Quturish
Quturish – neyrotrop virus qoʻzgʻatadigan oʻtkir yuqumli zoonoz kasallik; tomir tortishishi, falajlik, hiqildoq va nafas muskullarining spazmi bilan kechadi. Quturish qadimdan maʼlum, uni suvdan choʻchish kasalligi deb ham atashgan (qarang Gidrofobiya). Fransuz olimi Lui Paster XIX asrning 2-yarmida quturish kasalligiga qarshi vaksina kashf etdi, shu sababli quturishga qarshi tadbirlarni amalga oshiradigan barcha muassasalar Paster stansiyalari deb yuritila boshlandi. Ularning faoliyati tufayli quturgan hayvon tishlaganidan soʻng vaqtida emlangan millionlab odamlar hayoti saqlanib qolindi. Qoʻzgʻatuvchisi quturishning yovvoyi virusi, u nerv hujayralarini tanlab jarohatlaydi. Virus sovuqqa chidamli, muzlatilganda uzoq saqlanadi. Tashqi muhitda, shuningdek, qaynatilganda, 3-5% li lizol, xloramin eritmalarida tez nobud boʻladi.
Kasallikning yashirin davri hayvonlarda 14-16 kun. Shundan keyin bezovtalik, yirtqichlik, xatti-harakatning oʻzgarishi, koʻp soʻlak ajralishi kuzatiladi. Hayvon hech narsa ichmay, yemay qoʻyadi. Soʻngra tomir tortishishi, falajlik boshlanib, hayvon oʻlib qoladi. Odamga quturish virusi kasal hayvon, asosan, it, mushuk va boshqa jonivorlar tishlaganida yoki soʻlagi teri yuzasiga tushganida yuqadi. Odamda quturish kasalligining yashirin davri 15 kundan bir necha oygacha (oʻrtacha 20— 30 kun) davom etadi. Quturgan it boʻyin, yuzni tishlaganda bu davr qisqaroq, oyoqni tishlaganda uzoqroq boʻladi[1].
Etiopatogenezi
tahrirKasallikning qoʻzgʻatuvchisi rabdoviruslar guruhiga mansub. U koʻpchilik issiqqonli hayvonlar uchun patogen boʻlib, bemor kasallik klinik belgilari boshlanishidan 7-8 kun oldin soʻlagi bilan virus chiqara boshlaydi. Shikastlangan teri orqali kirgandan keyin virus nerv stvollari orqali bosh miyaga etib boradi va unda shish, qon quyilishi va nerv hujayralarining degeneratsiyasini chaqiradi Virus soʻlak bezlariga tushadi va soʻlak orqali tashqi muhitga ajraladi. Quturish maxsus (spetsifik) ensefalitga oʻxshab kechadi. Bir necha oydan bir yilgacha choʻziluvchi inkubatsion davrdan (koʻpincha 20-90 kun) keyin boshlanadi. Inkubatsion davrning davomiyligi infitsirlanish dozasiga va jarohatning joylashuviga (miyaga uzoq yoki yaqinligiga) bogʻliq.
Klinik koʻrinishi
tahrirInkubatsion davrdan keyin kasallikning prodromal davri (davomiyligi 1-3 kun), bu vaqtda esa kuzatiladi: tishlangan joy shishadi, tishlangan joyga yaqin joylashgan nervlarda nevralgiya, umumiy madorsizlik, tana haroratining oshganligi, uyquning buzilishi. Keyin esa kasallikning avj olish bosqichi boshlanadi: suvdan qoʻrqish, tamoq va hiqildoq mushaklarining ogʻriqli qisqarishlari, baʼzan suv ichishga harakat qilganida nafasning toʻxtashi, keyinchalik esa oqayotgan suvni koʻrganda yoki ovozini eshitganda, yoki suv haqida gapirganda mushaklar qisqarishi. Xurujlar bir necha soniya davom etadi va soʻnadi. Shu jumladan psixomotor qoʻzgʻalish xurujlari kuzatiladi: bemorlar agressiv boʻlib qoladilar, baqiradi, mebellarni sindirib odamga xos boʻlmagan kuchlar ishlatadi.
Diagnostikasi
tahrirTishlangan jarohatning topilishi yoki hayvon soʻlagining shikastlangan teriga tushishi katta ahamiyatga ega. Odamda muhim belgilardan biri bu suvdan qoʻrqish, suv yoki ovqatlarni koʻrganda yutish mushaklarining spazmi yuz berishi tufayli bemorlar hatto bir stakan suv ham icha olmaydilar. Havoning bir ozgina harakati ham mushaklar qisqarishiga sabab boʻladi – aerofobiya. Soʻlak oqishining kuchayishi bunday bemorlarga xos belgilardan boʻlib, soʻlagi ogʻiz burchagidan doim oqib turadi. Diagnozni laboratoriyada tasdiqlash talab qilinmaydi.
Davolash
tahrirKasallikning belgilari boshlanganidan keyin bemorlarni qutqarib boʻlmaydi. Davolashning samarali usullari yoʻqligi bemorlar hayotini qutqarish muammosini tugʻdiradi. Bemorlar ahvolini engillashtirish uchun simptomatik muolajalardan foydalaniladi. Bemorlarni qorongʻi va tinch palatalarga joylashtiriladi. Harakat qoʻzgʻalishlarini toʻxtatish uchun sedativ vositalar buyuriladi, tutqanoq xurujlari kuraresimon vositalar yordamida bartaraf qilinadi. Nafas buzilishlarini trexeotomiya va sunʼiy nafas olish apparatiga ulash bilan bartaraf qilinadi[2].
Profilaktikasi
tahrirKuchuklarda quturishni yoʻqotish maqsadida daydi kuchuklar yoʻqotiladi. Kasal yoki gumonli kuchuk tishlagan odamlar jarohati tezlik bilan qaynatilgan iliq 20% li sovunli suvda yuviladi, keyinchalik esa 70% spirt yoki yodning spirtli damlamasi bilan ishlov beriladi. Iloji boricha tezroq vaksinatsiya oʻtkazilishi zarur. Bunda antirabik zardob yoki antirabik immunoglobulin jarohat devorlariga va atrof toʻqimalarga yuboriladi. Shuni bilish kerakki emlash kuchuk tishlaganidan keyin 14 kun ichida va qatʼiyan emlash qoidalari bilan qilinsagina samarali boʻladi, bu muddatdan keyin esa emlashning xojati qolmaydi. Quturishning oldini olish uchun xonadonda boqiladigan itlar roʻyxatga olinishi va profilaktik tarzda quturishga qarshi emlanishi lozim.