Flora
Flora (yangi lotincha fl ora, lotincha Flora — gullar va bahor xudosi; lotincha fl os — urug, fl oris — gul) — oʻsimliklarning muayyan hududda tarixan tarkib topgan taksonlari majmui. Flora muayyan geografik joyga taalluqli boʻlib, uning hozirgi tabiiy sharoiti, oʻtmishi bilan bogʻliq va u yer yuzidagi boshqa flora bilan ozmi koʻpmi munosabatda boʻladi. Bu jihatdan flora muayyan hududdagi oʻsimliklar jamoasidan (oʻsimliklar qoplamidan) farq qiladi. "flora" tushunchasi maʼlum hududdagi barcha oʻsimliklar taksonlarini oʻz ichiga oladi. Tuban va boshqa yuksak oʻsimlik turlari majmui, odatda, maʼlum sistematik birliklar bilan belgilanadi (mas, "sporali oʻsimliklar florasi", "suvoʻtlar florasi" va boshqalar). Florasi oʻrganilayotgan material hajmi maʼlum darajada ixtiyoriy boʻlib, tanlangan joyga bogʻliq (mas, Oʻzbekiston florasi, Kavkaz florasi, Zarafshon florasi va hokazo). Har bir florani bilish uning tur, turkum oila va boshqalarni aniqlashga, yaʼni flora inventarizatsiyasiga asoslangan. Inventarizatsiyaning barcha turlari maʼlum belgilariga koʻra flora elementlariga ajratiladi. Jumladan, geografik elementlar oʻzining geografik tarqalishiga koʻra oʻxshash, genetik elementlar esa genetik kelib chiqishi va joylashish tarixiga koʻra yaqin turlarni birlashtiradi. Flora yoshini tahlil qilish uning progressiv (kelib chiqish, joylashish vaqtiga binoan yoshi), konservativ va relikt elementlarni aniqlashga imkon beradi. Har qaysi floraning muhim belgisi uning sistematik strukturasi, yaʼni flora tarkibida turli sistematik guruhlarning birlashishidan iborat.
Biror hududdagi oʻsimliklar sistematik tarkibini yorituvchi yirik asarlar ham, odatda, "flora" deb nomlanadi. Koʻpincha floraga mazkur hududda keng tarqalgan madaniy oʻsimliklar ham kiritiladi, lekin botanika bogʻlari, oranjereyalarda oʻstiriladigan oʻsimliklar kiritilmaydi. Oʻsimliklar tushunchasi oʻrniga flora tushunchasining ishlatilishi notoʻgʻri.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |