Yakkaxon qisqichbaqalar
Yakkaxon qisqichbaqalar, zohid qisqichbaqalar — oʻnoyoqlilar turkumiga mansub dengiz qisqichbaqasimonlari oilasi. Uzunligi 17 sm gacha. Qorin qismi yumshoq, qattiq xitin qoplagʻichsiz; qisqichlari va qorni koʻpincha asimmetrik tuzilgan. 450 ga yaqin turi bor, koʻpchilik dengizlarda uchraydi. Qorni asimmetrik. Yakkaxon qisqichbaqalar yumshoq qornini qorinoyoqli mollyuskalarning boʻsh qolgan chigʻanogʻiga, simmetrik qorinli Yakkaxon qisqichbaqalar esa qurakoyoqli mollyuskalarning konussimon chigʻanogʻi ichiga bekitadi. Yakkaxon qisqichbaqalar chigʻanoqni oʻzi bilan olib yuradi; xavf tugʻilganida butun tanasi bilan chigʻanoq ichiga kirib, yirikroq qisqichi bilan uning ogʻzini bekitib oladi (nomi shundan). Tanasi oʻsgan sari chigʻanogʻini boshqa katgarogʻi bilan almashtiradi. Yakkaxon qisqichbaqalarning aktiniyalar va marjon poliplar hamda dengiz halqalilari bilan simbioz yashashi koʻp uchraydi. Ular Yakkaxon qisqichbaqalarni dushmanlardan himoya qiladi yoki uning chigʻanogʻini tozalab berishi evaziga Yakkaxon qisqichbaqalar topgan oziqqa sherik boʻlishadi Yakkaxon qisqichbaqalar suv tubida loydagi organik qoldiqlar bilan ham oziqlanishi mumkin.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |