Kontent qismiga oʻtish

Zomin tumani

Koordinatalari: 39°57′36.0″N 68°22′44.4″E / 39.960000°N 68.379000°E / 39.960000; 68.379000
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Zomin tumani
Зааминский район



tuman
Tarkibida Jizzax viloyati
Maʼmuriy markazi Zomin
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi 127 400
Dinlar tarkibi musulmonlar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Zomin tumani xaritada
39°57′36.0″N 68°22′44.4″E / 39.960000°N 68.379000°E / 39.960000; 68.379000

Zomin tumani − Jizzax viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan (1962-yil 24-dekabrda Jizzax tumani bilan birlashtirilgan, 1964-yil 31-dekabrda qayta tuzilgan. Shimolda viloyatning Zarbdor tumani, gʻarbda Baxmal va Jizzax tumanlari, sharqda, shimoliy-sharqda Yangiobod tumani, janubiy-sharqda Tojikston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 2,87 ming km2. Aholisi 150 ming kishi (2010). Zomin tumanida 2 shaharcha (Dashtobod, Zomin) va 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Beshkubi, Gulshan, Duoba, Navoiy, Obihayot, Tinchlik, Toshkesgan, Istiqlol, Shirin, Yangi-hayot, Gʻallakor) bor. Eng yirik qishlogʻi Yom (jamolaar jam boʻlgan hidud).Yom mil.avl.gi asrlarda vujudga kelgan.

Zomindagi qishloq. Surat 1865−1872-yillar oraligʻida olingan.

Oʻrta asrlarda Jizzax viloyati hududidan Buyuk Ipak yoʻli oʻtgan. 1868-yilda Buxoro amirligining sharqiy hududlari Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan soʻng Rossiya imperiyasining Oʻrta Osiyo mulklari tarkibida maʼmuriy birlik − Zarafshon okrugi tashkil topdi.

Bu okrug tarkibiga Samarqand, Urgut, Panjikent, Kattaqoʻrgʻon, Chelak va Payshanba shaharlari hamda koʻplab qishloqlar kirgan. Zomin tumani Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kirgan.

1887-yil 1-yanvarda Zarafshon okrugi tugatilib, uning hududi yangi tashkil etilgan Samarqand viloyati tarkibiga kiritildi.

Bu viloyat 4 ta tumanga boʻlingan: Jizzax, Kattaqoʻrgʻon, Samarqand va Xoʻjand. Hozirgi Zomin tumani hududi Xoʻjand tumani tarkibida boʻlgan.

1918-yil 30-aprelda Samarqand viloyati hududi Turkiston Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibiga kirdi, 1924-yil 14-oktyabrda SSSR tarkibida Oʻrta Osiyoning milliy-hududiy chegaralanishi boʻlib oʻtdi. 1926-yil 29-sentyabrda Oʻzbekiston SSR Jizzax viloyati tarkibida Zomin tumani tashkil etilgan.

1962-yil 24-dekabrda Zomin tumani Jizzax viloyati tarkibiga kiritilib, 1964-yil 31-dekabrda uning tarkibidan chiqarilib, mustaqil viloyatga aylantirildi.

Zomin togʻ-oʻrmon davlat qoʻriqxonasi

Zomin tumanining shimoliy, markaziy va sharqiy qismi pasttekislik, janubiy -gʻarbiy qir-adir va togʻlardan iborat. Yer yuzasi shimoldan janubga tomon koʻtarilib boradi. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, quruq, qishi bir oz sovuq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi − 1,5°, iyulniki 32°. Yillik yogʻin 350-360 mm. Vegetatsiya davri 240 kun. Adir qismi qumtosh, qum, mergel, lyosslardan tuzilgan, usti chaqirtoshlar bilan qoplangan. Jarlar va yezda qurib qoladigan soylar bor. Bahorda soylar toʻlib oqadi. Shimoliy va markaziy adirlarning tuprogi lyoss ustida hosil boʻlgan boʻz, och boʻz, tipik boʻz tuproqlardan, janubiy qismidagi adirlar gipsli och boʻz tuproqlardan tarkib topgan. Tekisliklarda boʻz, qoʻngʻir tuproq. Tuman hududidagi Zominsoy daryosi, Achchisoy, Peshagʻarsoy, Uvolsoy, Turkman, Jaloir, Xoʻjamushkentsoydan sugʻorishda foydalaniladi. Ekin ekilmaydigan yerlarda shoʻra, shuvoq, yantoq, kovrak, oqquray va boshqa oʻsimliklar oʻsadi. Janubiy togʻli qismi (Turkiston togʻ tizmasida)da qalin archazorlar, tabiiy oʻrmonlar bor. 3. t.da Zomin togʻ-oʻrmon davlat qoʻriqxonasi, Zomin xalq bogʻi joylashgan. Yovvoyi hayvonlardan ayiq, boʻri, silovsin, chiyaboʻri, tulki, kiyik, arhar, qushlardan burgut, lochin, qirgʻovul, kaklik, oʻrdak yashaydi. Suv havzalarida baliq turi koʻp.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar. 2020-yilda aholi soni 165 100 kishiga yetgan[1]. 1 km2 ga 42 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar 28118 ming kishi (2018-yil 1-yanvar holatiga koʻra). Tuman aholisining aksariyati qishloq joylarda istiqomat qiladi. Tuman aholisining 93 foizdan ortigʻini oʻzbeklar tashkil qiladi. Oʻzbeklardan keyingi oʻrinda qirgʻizlar turadi. Shuningdek, qirgʻiz, rus, tatar, tojik va boshqa millat vakillari ham yashaydi[2].

