qobiliyat oʻrniga asarni „his qilishga“ koʻproq urgʻu berdi. Bu esa koʻplab barabanchi oʻz chalish uslubini kompozitsiya nuqtayi nazardan qayta koʻrib chiqishiga turtki boʻldi. Shuningdek, Starr barabanlarni chalish usullariga taʼsir koʻrsatdi. Masalan, har ikki tayoqchani kaftni pastga qaratgan holda ushlash, barabanlarni pastroq sozlash va tonal halqalarda ovozni boʻgʻuvchi moslamalaridan foydalanish bunga misol boʻlad oladi[1]. Starrning fikricha, „The Beatles“ guruhining „Rain“ qoʻshigʻini yozib olishda barabanlarni eng yaxshi ijro etgan[2]. 1999-yilda Starr „Modern Drummer“ jurnalining shuhrat zaliga kiritildi[3]. 2011-yilda „Rolling Stone“ nashri obunachilari Starrni insoniyat tarixidagi beshinchi eng yaxshi barabanchi deb topdi. Starr ikki marta Rock and Roll Hall of Fame shuhrat zaliga kiritilgan: 1998-yil „The Beatles“ aʼzosi oʻlaroq, 2015-yilda yakkaxon ijrochi oʻlaroq[4]. 2018-yilda esa yillik „New Year Honours“ mukofotlash marosimida musiqa sanʼatiga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun ritsar-bakalavr unvonini oldi[5].

  1. Flans, Robyn „Ringo Starr“. PAS Hall of Fame. Percussive Arts Society. 2015-yil 7-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 6-iyul.
  2. Miles 1997, s. 280.
  3. „Modern Drummer's Readers Poll Archive, 1979–2014“. Modern Drummer. 2015-yil 21-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 10-avgust.
  4. „2015 Rock Hall inductees“. Radio.com. 2014-yil 17-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 16-dekabr.
  5. „Arise, Sir Ringo! Beatles drummer Ringo Starr receives knighthood“. NME (2018-yil 20-mart). 2018-yil 20-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 20-mart.