Evolutsiya – biologiyada tirik organizmlarning tarixiy oʻzgarishi. Evolutsiyada tabiiy tanlanish taʼsirida mutatsiyalardan organizmlarning tashqi muhit sharoitiga moslanishiga olib keladigan belgilar va xususiyatlar kombinatsiyasi shakllanadi. Evolutsion oʻzgarishlar dastlab yoʻnaltirilgan oʻzgarishlar tarzida populyatsiyalarda namoyon boʻladi. Evolutsiyaning elementar omillari qatoriga mutatsiya va tabiiy tanlanish bilan birga populyatsiyalardagi individlar sonining oʻzgarib turishi va populyatsiyalarning alohidalanishi (qarang Genlar dreyfi), shuningdek, meyotik drayv (geterozigotalarning ajralishida genlar chastotasiga nisbatan tasodifan taqsimlanishning buzilishi) ham kiradi. Populyatsiyalardagi evolutsion oʻzgarish yangi turlarning hosil boʻlishiga (qarang Tur hosil boʻlishi) yoki turining oʻzgarishiga olib keladi. Evolutsiya sabablari, harakatlantiruvchi kuchlari, mexanizmlari, tezligi va uning umumiy qonuniyatlari evolutsion biologiya oʻrganadi. Baʼzan „Evolutsiya“ terminining filogenez termini sinonimi sifatida ham qoʻllanadi. „Evolutsiya“ soʻzi birinchi marta Shveysariya tabiatshunosi va faylasufi Sh. Bonne (1762) tomonidan embriologiyaga oid ishlarda qoʻllangan.

Biologiyada evolutsiya (lotincha: evolution – „avj olish“) atamasi ostida organizmlar guruhi ichidagi irsiy belgilardagi farqlar kelib chiqishi tushuniladi. Bu belgilar nasl qoldirish oqibatida ajdodlardan avlodlarga koʻchirulivchi genlar ifodalanishidir. Shu genlardagi mutatsiyalar oʻzgargan yoki yangi belgilar keltirib chiqarib, organizmlar orasidagi farqlarni paydo qila oladi. Yangi belgilar, shuningdek, organizmlar guruhlari yoki turlar orasida (gorizontal gen koʻchishi oqibatida) ham kelib chiqishi mumkin. Biologiyada, evolutsiya ushbu belgilarning tabiiy tanlanish yoki genetik dreyf oqibatida tayinli bir guruh ichida keng tarqalishi yoki aksincha, yoʻqolib ketishida namoyon boʻladi, deb qabul qilingan.

Tabiiy tanlanish yashab qolish va nasl qoldirish uchun foydali belgilarning saqlanib qolishi va yoyilishi, zararli belgilarning esa kamayishiga sabab boʻluvchi jarayondir. Bu hodisa foydali belgilarga ega organizmlarning nasl qoldira olishi qobiliyati kuchayib, shu belgilarning keyingi avlodlarga qoldirilishi tufayli yuz beradi. Koʻp avlodlar davomida belgilarning kichik, tasodifiy va omadli oʻzgarishlari oqibatida moslashuvlar roʻy berib, shu belgilarga ega organizmlar tabiiy tanlanadi[1]. Genetik dreyf esa irsiy belgilar chastotasida tasodifiy oʻzgarishlar hosil qiladi. Genetik dreyf oqibatida paydo boʻlgan oʻzgarishlar saqlanib qolishi berilgan individ yashab qolib, nasl qoldirish yoki qoldirmasligiga bogʻliq boʻladi.

Turlarning bir taʼrifi ularni oʻzaro qoʻshilib, nasldor avlod qoldira oladigan organizmlar guruhidir. Biroq, turlar oʻzaro koʻpayishdan xoli guruhlarga ajralganida, mutatsiya, genetik dreyf va yangi belgilarning tabiiy tanlanishi avlodlar davomida farqlar yigʻilishiga va yangi turlar paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. Organizmlar orasidagi oʻxshashliklar ular shunday jarayon orqali umumiy ajdoddan (yoki umumiy genofonddan) kelib chiqqanligidan guvohlik beradi.

Yerdagi turlarning vaqt oʻtishi bilan oʻzgargani 19-asr boshlaridayoq maʼlum boʻlsa-da, bu qanday qilib yuz bergani noaniq edi[2]. Evolutsiyaning tabiiy tanlanish vositasida roʻy berishi haqidagi nazariya shu oʻzgarishlar yuz berishi mexanizmini izohlab berdi; bu Charles Darwin va Alfred Russel Wallace tomonidan oʻrtaga tashlangandi va Darwinʼning 1859-yilda yozilgan Turlarning kelib chiqishi haqida kitobida yoritilgandi[3]. Bu nazariya odamlar ilohiy kuch tomonidan hayvonot olamidan ajratilganiga ishonuvchi diniy peshvolar qarshiligiga uchradi. 1930-larda Darwin tabiiy tanlanishi Mendel’ning nasldorlik nazariyasi bilan qoʻshilib, zamonaviy evolutsion sintez shakllandi; u evolutsiya birliklari (genlar) va mexanizmi (tabiiy tanlanish) orasida aloqa oʻrnatdi. Bu nazariya koʻp narsani izohlovchi va bashorat qila oluvchi boʻlib chiqib, zamonaviy biologiyaning asosiy tashkillashtiruvchi prinsipiga aylandi va Yerdagi hayot shakllari orasidagi farq va oʻxshashliklarni tushuntirib bera old. Evolutsiya eng avvalo insonlar va barcha tirik organizmlaring kelib chiqish tarixini oʻrganadi. Evolutsiya faqatgina tirik organizmlarda balki barcha narsalarni kelib chiqish jarayonini oʻrganadi.

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. Darwin's greatest discovery: design without designer, 2008-04-08da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2008-01-07
  2. Peter J. Bowler Evolution:The History of an Idea // University of California Press. — 2003.
  3. Charles Darwin On the Origin of Species // John Murray. — London, 1859. [1]

Havolalar

tahrir