Qishloq xoʻjaligida gʻallachilik va chorvachilik asosiy oʻrinni egallaydi. Tumanda shirkat, fermer, jamoa xoʻjaliklari, 2 oʻrmon xoʻjaligi mavjud. 197 ming gektar yerda dehqonchilik qilinadi. Gʻalla, poliz, sabzavot, yem-xashak ekinlari, kartoshka yetishtiriladi. Pichanzorlar, yaylovlar, tokzorlar va koʻchatzorlar bor. Qoramol, qoʻy-echki (shu jumladan qorakoʻl qoʻylari), ot, parranda boqiladi. 40 dan ziyod xususiy, 14 kichik korxona, 40 dan ortiq tijorat doʻkonlari faoliyat koʻrsatadi. 75 ta umumiy taʼlim maktabi boʻlib 30 mingga yaqin oʻquvchi taʼlim olmoqsa. Litsey, gimnaziya bor. 11 klub, 34 kutubxona, 385 oʻrinli 3 shifoxona, 8 qishloq davolash ambulato-riyasi, 6 qishloq vrachlik punkti, 5 dorixona, 94 maishiy xizmat koʻrsatish shaxobchasi, oʻlkashunoslik muzeyi ishlab turibdi. Tuman hududidan qadimgi Buyuk ipak yoʻli oʻtgan. Ustrushona, Zomin, Peshagʻar kabi tarixiy joylar, koʻhna qalʼa qoldiqlari, qadimiy qabristonlar saqlangan. 1933-yildan „Sharq tongi“ gazetasi chiqadi[3] (adadi hozirda 1000). Tuman hududidan Toshkent − Samarqand temir yoʻli oʻtgan. Zomin − Toshkent, Zomin−Jizzax, Zomin − Guliston kabi yoʻnalishlarda avtobus va taksi qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.[4]

Zomin milliy bogʻi

Oʻzbekistondagi eng yirik turistik infratuzilma tarmogʻi Zomin tumanida joylashgan. Tuman hududida koʻplab yozgi va qishki bolalar oromgohlari, alpinistlar bazalari, sport bazalari, dam olish maskanlari joylashgan.

Masalan, „Zomin“ sanatoriysi Markaziy Osiyodagi eng yirik va mashhur dam olish va sayyohlik markazlaridan biridir. Bu Zomin tumanining eng goʻzal goʻshalaridan birida − Turkiston tizmasining shimoliy yon bagʻrida (dengiz sathidan 2000 metr balandlikda), Zomin davlat togʻ-Archa qoʻriqxonasi hududida joylashgan[5].

Togʻ landshafti, toza havo va quyosh nuri − bularning barchasi nafas olish tizimi kasalliklari bilan ogʻrigan odamlar uchun iqlim-profilaktika va iqlim-terapevtik muolajalarni oʻtkazish uchun qulay sharoit yaratadi.

Zomin tumanida Ustrushona va Peshagʻar bilan bogʻliq tarixiy joylar (qadimiy shaharlar xarobalari, kam sonli meʼmoriy yodgorliklar, Zomin oʻlkashunoslik muzeyi) joylashgan.

  1. Permanent population of Jizzakh region as of July 1, 2020[sayt ishlamaydi], Republic of Uzbekistan Open Data Portal
  2. Этнический атлас Узбекистана 2002.
  3. „Sharq tongi“. Qaraldi: 2023-yil 2-sentyabr.
  4. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  5. „Zomin-O‘zbek Shveytsariyasi“. 2023-yil 2-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 2-sentyabr.
  • Этнический атлас Узбекистана (ruscha). Ташкент: «ИООФС — Узбекистан», 2002. ISBN 5-862800-10-7.